Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:31

Rossiyaning Ukrainaga hujumi: Xitoy kim tomonda?


Vladimir Putin va Si Szinpin. Pekin, fevral, 2022.
Vladimir Putin va Si Szinpin. Pekin, fevral, 2022.

AQSh prezidenti Jo Bayden payshanba kuni Rossiyaning Ukrainaga hujumini qo‘llab-quvvatlagan har qanday davlat “yoppasiga qoralanishini” aytdi. Xitoy Moskvaning harakatlarini bosqinchilik deb atashdan bosh tortib, barcha tomonlarni vazminlikka chaqirdi.

Moskva Ukrainaga quruqlikdan, dengizdan va havodan hujum boshlagach, Ukraina Rossiya bosqinchilariga qarshi uch tomondan jang qilishiga to‘g‘ri keldi. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyin Ukrainaga bo‘lgan eng yirik hujum bo‘ldi.

Bayden Oq uyda jurnalistlarga ittifoqchilar bilan kelishilgan holda Rossiyaga qarshi yangi qattiq sanksiyalar haqida e’lon qildi. Shuningdek, Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xatti-harakatlari butun dunyo erkinligiga rahna solayotgani aytdi.

“Putin xalqaro maydondan yakkalanib qoladi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini zimdan qo‘llab-quvvatlagan har qanday davlat dunyo jamoatchiligi tomonidan qoralanadi”, deya Baydenning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Reuters agentligi.

"Xitoyni Rossiyani yakkalashga undamoqchimisiz?" degan savolga Bayden "Hozircha bu haqda izoh berishga tayyor emasman", deya javob qildi.

Baydenning ta’kidlashicha, Putinning harakati "dunyo kelajagi haqidagi dahshatli tasavvurlar, ya’ni davlatlar o‘zlari xohlagan narsani kuch bilan olishlari haqidagi taassurotlarni paydo qiladi".

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki "ayni hozirgi palla Xitoy ham har qanday boshqa davlat uchun tarixning qaysi tomonida turishini hal qiladigan payt" dedi.

Uning ta’kidlashicha, Entoni Blinken shu hafta xitoylik hamkasbi bilan Ukraina haqida gaplashgan va Bayden Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan “gaplashishga ochiq”ligiga ishora qilgan.

Ba’zi geosiyosiy tahlilchilarning aytishicha, Rossiyaning bu harakati Xitoyni Tayvanga nisbatan tajovuzkorlikka ruhlantirishi mumkin. Pekin Xitoyning bir qismi bo‘lgan va demokratik tarzda boshqariladigan Tayvan orolini kerak bo‘lsa, kuch bilan qaytarib olishga va’da bergan.

Baydenning Ukraina haqidagi bayonoti oldidan Xitoy tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xua Chunin “vaziyat nazoratdan chiqib ketishining oldini olish uchun barcha tomonlarni vazminlikka” chaqirdi, biroq Rossiya harakatlarini ta’rif bermagan.

"Bu Xitoy va siz g‘arbliklar o‘rtasidagi farqdir. Biz xulosa chiqarishga shoshilmaymiz", dedi u.

"Bosqin ta’rifiga kelsak, menimcha, Ukrainadagi hozirgi vaziyatga qanday qarash kerakligi haqida o‘ylab olish kerak. Ukraina muammosi o‘ta murakkab tarixga ega va bugungacha davom etib kelayotgan mojaro. Balki, bu hamma aytayotgan narsa bo‘lmasligi mumkin".

Ma’lum qilinishicha, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan gaplashgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Van Ukraina masalasi "murakkab" tarixga ega ekanligini aytib, Xitoy Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha "qonuniy xavotirlari" ni tushunishini yana bir bor ta’kidlagan.

Xalqaro ekspertlar Si Szinpin va Putin yaqin hamkorlikni rivojlantirgan bo‘lsada, Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlari tashqi siyosatga aralashmaslik prinsipiga ega Xitoyni noqulay ahvolga solib qo‘yganini aytmoqda.

“U o‘zining strategik mulohazasi va manfaatlaridan kelib chiqib, o‘z diplomatiyasi va strategiyasini mustaqil ravishda hal qiladi va amalga oshiradi”, dedi Xua Chunin.

Chorshanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Xitoy va Rossiyani yangi “chuqur noliberal” dunyo tartibini yaratish ustida hamkorlikda ishlayotganlikda aybladi va Moskvaning Ukrainaga nisbatan harakatlarini buning bir qismi sifatida ko‘rsatgan.

Reuters agentligiga ko‘ra, Vashington Xitoy kompaniyalari Moskvaga o‘rnatilgan eksport cheklovidan qochishga harakat qilsa, buning salbiy oqibatlariga duchor bo‘lishi haqida ogohlantirgan.

AQSh rasmiysi Rossiyaning xatti-harakatlari "boshqalar qatori Xitoy uchun ham xavf tug‘dirishini" aytdi. Rasmiy "Yevropadagi halokatli mojaroni qo‘llab-quvvatlash va o‘zi qadrlayotgan suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga qarshi chiqish Xitoyning manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi"- deya qo‘shimcha qildi.

Xua Yevropani o‘z tinchligini himoya qilish haqida o‘ylashga chaqirdi va ba’zi mamlakatlarni “ AQShga ergashib olovni alangalatishda” aybladi.

“Biz urushni avj oldiradigan har qanday harakatga qarshimiz”, dedi u.

"Tayvan Ukraina emas"

O‘tgan hafta Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson G‘arb davlatlari Ukraina mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bergan va’dalarini bajarmasa, dunyo miqyosidagi halokatli oqibatlar haqida ogohlantirib, Tayvan uchun ham xavf tug‘ilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.

Ammo Xitoy tashqi ishlar vazirligi chorshanba kuni Tayvan "Ukraina emas" va har doim Xitoyning ajralmas qismi bo‘lib kelgan, deya bayonot berdi.

Tayvanni o‘z hududi deb da’vo qilayotgan Xitoy so‘nggi ikki yil ichida o‘zini-o‘zi boshqaradigan orol yaqinida harbiy faollikni kuchaytirdi. Biroq Tayvan Ukraina inqirozi avj olgan bir pallada Xitoy kuchlarining noodatiy harbiy manevrlar o‘tkazgani haqida xabar bermagan.

Pekinda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xua Chunin Ukraina va Tayvan muammolari o‘rtasidagi har qanday bog‘liqlikni rad etdi.

“Tayvan Ukraina emas. Tayvan har doim Xitoyning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Bu shubhasiz huquqiy va tarixiy haqiqat", dedi u.

XS
SM
MD
LG