Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 22:24

Roza O‘tunbayeva prezident bo‘lganiga bir yil to‘ldi


O‘tunbayeva o‘z hukumati O‘sh qirg‘inini vaqtida to‘xtata olmaganini tan oldi.
O‘tunbayeva o‘z hukumati O‘sh qirg‘inini vaqtida to‘xtata olmaganini tan oldi.
Roza O‘tunbayeva Qirg‘iziston prezidenti lavozimini egallaganiga 27 iyun kuni bir yil to‘ldi. Sobiq Tashqi ishlar vaziri, diplomat va uzoq yillar muxolifat a‘zosi bo‘lgan O‘tunbayeva bir yil davomida mamlakat tarixidagi murakkab davrda hukumatga rahbarlik qildi.

Qirg‘iziston Prezidenti Qurmanbek Bakiyev 2010 yil aprelidagi xalq isyoni natijasida hokimiyatdan ag‘darilgach Roza O‘tunbayeva hokimiyat tepasiga keldi.

80 kishi nobud bo‘lgan, mingdan ortiq odam yaralangan aprel inqilobidan keyin 14 nafar muxolifat vakilidan shoshilinch tarzda tuzilgan muvaqqat hukumat sobiq tashqi ishlar vaziri, Qirg‘izistonning Vashington va Londondagi elchisi bo‘lib ishlagan Roza O‘tunbayevani vqatincha hukumat raisi etib sayladi.

O‘sha paytda O‘tunbayevaning asosiy vazifasi mamlakatda tinchlik va barqarorlikni, qonun ustuvorligini ta‘minlash va mamlakatning iqtisodiy inqirozga yuz tutishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat edi. Qirg‘izistondagi siyosiy partiyalar yangi hukumatdan o‘rin egallash uchun ayovsiz kurash olib borayotgan sharoitda buning uddasidan chiqish qiyin edi.

Muvaqqat hukumat a‘zolari orasida ichki kurash davom etayotgan bir paytda iyun oyida O‘sh va Jalolobod shaharlarida o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida etnik nizo ro‘y berdi.

Besh kun davom etgan qirg‘in paytida 400 dan ortiq odam, asosan o‘zbeklar o‘ldirildi va minglab odam yaralandi. Zo‘ravonliklar mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyatni yanada murakkablashtirdi.

O‘tunbayeva hukumati O‘sh va Jaloloboddagi zo‘ravonliklarni darhol to‘xtatish bo‘yicha tezkor chora ko‘ra olmadi. Bu fakt Qirg‘iziston junubidagi fojia yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan Kimmo Kilyunen boshchiligidagi xalqaro tergov guruhi hisobotida ham qayd qilindi.

Joriy yil mart oyida O‘shda jamoatchilik vakillari bilan uchrashgan O‘tunbayevaning o‘zi ham buni tan oldi.

- O‘tgan yil biz, muvaqqat hukumat sa‘yi-harakat qildi. Biroq biz (10 – 11 iyun kungi) yovuzliklarni to‘xtata olmadik. Chunki biz kuchsiz edik. Bizni kechiring,- deya bayonot berdi O‘tunbayeva.

Qirg‘izistonda 2010 yil 27 iyunda o‘tkazilgan referendumda aksar fuqarolar Roza O‘tunbayevaning mamlakat prezidenti lavozimini egallashini ma‘qulladi.

Qirg‘iziston janubidagi voqealardan keyin jabrlanganlar va ularning yaqinlari uchun adolatni qaror toptirish va ularning xavfsizligini ta‘minlash katta muammoga aylandi. Zo‘ravonliklar keltirib chiqarganlik aybi bilan asosan o‘zbeklar hibsga olinganiga qaramay, O‘tunbayeva o‘z tanqidchilariga xulosa chiqarishdan oldin, qo‘zg‘atilgan minglab jinoiy ish oxirigacha yetishini kutish lozimligini ta‘kidladi.

O‘tgan yilgi zo‘ravonliklar o‘chog‘i bo‘lgan O‘sh shahri hokimi Melis Mirzaqmatov yaqinda Qirg‘izistondagi “De-Facto” gazetasiga bergan intervyusida, agar Roza O‘tunbayeva va hukumati iste‘foga chiqmasa, O‘shda yana zo‘ravonliklar qaytarilishi mumkinligini yana bir marta qaytardi.

O‘tunbayeva o‘tgan yil avgustida Mirzaqmatovni lavozimidan chetlashtirishga urindi. Ammo buning uddasidan chiqa olmagan O‘tunbayevani ko‘pchilik zaif rahbar, deb atadi.

O‘tgan bir yil davomida qator ekspertlar va tahlilchilar Roza O‘tunbayeva yetakchiligidagi hukumat tarqalib ketishini bashorat qilgan edi. Biroq bunday bo‘lmadi.

Ko‘pchilik, o‘tgan yilgi aprel inqilobidan keyin hukumatni tarqalib ketmagani va etnik nizodan so‘ng mamlakat yaxlitligi saqlanib qolgani Roza O‘tunbayevaning eng katta yutug‘i degan fikrda.

O‘tunbayeva mamlakat konstitutsiyasini o‘zgartirib, Qirg‘izistonni parlament respublikasiga aylantirgani u erishgan yana bir katta yutuq, deya baxolanmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar Roza O‘tunbayevaning eng katta yutug‘i oldinda, demoqdalar. O‘tunbayeva kuz faslida o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida ishtirok etmaslik va Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib ko‘ngilli ravishda iste‘foga chiqishni va‘da qilgan.

Shu oy boshida Vyena shahriga tashrifi chog‘ida ham O‘tunbayeva va‘dasini yana bir marta qaytardi.

- Noyabr oyigacha biz prezidentlik saylovi o‘tkazamiz. Men prezidentlikdan iste‘foga chiqishim kerak. Bu gal men “hayr” deb hokimiyatni tark etish mumkinligini dunyoga ko‘rsatmoqchiman. Hokimiyatdan ketish mumkin. Markaziy Osiyoda shunday qilish mumkin va bu muhimdir,- deya bayon qildi Roza O‘tunbayeva.

Biroq yaqinlashib kelayotgan saylovlar O‘tunbayeva oldida turgan yana bir jiddiy sinov ekani aytilmoqda. Boisi ayrim siyosatchilar shimol va janub kartasini o‘ynashga harakat qilib, o‘tgan yilgi fojiali voqealar uchun O‘tunbayeva hukumatini ayblamoqda.

Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi o‘tkazilishiga olti oy qolganida Markaziy Osiyodagi birinchi ayol prezident oldida qator muammolar turibdi.
XS
SM
MD
LG