Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:21

Rossiyaga borolmayotgan minglab o‘zbekistonlik Qirg‘izistonda ish izlamoqda


Yuzlab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari, shu jumladan, aholi zich yashaydigan Farg‘ona vodiysi ayollari har kuni ish qidirib qo‘shni Qirg‘izistonga o‘tadi.

O‘sh viloyatining Qorasuv tumanidagi “Do‘stlik” chegara punkti yaqinida erta tongdan o‘zbek muhojirlari to‘planadi.

Aynan shu yerda muhojirlar qisqa muddatli norasmiy ishlarga, ya’ni mardikorlikka yollanadi. Omadi chopmaganlar esa ish izlab Qirg‘iziston ichkarisiga yo‘l oladi.

“Erta kelganlar odatda tushgacha ish topadi. Qirg‘izistonda kuniga o‘rtacha 10-20 dollar ishlab topamiz. Bu – juda yaxshi! Ba’zida esa ish topolmay uyga quruq qo‘l bilan qaytamiz”, – deydi Andijon viloyatidan kelgan mardikor Oybek.

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik 130 dollarni tashkil qiladi.

Oybekning aytishicha, Qirg‘izistondagi o‘zbek muhojirlarining aksari pandemiya bilan bog‘liq sayohat cheklovi va chipta narxi yuqori bo‘lgani sababli Rossiyaga bora olmayotganlardir.

“Do‘stlik” chegara punktiga duradgor yollash uchun borgan qorasuvlik Sulton Aybashev Qirg‘izistonda o‘zbekistonlik ishchilarga talab kattagina ekanini aytdi.

“O‘zbekistonlik muhojirlar mahalliy ishchilarga qaraganda ancha arzon haq evaziga ishlashga rozi. Bundan tashqari, ular cidqidildan ishlaydi. Ular orasida malakali ishchilar ham talaygina”, – deydi S.Aybashev.

Ammo hamma ham bu holatdan mamnun emas.

Ba’zi qirg‘iz rasmiylarining aytishicha, O‘zbekistondan kelayotgan arzon ishchi kuchi mahalliy mehnat bozoriga bosimni kuchaytirmoqda va qirg‘iz ishchilarini siqib chiqarmoqda.

Qirg‘izistonning o‘zida ishsizlik inqirozi mavjud bo‘lib, pandemiya davrida u yanada kuchaydi.

Yaqinda AQShda joylashgan Xalqaro respublika instituti o‘tkazgan so‘rovda Qirg‘izistondagi respondentlarning qariyb 60 foizi ishsizlikni mamlakat oldida turgan eng jiddiy muammo deb ko‘rsatgan edi.

“Biz birinchi navbatda o‘z fuqarolarimizni ish bilan ta’minlashimiz kerak. Aholining eng zaif qatlami vakillari bizga ish so‘rab murojaat qiladi. Ayni paytda bizning qurilish maydonlarimizda ko‘plab o‘zbekistonliklar ishlamoqda”, – deydi O‘sh viloyati bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza etish boshqarmasi boshlig‘i Oroz Sheripbayeva Ozodlik bilan suhbatda.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, Qirg‘izistonda 2020 - yilda 6,5 million aholining 157 mingga yaqini ishsiz o‘laroq ro‘yxatga olingan. Ammo ishsizlarning haqiqiy soni qariyb 500 ming ekani aytiladi.

Marhamat, davlatga soliq to‘lashsin!

“Do‘stlik” chegara punkti rasmiylarining aytishicha, har kuni 300 ga yaqin o‘zbekistonlik, asosan Andijon turg‘unlari Qorasuvga o‘tadi.

Ularning juda oz qismi Qirg‘izistonga oilaviy tashrif bilan yoki diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish uchun keladi. Ko‘pchilik qora bozorda ish topish ilinjida sarhad oshadi.

Qirg‘izistonda o‘zbekistonlik qancha muhojir ishlayotgani ma’lum emas, chunki ularning aksari xususiy ish beruvchilar tomonidan norasmiy ravishda yollanadi. Ular uy qurish yoki ta’mirlash, eski binolarni buzish va boshqa og‘ir yumushlarga jalb qilinadi. Ayollar ko‘pincha uy ishlarini qiladi. Bundan tashqari, erkagu ayollar ekin-tikin ishlarini bajaradi.

Norasmiy mehnat bozorida daraxt kesish yoki bahorgi tozalash kabi bir necha soatlik ishlardan tortib qurilish yoki qishloq xo‘jaligiga doir bir necha haftalik ishlarga qadar taklif etiladi.

Ish beruvchi odatda yollanma mehnatkashlarni yotoq bilan ta’minlaydi. Chegaradagi qishloqlardan keladiganlar esa kechqurun uyiga qaytadi.

Tomonlar og‘zaki ravishda kelishadi. Ish haqi faqat naqd pulda to‘lanadi. Ishchi yoki ish beruvchi hokimiyatda ro‘yxatdan o‘tmaydi, demak, soliq ham to‘lamaydi.

Qirg‘iziston rasmiylari va jamoatchilik orasida noqonuniy mehnat sohasini tartibga solish, muhojirlar uchun majburiy ishlash ruxsatnomasi va daromad solig‘ini joriy etish chaqiriqlari yangrab keladi.

O‘zbekistonlik muhojirlar 2017 - yil sentabrda, ya’ni ikki davlat nazorat punktlarini qayta ochib, chegaradan o‘tish tartibi yengillaganidan keyin kichikroq miqyosda Qirg‘izistonga kela boshlagan.

Oradan bir yil o‘tgach, qirg‘iz deputati Kenjebek Bokoyev norasmiy ravishda ishlayotgan o‘zbek muhojirlari Qirg‘izistonga hech qanday foyda keltirmasligini aytdi. Deputat minglab qirg‘izlarni ishsiz qoldirayotgan muhojirlar qonuniy ravishda ishlashi va soliq to‘lashi kerakligini ham talab qildi.

Hammasi Rossiya chegarasi ochilishiga bog‘liq

Rossiya pandemiya bilan bog‘liq sayohat cheklovlarini bekor qilmaguncha, Qirg‘izistonda o‘zbekistonlik ishchilar soni o‘zgarmasligi tayin.

Rossiya 1 - aprel kuni o‘zbekistonliklarga o‘z eshiklarini ochdi, ammo ularga faqat uchoq orqali kirishga izn berildi.

Haftasiga atigi ikkita reys rejalashtirilgani sababli yoz oylaridagi reyslar chiptasi ham sotib tugatildi.

35 million nufusli O‘zbekistonda mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag‘ mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Rasmiy ishsizlik darajasi 2020 - yilda 13 foizni tashkil etdi. Ammo yuqori martabali mulozimlar ishsizlik ko‘rsatkichi aslida ancha yuqori ekanini tan olishadi.

O‘tgan yili, koronavirus pandemiyasi boshlanishidan oldin taxminan 6 million o‘zbekistonlik har yili mavsumiy ishlagani chet elga, asosan Rossiyaga safar qilayotgan edi.

Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, pandemiya arafasida haftasiga “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 87 ta samolyoti qatnagan. Mehnat mavsumi avji qizigan paytda Rossiyaning turli aviakompaniyalari tomonidan ham haftasiga qariyb 100 ta reys amalga oshirilgan.

Mehnat muhojirlari uchun eng ommabop va arzon variant yo‘l transportidir. Pandemiyadan oldin Toshkent va Andijondan Rossiyaning turli shaharlariga haftasiga 12 ta avtobus va 13 ta poyezd qatnayotgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, 2020 - yil mart oyida to‘xtatilgan poezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Ammo bu borada aniq sana e’lon qilinganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG