Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:57

Rossiyaning Qirg‘izistondagi bazasidan harbiylar "Ukrainaga jo‘natilgan"


Rossiyaning Bishkek tashqarisidagi Kant harbiy havo bazasi. 27-oktabr, 2013.
Rossiyaning Bishkek tashqarisidagi Kant harbiy havo bazasi. 27-oktabr, 2013.

Qirg‘iziston shimolidagi Rossiya aviabazasi joylashgan Kant shahri aholisi vakillari so‘nggi oylarda ushbu obyektdan yuzlab askar Ukrainadagi urushga jo‘natilganini aytishmoqda.

Kantliklardan biri Rossiyaning Tuva viloyatidan 300 ga yaqin shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar 2021-yil oxirida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishidan bir necha oy oldin Kant aviabazasiga joylashtirilganini aytdi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan Ozodlik suhbatdoshlarning ismlarini oshkor qilolmaydi.

Rossiya tomonidan qo‘shinlarning Kantdan Ukrainadagi front chizig‘iga ko‘chirilishi haqida hech qanday izoh berilmagan.

Ozodlik radiosi Rossiya aviabazasi hamda Rossiyaning Bishkekdagi elchixonasiga izoh so‘rab murojaat qildi, ammo hozircha javob olmadi.

Tuvadagi nodavlat tashkiloti va bir askarning bevasi Ozodlik bilan suhbatda noma’lum sondagi tuvalik harbiylar haqiqatan ham Kantdan Ukrainaga jo‘natilgani, ularning bir qanchasi janglarda halok bo‘lganini tasdiqladi.

Ukrainada urushayotgan rus askarlari orasida Rossiya tarkibidagi milliy respublikalar vakillari ko‘pligi aytiladi. Qozon, Tatariston.
Ukrainada urushayotgan rus askarlari orasida Rossiya tarkibidagi milliy respublikalar vakillari ko‘pligi aytiladi. Qozon, Tatariston.

"Novaya Tuva" nodavlat tashkiloti Kantga yuborilgan taxminan 30 yoshli tuvalik harbiy xizmatchining suratlarini taqdim etdi. Suratlardan biri Bishkekda olinganini taxmin qilish mumkin. Boshqa bir suratda esa, askar Kant shahrida ekanligi ko‘rinadi.

"Novaya Tuva" ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yozida Qirg‘izistondan Ukrainaga kamida 90 nafar tuvalik askarlar yuborilgan. Guruh vakilining Ozodlikka aytishicha, askarlar alohida ikki guruhda Ukrainaga jo‘natilgan. Ulardan kamida 10 nafari halok bo‘lgani va 20 ga yaqini yaralangani tasdiqlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 dan ortiq tuvalik askar jang qilishdan bosh tortgan va uylariga qaytgan.

Qirg‘izistonliklarning so‘zlariga ko‘ra, aviabazada dastlab bir necha o‘nlab tuvalik harbiy bo‘lgan, ammo 2021-yil oxirida ularning soni bir necha mingga yetgan. "Ular samolyotlardan parashyutda sakrab, harbiy tayyorgarlikdan o‘tishar edi", deydi kantliklardan biri.

Tuvalik harbiylar mahalliy aholiga shartnoma asosida harbiy xizmatga kelganliklarini aytishgan. “Tuvaliklar aviabaza hududiga joylashtirilgan bo‘lsa-da, ular bazaning asosiy kontingentiga kirmagan bo‘lishi mumkin. Aviabaza ichida tuvaliklar uchun alohida kazarma, oshxona va yuvinish xonalari bo‘lgan. Ularning jihozlari va qurollari ham alohida edi".— deya hikoya qiladi qirg‘izistonliklardan biri.

Mahalliy aholiga ko‘ra, tuvaliklar chodirda yashashgan.

Ozodlik bu ma’lumotlarni mustaqil tekshira olmadi.

Aholi vakillaridan birining Ozodlikka aytishicha, tuvaliklar “bahorda ham Kantda bo‘lgan”, biroq yaqin orada ularni ko‘rishmagan. U askarlar Kantni qachon tark etganini ayta olmadi.

Joriy yil iyun oyida olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida hech qanday chodirlar ko‘rinmagan.

Tuvada o‘rtacha oylik ish haqi taxminan 200 dollarni tashkil qiladi. Viloyat Rossiyaning eng qashshoq mintaqalaridan biridir. Bu esa ko‘plab tuvaliklar uchun shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni nisbatan yaxshi variantga aylantiradi.

"Novaya Tuva" vakilining so‘zlariga ko‘ra, Kantda xizmat qilayotgan tuvalik askar 21- iyun kuni nodavlat tashkilot bilan bog‘lanib, Ukrainaga borishni istamasligini aytgan.

Askar "Novaya Tuva"ga u va bir necha askarlar shartnomani bekor qilib, armiyani tark etishni xohlashlari, biroq harbiy komandirlar shartnoma Ukrainaga borgandan keyingina tugashi mumkinligini aytib, ularni qo‘yib yuborishdan bosh tortganini so‘zlab bergan.

Tashkilot vakilining aytishicha, harbiy qo‘mondonlik askarlarning pasportlarini olib qo‘ygan. Ammo ulardan to‘qqiz nafari iyun oxirida yolg‘ondan pochta bo‘limidan jo‘natma olmoqchiligini aytib, hujjatlarini qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Ular darhol Rossiyaga uchadigan samolyotga o‘tirib, 29-iyun kuni Tuvaga yetib kelishdi, deya xabar beradi “Novaya Tuva”.

Shu kuni ulardan bir qancha harbiy xizmatchilar Ukrainaning Lisichansk shahrida, shiddatli janglarda halok bo‘lgani xabar qilingan. O‘shanda Rossiya matbuoti 55 motoo‘qchilar brigadasining “jasur tuvalik harbiy xizmatchilari” orasida qurbonlar borligi haqida xabar bergan edi.

Ozodlik muxbiri Lisichanskda o‘ldirilgan tuvalik askarlardan birining bevasi bilan suhbatlashdi. U erining xuddi shu brigadada xizmat qilganini tasdiqladi. "U mart oyida vaqtinchalik xizmat uchun Qirg‘izistonga yuborildi. Uch oy o‘tgach, ular ta’tilda uyga qaytishlari kerak edi, ammo ularning ta’tillari bekor qilinib, hammasi Qirg‘izistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainaga jo‘natildi", dedi u. Uning eri 19- iyun kuni Ukrainaga yetib borgan va 26-iyun kuni o‘sha yerda halok bo‘lgan”.

O‘ldirilgan askarning ismi uning bevasi va ularning bolalari xavfsizligini ta’minlash maqsadida sir saqlandi.

Beva ayolning so‘zlariga ko‘ra, uning eri Ukrainaga majburan jo‘natilgan. “Askarlar Ukrainaga borishdan bosh tortish to‘g‘risida ariza yozgan, biroq ularning arizalari qabul qilinmagan”, dedi u.

“Bazaga kiraverishda 100 dan 150 tagacha mashinalar turar edi. Ammo Ukrainada urush boshlanganidan keyin u yerda faqat 20-30 tacha mashina bo‘ladi. Bazaga olib boruvchi yo‘lda ham harakat kamaygan", deydi kantliklardan biri.

Kant aholisi, shuningdek, aerodromda harbiy samolyotlar soni sezilarli darajada kamayganini ham ta’kidlagan.

"Urush endi boshlanganida biz har kuni turli samolyotlar ishtirokida mashg‘ulotlarni ko‘rar edik. Vertolyotlardan parashyutdan sakrab mashg‘ulotlar o‘tkazishardi. Baza juda faol edi. Hozir esa tinchib qolgan ".

“Samolyotlar ham deyarli ko‘rinmayapti”, degan kantliklardan biri

Ammo Qirg‘iziston harbiylari va rasmiylariga yaqin manbalarning Ozodlikka aytishicha, Rossiya aviabazasidagi parvozlar avvalgidek jadval asosida amalga oshirilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, ilk bor 2003-yilda ochilgan Kant aviabazasida 500 ga yaqin rossiyalik harbiy xizmat qiladi. 2017-yilda baza yana uchta Rossiya harbiy obyekti bilan yagona harbiy bazaga birlashtirildi.

XS
SM
MD
LG