Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:17

Rublning qulashi va oziq-ovqat xavfsizligi. O‘zbekiston iqtisodi urush oqibatlariga tayyormi? 


O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi. Gazeta.uz fotosi.
O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi. Gazeta.uz fotosi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida mamlakat oziq-ovqat ta’minoti barqarorligini saqlash vazifasini qo‘ydi.

Avvalroq Mirziyoyev hukumatga O‘zbekistonning “ayrim savdo hamkorlari”ga qo‘llanayotgan sanksiyalar oqibatlarini kamaytirishga oid reja ishlab chiqishni topshirgandi.

Rossiya-Ukraina urushi juda ko‘p mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonga ham salbiy iqtisodiy oqibatlar olib kelishi mumkinligi iqtisodchilarda xavotir uyg‘otmoqda.

Garchi O‘zbekiston bozorlaridagi oziq-ovqat narxlarida hozircha keskin ko‘tarilish kuzatilmagan bo‘lsa-da, iqtisodchilar, urush bo‘layotgan davlatlarda eksport-import imkoniyatlari cheklanganini hisobga olib, ta’minotning boshqa manbalarini topish imkonini beradigan choralarni taklif qilmoqda.

Rossiya bilan Ukraina O‘zbekistonning muhim tashqi iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib kelgan.

O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkoriga aylangan. Moskva O‘zbekistonning tashqi savdo ko‘rsatkichlari bo‘yicha 5 yillik tanaffusdan so‘ng birinchi marta Xitoydan o‘zib ketgan.

Ukraina esa o‘tgan yili O‘zbekiston bilan tashqi savdo aylanmasidagi davlatlar o‘ntaligiga kirgan. Ukraina bilan O‘zbekistonning 2021-yil birinchi yarmidagi savdo aylanmasi 279 million AQSh dollarini tashkil etgan.

O‘zbekistonlik iqtisodchilar joriy yilda bu mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasi, urush sabab, keskin tushib ketishi kutilayotgani va bu O‘zbekiston iqtisodiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi haqida yozmoqdalar.

O‘zbekistonlik tadbirkor, “Korzinka.uz” savdo tarmoqlari asoschisi Zafar Hoshimov o‘zining Facebookdagi sahifasida Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaro O‘zbekiston iqtisodiyotiga va migrantlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligi yuzasidan mulohazalarini yozib qoldirdi.

Zafar Hoshimovning Feysbukdagi maqolasi.
Zafar Hoshimovning Feysbukdagi maqolasi.

Zafar Hoshimov so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadan, Ukraina hududi orqali, Ukraina va Boltiqbo‘yi davlatlarining portlaridan chiqib, Rossiya hududidan tranzit orqali kirib keladigan hamma narsa, bularning hammasi uchun muqobil va, ehtimol, qimmatroq yo‘llarni topishga to‘g‘ri keladi:

“Hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini beradigan barcha oziq-ovqat va iste’mol tovarlariga import bojlari va aktsiz solig‘ini bekor qilish lozim. Bu oziq-ovqat xavfsizligi masalasi va bozordagi narxlarning ko‘tarilishi hamda tanqisligini yumshatishning deyarli yagona yo‘lidir”.

Tadbirkorning yozishicha, O‘zbekiston Polьshadan olma, Moldovadan kartoshka, Boltiqbo‘yi davlatlaridan sut import qiladi. Bu mahsulotlar Rossiya, Belarus va Ukraina hududlari orqali quruqlikda tashib o‘tiladi. Endi bu tovarlar uchun muqobil yo‘nalishni o‘ylab topish iqtisodiy jihatdan imkonsiz bo‘ladi:

“Rossiya portlari orqali dunyoning turli davlatlaridan olib kelinadigan yuklar ham muammoga uchraydi: ko‘plab dengiz liniyalari (xalqaro dengiz yuk tashish kompaniyalarining kemalari) Rossiya portlariga yuk tashishdan bosh tortdi. Rossiya savdo kemalari esa Yevropa, Shimoliy Amerika, Yaponiya va Janubiy Koreya portlariga kira olmaydi.

Shu sababli, barcha dengiz yuklari Qora dengizga, Bosfor bo‘g‘ozi orqali va faqat Poti (Gruziya) portiga yoki Fors ko‘rfazidagi Bandar Abbos (Eron) porti orqali o‘tkaziladi. Ba’zi tovarlar uchun bu yo‘llar qimmatroq bo‘ladi, boshqalari uchun esa narx va vaqt tufayli butunlay to‘g‘ri kelmaydi. Ehtimol bu portlarda ularning o‘tkazuvchanligi tufayli tiqilinch va gavjumlik yuz beradi”.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegramdagi sahaifasida Zafar Hoshimovning bu posti unga judayam optimistik ruhda ko‘ringanini aytar ekan, O‘zbekistonni kutayotgan iqtisodiy bo‘hronlardan qo‘rqishini ta’kidlaydi:

“Qo‘rqamanki, ayrim islohotlar ortga qaytishi mumkin. Masalan donga davlat buyurtmasi yoki nazorat qilinadigen oziq-ovqat narxlari. Hammasi xalq uchun, inflyatsiyaga qarshi choralar deb taqdim etiladi. Afsuski, energetika islohotini yana keyinga qoldirishadi. Jur’at etishmaydi.

Qo‘rqamanki, byudjet defitsiti yanada kuchayadi, yo‘q daromadlar

kamaygani uchun emas, xarajatlar oshgani uchun. 3 foizlik defitsit qoidasini yarim yillikka yetmay bekor qilishadi. Yana tashqi qarz jalb qilishga urg‘u beriladi. Endi qimmatlashgan segmentdagi qarzlarni jalb qilishga o‘tiladi”.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Qurmanovning «Interfaks-Ukraina» agentligiga o‘tgan yilning sentabr oyida bergan ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainaning O‘zbekistonga eksportining asosiy qismini farmatsevtika, mashina va qurilmalar, metallurgiya, qoramol va go‘sht, shakar, qandolatchilik mahsulotlari, qog‘oz va karton, yog‘ kabi tovarlar tashkil etgan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga qariyb ikki hafta bo‘ldi.

Ukraina hukumati barcha eksport amaliyotini to‘xtatganini ma’lum qildi.

Farg‘onalik iqtisodchi Shuhrat Hamidovning aytishicha, urushning salbiy iqtisodiy oqibati O‘zbekistonda hozircha sezilgani yo‘q, ammo uning oqibatlari muqarrardir:

"Bugun ham bozorni aylanib keldim, narx-navolarda jiddiy bir o‘zgarish ko‘rmadim. Aksincha, go‘sht biroz pastlabdi, 65 ming so‘mga tushibdi. Un va moyning narxi ham o‘shanday. Lekin, menimcha, bu vaqtincha. Bu urushning iqtisodiyotimizga har tomonlama zarari bor. Garchi Rossiya bilan savdo munosabatlarida hozircha o‘zgarish kuzatilmagan bo‘lsa-da, ammo Ukrainadan bu yaqin orada tovar olmaymiz. Men shakar va kungaboqar yog‘ining narxi oshishini kutyapman. Shuning uchun ham prezident kecha videoselektorda oziq-ovqat xavfsizligi haqida bekorga gapirmadi. Kutib o‘tirmasdan shu tovarlarni boshqa mamlakatlardan oladigan muqobil yo‘llarini topish kerak”.

Iqtisodchining aytishicha, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga Rossiyaning keng yo‘l ochib bergani yaxshi bo‘ldi, ammo rubl qadrining kun sayin tushib borayotgani bu eksportning foydasini ham savol ostiga qo‘yadi:

“Avvalgi yillarda Rossiya har narsani bahona qilib, bizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizga taqiq qo‘ygan edi. Endi etik tor kelib, “zeleniy svet” dedi. Bizning dehqonu bog‘bonlar xursand, Rossiya bemalol bo‘lib qoldi, deb. Ammo bugungi kunda rubl “enasini ko‘ryapti”. Ular bizning mahsulotga dollar kursida rubl beradimi yoki mana shu rublning o‘zini olasan deydimi, bunisi hali qorong‘u. Shuning uchun bunga ham juda ham xomtama bo‘lmasligimiz kerak”.

Tadbirkor Zafar Hoshimov Ukrainadagi urush va Rossiyaga qarshi sanksiyalar zamirida O‘zbekistonda, bozorlarni va mahsulot turlarini, ham eksport, ham importni diversifikatsiya qilish, JSTga kirishni imkon qadar tezlashtirish va barcha davlatlar bilan erkin savdo shartnomalarini tuzish zarurligi haqida yozadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev global bozorlardagi narxlarning keskin tebranishini hisobga olib, ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash, eng avvalo, aholini yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish lozimligini aytgan.

G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Rossiya milliy valyutasi - rublning keskin qadrsizlanishi manzarasida O‘zbekiston Markaziy bankining rublni sotish va sotib olish bo‘yicha imtiyozli koridor belgilash qarori mustaqil iqtisodchilar tomonidan tanqid qilinmoqda.

Markaziy bank maqbul koridor Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlarning rubldagi yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida joriy qilinganini aytib, mamlakatdagi tijorat banklari rubl sotish va sotib olishga majburlanayotganini rad etgan. Ammo iqtisodchilarga ko‘ra, amalda rubl ko‘rayotgan zararlarning o‘zbek so‘miga yuklanishi xavfi saqlanib qolmoqda.

Jahon bankiga ko‘ra, Rossiyadagi inqiroz natijasida joriy yil O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 21 foizga kamayishi kutiladi. O‘tgan yili migrantlar yuborgan pullar 8 milliard dollardan ko‘proq yoxud O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 12 foizga chyaqinini tashkil etgan.

O‘zbekiston hukumati hozirgacha Rossiyadagi daromadlari keskin tushib borayotgan o‘zbek migrantlarini himoyalashga doir biron ma’nili rejani e’lon qilgani yo‘q. Shuningdek, ular ommaviy tarzda vatanlariga qaytgani taqdirda hukumat qanday choralar ko‘rishi ham noma’lum qolmoqda. Iqtisodchilarga ko‘ra, o‘tgan yillarda o‘zbek migrantlari uylariga yuborgan pullar mamlakat milliy valyutasini butkul qulashdan saqlab qolgan.

XS
SM
MD
LG