Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2022, Тошкент вақти: 02:38

Rossiyaga ketib, tirik qaytmaganlar. Ukrainada ikki qirg‘iz fuqarosi halok bo‘ldi


Ruslan Polotov.

Yaqinda Qirg‘izistonda Rossiya qo‘shinlari safida Ukrainaga qarshi urushib, halok bo‘lgan ikki fuqaro dafn qilindi. Qirg‘iziston qonunlari fuqarolarga boshqa mamlakatlarning harbiy mojarolarida ishtirok etishni taqiqlaydi. Shunga ko‘ra savol tug‘iladi: bu ikki qirg‘iz fuqarosi Ukrainada bo‘layotgan urushga qachon va qanday qilib borgan?

Ozodlik qirg‘iz xizmati olib borgan surishtiruvga ko‘ra, iste’fodagi militsiya mayori Amanbek Qurbonboyev Rossiya armiyasi tarafida urushib, 23-may kuni Donbassda yaralangach, gospitalga yotqiziladi. 8-iyunda u o‘sha jarohatlari oqibatida vafot etadi, so‘ngra jasadini vataniga olib keladilar. 13-iyun kuni Jalolobod viloyatining Aqsi tumanidagi Avletim qishlog‘ida Qurbonboyevga janoza o‘qildi.

Rossiyada istiqomat qiluvchi tug‘ishgan ukasi Urmatbekning so‘zlariga ko‘ra, Amanbek Qurbonboyev “Irkutskka ishlagani ketyapman”, degan. Urmatbek akasi jang qilish uchun Ukrainaga yo‘l olganidan keyinroq xabar topganini aytadi:

“Akam 27-mart kuni qo‘ng‘iroq qilib “Irkutskda patrul xizmatida ishlamoqchiman, bir ozdan so‘ng uchib ketaman”, degan edi. O‘shanda Ukrainaga jo‘nagan ekan. Aprelda gaplashganimizda Mariupol shahrida bo‘lganini so‘zlab berdi, u yerni juda xavfli dedi. Oziq-ovqatiga picha pul kerak ekan, yubordim. O‘shandan keyin anchaga dovur daragi bo‘lmadi. 17-mayda videaloqa orqali qo‘ng‘iroq qildi. Grozniyda ekan. “Ahmat polkiga yozildim, ertaga ikkinchi marta Ukrainaga uchaman”, dedi. Niyatidan qaytarishga urindim, ammo quloq solmadi. So‘ngra 29-may sanasida begona raqamdan sim qoqib, yaralanganini va Rostovda yotganini xabar qildi.

Darhol Moskvaga uchdim, u yerdan 30-may oqshomida Rostovga yetib bordim. Men kelganda u reanimatsiya bo‘limida ekan. O‘zi nafas ololmasdi. Uzuq-yuluq gaplashdik. U yerda 5-iyungacha bo‘ldim. Kuniga ikki-uch mahal yoniga kirardim. 23-may kuni Severodonetskdagi jang vaqtida akamga snayper o‘qi tegibdi. Besh soat jang maydonida yotgach, ikki askar bazo‘r olib ketibdi. So‘ngra Donetskka olib borib, olti marta amaliyot qilishibdi. 28-mayda Rostovga keltirishibdi, bu yerda yettita amaliyotni kechiribdi. Undan keyin Moskvadagi harbiy gospitalga o‘tkazishibdi va yana ikkita amaliyot o‘tkazishibdi. Akam 8-iyunda o‘ldi. Yaradorligida yordamlashib turgan Rossiya hukumati idoralari o‘lganidan so‘ng unga qaramay qo‘ydi. Biz talab qila boshlagach “tinch yurmasalaring jasadni bermaymiz”, deyishdi. Noiloj qoldik, akamning mayitini o‘z pulimizga olib keldik. Moskvada ishlaydigan vatandoshlar yordam berishdi. Uni kim, qachon urushga olib ketgan – hanuzgacha bila olmadim”.

Marhumning to‘ng‘ich akasi Smayilbek Ibraimovga ko‘ra, Amanbek olti farzandi bilan Bishkekda yashagan. Qarindoshlarini ko‘rgani Aqsiga u so‘nggi bor mart oyida kelganini va pul topish uchun AQShga ketish niyatida bo‘lganini aytadi:

“Amerikaga ketyapman, degandi. Vizani qanday olarkan, deb hayron bo‘ldik. Keyin Ukrainaga jo‘naganidan xabar topdik. Yaralanganidan so‘ng Urmatbek uning yonida bo‘lgan. Uchta o‘q yegan odam omon qolarmidi?

Amanbek militsiyaga 1999-yili kirgan. Ungacha IIV akademiyasida o‘qigan, AQShda malaka oshirgan. 2006-yilda Botkenga kirib olgan ekstremistlar guruhini yo‘q qilish amaliyotida qatnashgan. O‘shanda Amanbekni yarador komandirini jang maydonidan olib chiqqani uchun mukofotlashgan. Tartibli, hushyor va mulohazali odam edi. Ukamning farzandlari allaqachon katta bo‘lgan, hatto nevara ko‘rgan, butun oilasi uning yo‘liga ko‘z tikib turgandi. Nachora, yozug‘i shu ekan. Hayot to‘xtab qolmaydi. Endi oilasiga qiyin bo‘ladi. Ukam Rossiya manfaatlarini deb urushga kirdi. Rossiya bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi bu muammoni hal qilish kerak”.

Amanbek Qurbonboyev 1972-yil 1-avgustda Aqsi tumanining Avletim qishlog‘ida tug‘ilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u IIVning tezkor harakat qiluvchi maxsus otryadida xizmat qilgan. Botken voqealari ishtirokchisi, “Erdik” (Jasorat) medali bilan taqdirlangan. 2015-yilgi parlament saylovida “Zamandash” partiyasi nomzodlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Qirg‘iziston IIV hamda MXDQ iste’fodagi militsiya mayorining Ukrainadagi urushda halok bo‘lgani yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

“Ruslan o‘qimishli yigit edi”

Ma’lum bo‘lishicha, Ukrainadagi urushda Qirg‘izistonning yana bir fuqarosi o‘lgan – 38 yashar Ruslan Polotov. U 3-iyun kuni Talas viloyatining Uchqo‘rg‘on qishlog‘iga dafn qilindi.

Ukasi Islan Polotov aytishicha, uning Ukrainaga jo‘nab ketganidan qarindoshlari bexabar bo‘lganlar:

“Ikki yilcha burun Rossiyaga ketuvdi. Ukrainaga aynan qachon ketganini bilmayman. U yerga ko‘ngilli bo‘lib borgan. Lugansk viloyatining Rubejnoe shahrida halok bo‘libdi. Jasadini Moskvadan olib kelib, 3-iyunda tuproqqa qo‘ydik. U Qirg‘iziston fuqarosi edi, Rossiya pasportiga havasmand emasdi”.

“Akipress” axborot sayti ma’lumotiga ko‘ra, Ruslan Polotov 2003-2008-yillarda Moskva oliy umumqo‘shin bilim yurtini tamomlagan. Ingliz, turk tillarini bilgan. 2002-2003- yillarda Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi maxsus harbiy qismida xizmat qilgan. 2008-2010- yillarda ushbu harbiy qism komandiri bo‘lgan. Jangovar xizmatlari uchun bir necha bor taqdirlangan.

Oliy ma’lumotni 2013-2014-yillarda Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Boshqaruv akademiyasida olgan. O‘sha yillar Talas viloyati ma’muriyatida ishlagan, gubernator yordamchisi lavozimigacha ko‘tarilgan. 2015-yildan to Rossiyaga ko‘chib ketgunicha Talasda ARIS dasturi eksperti bo‘lib ishlagan.

Uylangan, ikki farzandi bor.

Polotov bilan ARIS dasturida birga ishlagan Baxtiyor Kamoldinov uni “o‘qimishli va taqvodor odam edi”, deb ta’riflaydi:

“Uni viloyat ma’muriyatida gubernator yordamchisi bo‘lib ishlagan paytlaridan beri yaxshi taniyman. Keyinchalik tanlovdan o‘tib, bizda ishlay boshladi. ARISda 2020-yil sentabrga qadar birga ishlaganmiz. Uni shtatlar qisqartirilganida bo‘shatishdi. Ruslan o‘qimishli yigit edi, rus va ingliz tillarini bilardi. Xodim sifatida juda talabchan, fikri ochiq va zamonaviy edi. Kunda besh mahal namoz o‘qishni kanda qilmasdi. Turli mavzularda juda ko‘p suhbatlashardik. Ruscha hujjatlarni tayyorlashda undan yordam so‘rardim. Oilaparvar odam edi”.

Украинага босқин: 113-кун I АҚШ Украинага яна 1 млрд долларлик ҳарбий ёрдам ажратади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:19 0:00

Qirg‘iziston qonunlariga ko‘ra, o‘zga mamlakat hududida harbiy to‘qnashuv yoki janglarda qatnashgan fuqarolar 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Shunga qaramay, Qirg‘iziston fuqarolari mojaroda ishtirok etayotgani haqidagi xabarlar peshma-pesh kelib turibdi. Ular orasida Ukraina tarafida urushayotganlar ham bor.

Avvalroq Ozodlikning qirg‘iz xizmati ukrain armiyasiga ko‘ngilli bo‘lib xizmatga kirgan va yaradorlarga yordamlashayotgan Dayirbek (ism o‘zgartirilgan) haqida hikoya qilgan edi.

Maqola chiqqanidan so‘ng ko‘p o‘tmay Qirg‘iziston MXDQ Ukrainadagi urushda qatnashganlikda gumon qilinayotgan bir fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Ukraina va Rossiya o‘rtasida urush boshlanganidan beri Qirg‘iziston o‘z betarafligini aytib kelmoqda.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 24-fevral sanasidan beri bu urushda avvalroq Rossiya fuqaroligiga kirgan uch qirg‘izistonlik halok bo‘ldi.

Fuqarolik jamiyati vakillari Rossiya fuqaroligiga kirgan ikki qirg‘izistonlikni dafn qilish marosimida Qirg‘iziston harbiylari hamda Rossiyaning "Kant" harbiy bazasidagi rus askarlari qatnashganini va ikki mamlakat bayroqlari ko‘tarilganini tanqid qilishgan edi.

Ayni chog‘da Amanbek Qurbonboyev hamda Ruslan Polotovning dafn marosimlariga faqat qarindoshlari va do‘stlari kelganlar, xolos.

XS
SM
MD
LG