Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:14

Rossiyaning baxtsiz klubi: Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti


O‘tib borayotgan yil Rossiya yetakchiligidagi harbiy blok - Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) uchun mashaqqatli bo‘ldi.

Blok qo‘shinlari yanvar oyida Qozog‘istonda misli ko‘rilmagan siyosiy tartibsizliklarni bostirish uchun safarbar qilindi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev davlat to‘ntarishi urinishini to‘xtatib qolish uchun KXShT qo‘shinlari mamlakatga kiritilishini so‘radi.

Bundan oldin KXShT biror marta jamoaviy mudofaa mexanizmini ishga solmagan edi.

Oradan bir yil ham o‘tmay, Rossiyaning Ukrainaga agressiyasi fonida bir vaqtlar Yevrosiyoning NATOga javobi o‘laroq ko‘rsatilgan blok mushkul damlarni boshidan kechirmoqda.

Kremlning blokdagi besh hamkoridan birgina Belarus Rossiya 24-fevralda boshlagan asossiz agressiyasini dastaklab keladi.

Ayni damda, KXShTning Rossiyaga eng ko‘p qaram bo‘lgan ikki a’zosi – Qirg‘iziston va Armaniston tegishli ravishda Tojikiston va sobiq a’zo Ozarbayjon bilan chegaradagi zo‘ravonlik chog‘ida blok biror chora ko‘rmaganidan g‘azablandi.

O‘tgan hafta Qirg‘iziston o‘z hududida «Buzilmas birodarlik» nomi bilan 10–14-oktabr kunlari bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan KXShT o‘quv mashg‘ulotlarini bekor qildi.

Bundan avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) a’zolarining Sankt-Peterburgda prezident Vladimir Putinning 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishiga bormagandi.

Rus deputati Konstantin Zatulin Rossiya matbuotiga bergan intervyusida mashg‘ulotlarning bekor qilinganini haqida so‘zlar ekan, Qirg‘izistonni «o‘ynashishda» hamda «G‘arb sanksiyalaridan qochishga» urinishda aybladi.

Ammo Zatulin Qirg‘izistonning xatti-harakati na sanksiyalarga, na Rossiyaning Ukrainadagi harbiy muvaffaqiyatsizliklariga aloqadir emasligini yaxshi bilsa kerak.

O‘tgan oy Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlarda 100 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi yirik xususiy axborot agentliklari Dushanbening harakatlarini «bosqin» deya baholadi.

Qirg‘izistonliklar esa ijtimoiy tarmoqlarda chegaradagi to‘qnashuvlarda Moskva qo‘li borligini taxmin qilishdi. O‘sha paytda prezidenti Japarov bu fikrni keskin tanqid qildi.

Ammo 4-oktabr kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 70 yoshini nishonlayotgani munosabati bilan Putin uni «mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlagani uchun» nufuzli mukofot bilan taqdirlaganiga Bishkek tezkorlik bilan munosabat bildirdi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chingiz Kustebayev Facebookda «Tojikiston rahbariyati harakatlari yildan-yilga... Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikka putur yetkazib borayotgan bir paytda qanday mintaqaviy xavfsizlik haqida gap borishi mumkinligi qiziq», deb yozdi.

Kustebayev, shuningdek, Rahmon o‘tgan yili navbatdagi qonli chegara to‘qnashuvidan keyin Putindan mukofot olganini eslatdi.

Bishkekdagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti akademiyasi tadqiqotchisi Ayjan Sharshenova Ozodlik bilan suhbatda Putin Rahmonni mukofot bilan taqdirlaganidan keyin ko‘pchilik qirg‘izistonlik Kreml mojaroda bir taraf yonini bosayotganini xulosa qilganini aytdi.

10-oktabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Edil Baysalov qirg‘iz jamoatchiligi tojik qo‘shinlari bilan qirg‘iz tuprog‘ida harbiy mashg‘ulot o‘tkazilishini hazm qila olmasligini ta’kidladi.

Bunga qaramay, Baysalov Bishkekning KXShTga a’zoligi «mutlaqo buzilmas» ekanligini qo‘shimcha qildi.

KXShT tarixi 1990-yillar boshida tuzilgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga (KXSh) borib taqaladi. O‘shanda blokka hozirgi olti a’zo mamlakatdan tashqari Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston a’zo bo‘lgan. Ammo 2002-yilda KXSh KXShTga aylanganida bu uch mamlakat a’zolikdan chiqqan.

Markaziy Osiyoning eng yirik doimiy armiyasiga ega O‘zbekiston 2005-yilda blokka qayta qo‘shildi, biroq yetti yildan keyin yana chiqib ketdi. O‘tgan haftada Toshkent blokka a’zo bo‘lishni qayta ko‘rib chiqish niyati yo‘qligini ma’lum qildi.

Blokni tark etadigan navbatdagi mamlakatlar Armaniston va Qozog‘iston bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Ostona yanvar oyida KXShT harbiy aralashuvidan foyda ko‘rganiga qaramay, Ukrainadagi voqealarni chuqur xavotir bilan kuzatmoqda.

Qozog‘iston Rossiya bilan 7 644 kilometrlik umumiy chegaraga ega. Ayrim rus siyosatchilari Qozog‘iston Ukraina urushi masalasida neytral pozitsiyani tanlaganini tanqid qilib kelayotgani Ostona xavotirlarini yanada kuchaytirdi.

O‘tgan Moskva harbiy safarbarlik e’lon qilishi ortidan Ostona hatto Rossiya bilan chegarasi yaqinida mudofaa mashqlarini o‘tkazdi.

Ammo Qozog‘iston rasmiylari mamlakat blokda qolishini tasdiqladilar. 12-oktabr kuni mudofaa vaziri Ruslan Jaqsiliqov jurnalistlarga bergan intervyusida KXShT «inqiroz»ga uchraganini inkor qildi.

Ehtimol, a’zo mamlakatlar orasida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning blokdan eng ko‘p umidi so‘ngan.

O‘tgan oy Yerevan Ozarbayjon bilan shiddatli to‘qnashuvlar chog‘ida blok shartnomasining jamoaviy mudofaani tartibga soluvchi 4-moddasini qo‘zg‘atdi. Ikki mamlakat o‘rtasida 2020-yilda sodir bo‘lgan urushda Armaniston Tog‘li Qorabog‘ning bir qismi va unga tutash yetti tuman ustidan nazoratni yo‘qotgandi.

13–14-sentabr va 28-sentabr kunlari sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda jami 200 dan ortiq askar halok bo‘ldi.

Ammo Armanistonning yordam so‘rab qilgan murojaatiga hech qanday javob bo‘lmadi – KXShT mintaqaga qo‘shin yuborishdan bosh tortdi.

Sentabr oyi oxirida Pashinyan mamlakat blokdan chiqishi mumkinligi haqidagi savollarga to‘xtalar ekan,

«Buning teskarisini aytaman: KXShT Armanistondan chiqib ketish xavfi bor», – dedi.

Armanistonlik xavfsizlik bo‘yicha tahlilchi Leonid Nersisyan Ozodlik bilan suhbatda Yerevan blokdan chiqish keltirib chiqaradigan «salbiy oqibatlarini bartaraf etish yo‘lini topmasa», KXShTdan chiqishi dargumon ekanligini aytdi.

Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG