Линклар

Шошилинч хабар
01 август 2021, Тошкент вақти: 22:03

Rossiyalik xakerlar amalga oshirgani aytilayotgan so‘nggi hujum ko‘lami noma’lum bo‘lib qolmoqda


Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, hujum ortida rus tilida so‘zlashadigan va «tovlamachi dastur» yordamida hujumlarni amalga oshirib kelayotgan REvil to‘dasi turibdi. Illyustrativ surat.

AQShlik kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar "rus tilida so‘zlashuvchi to‘da" deb atagan jinoyatchilar amalga oshirgan yirik «tovlamachi dastur» hujumi ko‘lami to‘liq aniqlangani yo‘q. O‘z tizimlari hujumga uchraganini oshkor qilayotgan shirkatlar soni oshib bormoqda.

4 - iyul kuni AQSh matbuoti kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar so‘zlariga tayanib bergan xabarlarga ko‘ra, 2 - iyul kuni kechqurun boshlangan hujum kamida 17 mamlakatda minglab tashkilotni nishonga olgan. Mutaxassislarning aytishicha, kiberjinoyatchilar hujum qurbonlaridan 45 000 dollardan 5 million dollargacha tovon to‘lashni talab qilishgan.

Dasturiy ta’minoti hujumga uchragan Kaseya AQSh shirkatining bosh direktori Fred Vokkola ham hujumga uchraganlar soni bir necha ming ekanini taxmin qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning aksariyati stomatologiya klinikasi, arxitektura shirkati, jarrohlik markazi va kutubxona kabi kichik bizneslardir. Shuningdek, hujumga uchraganlar orasida maktablar, davlat idoralari, sayyohlik agentliklari va buxgalteriya agentliklari ham bor.

Vokkola Associated Press agentligiga bergan intervyusida shirkat hujum uchun asos bo‘lgan zaiflik manbasini aniqlangani va zarar ko‘rgan mijozlarga iloji boricha tezroq tuzatish yuborishini aytdi.

Vokkola hujum tafsilotlarini ochiqlashdan bosh tortdi va hujum murakkabligi jihatdan misli ko‘rilmagan ekanini aytish bilan cheklandi.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, hujum ortida rus tilida so‘zlashadigan va «tovlamachi dastur» yordamida hujumlarni amalga oshirib kelayotgan REvil to‘dasi turibdi. Hujum AQShda Mustaqillik kuni bayrami munosabati bilan dam olish kunlari boshlangan bir kezda amalga oshirilgani bejiz emas. Hujumga uchraganlarning ko‘pi 5 yoki 6 - iyul kuni qayta ishga chiqqunicha hujumga uchrashganidan xabar topmaydi.

Federal qidiruv byurosi va AQSh Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi hujum bo‘yicha tergov olib bormoqda.

Prezident Jo Bayden AQSh razvedka agentliklariga tekshiruv o‘tkazishni buyurdi. Oq uyning kiber va rivojlanayotgan texnologiyalar bo‘yicha milliy xavfsizlik maslahatchisi o‘rinbosari Anne Neuberger 4 - iyul kuni Federal qidiruv byurosi va Ichki xavfsizlik departamenti «aniqlangan qurbonlar bilan aloqaga chiqib, milliy xavfni baholagan holda yordam ko‘rsatishishini» ma’lum qildi.

Hujumga uchragan shirkatlarning biri Shvetsiyadagi Coop oziq-ovqat tarmog‘idir. Shirkat 3 va 4 - iyul kunlari 800 do‘konining aksariyatini yopishga majbur bo‘ldi, chunki hujum ortidan do‘konlardagi kassa dasturi ishlamay qoldi. Shuningdek, Shvetsiyadagi dorixonalar tarmog‘i, yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i, davlat temir yo‘li va SVT jamoat telekanali ham hujumga uchragan.

Germaniyaning kiberxavfsizlikni nazorat qiluvchi federal tashkiloti bir necha ming mijoz bilan ishlaydigan IT shirkati hujumga uchraganini bildirdi, ammo shirkat nomini ochiqlamadi. Ikki yirik golland IT-shirkati ham hujumga uchragan.

«Tovlamachi dastur» hujumini amalga oshirgan xakerlar ma’lumotlarni shifrlash, tarmoqlarni falajlash orqali kompyuter tizimlarini qulflab qo‘yishadi va ularni qayta ochish uchun katta to‘lov talab qilishadi.

May oyida AQShda neft mahsulotlarini tashuvchi hamda go‘sht mahsulotlarini qayta ishlovchi shirkat «tovlamachi dastur» hujumiga uchragan edi. AQSh huquqni muhofaza qilish organlari quvur liniyasi ishi bo‘yicha to‘langan to‘lovning yirik qismini qaytarib olishganini bildirgan.

Hujumlardan bir oy o‘tib, Bayden Jenevada bo‘lib o‘tgan sammitda Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Rossiyada jazosiz ishlayotgani aytilayotgan kiberjinoyatchilar to‘dalariga qarshi chora ko‘rishga chorladi. Bayden Putinni agar tergov hujum ortida Rossiya hukumati turganini aniqlasa, AQSh bunga javob berishi haqida ogohlantirdi.

XS
SM
MD
LG