Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2021, Тошкент вақти: 22:22

“Ruhan ezadigan tartib-qoidalar”. Navalniy jo‘natilgani taxmin qilinayotgan koloniya haqida nimalar ma’lum?


Navalniy zaharlangani ortidan muolaja olgan Germaniyadan shu yil 17 - yanvarida Moskvaga qaytib kelishi bilanoq qo‘lga olingandi.

Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy Moskvadagi “Matrosskaya tishina” tergov hibsxonasidan Vladimir viloyatidagi koloniyaga jo‘natilgani ma’lum bo‘ldi.

Katta ehtimol bilan, bu Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasidir (ATK). Biroq Federal jazoni ijro etish xizmati (FJIX) bu ma’lumotni rasman tasdiqlagani yo‘q.

FJIX direktori Aleksandr Kalashnikov muxolifatchining hayoti va sog‘lig‘i xavfdan xoliligini aytish bilan cheklanmoqda.

Miting o‘tkazish qoidalarini bir necha marta buzgani uchun sudlangan jamoatchilik faoli Aleksandr Kotov 2-sonli ATKda bir yil “o‘tirgan”. Uning advokati Mariya Eysmont “Nastoyashchee Vremya” telekanaliga ushbu koloniyadagi qoidalar, uning qat’iy tartibdagi muassasa deb atalishi sabablari va rahbariyat almashganidan so‘ng koloniyada nimalar o‘zgargani to‘g‘risida o‘z bilganlarini so‘zlab berdi.

— Ayting-chi, bu koloniya haqida nimalar ma’lum, nega uni Rossiyadagi shart-sharoiti eng og‘ir koloniyalardan biri deyishadi?

— Sharoiti eng og‘ir koloniyalardan biri deyish qanchalik o‘rinli, bunisini bilmadim. Chunki 2-sonli ATK umumiy tartibdagi muassasa hisoblanadi. Ammo, rost, umumiy tartibli koloniyalar orasida yomon nom chiqargan.

Men himoya qilgan Konstantin Kotov bir yarim yillik muddatning bir yildan ko‘proq qismini o‘sha yerda o‘tkazgan. Uni ko‘rgani tez-tez borib turardim – koloniyaning ta’rifini eshitganimizdan so‘ng serqatnov bo‘lib qolgandik. U yerdagilar advokatlarni yoqtirishmaydi. Shunga qaramay, har hafta, ba’zan haftasiga ikki martalab qatnardim.

— “Advokatlarni yoqtirishmaydi”? Bu nima deganingiz, advokatni mijozi yoniga qo‘yishmaydimi?

– Garchi uchrashuvni oldindan kelishib olgan bo‘lsak-da, dastlabki oylar har borganimda meni darvoza tagida o‘rtacha besh soat kutishga majbur qilishardi. Atay kech kirgizishardi. Masalan, ertalab 10 da kelsam, 16:15 larda kirishga ruxsat berishardi –17:00 larda “ish vaqtimiz tugadi” degan bahona bilan meni quvib solish uchun. Ichkariga kirguncha qancha sarg‘ayganim bilan esa hech kimning ishi yo‘q edi, albatta.

Meni Konstantinning oldiga umuman qo‘yishmaganini eslolmayman. Kiritishardi, harqalay – ba’zan ko‘chada, qahraton sovuqda, ba’zan mahbus qarindoshiga ul-bul olib kelgan odamlarga to‘la tor-tanqis hujrada besh-olti soatlab mahtal qilgandan so‘ng. Hujradagi odamlar mening advokatligimni bilgach, teskari qarab olardilar.

“Bu koloniyada advokatlarni yoqtirishmaydi, biz o‘zimiznikiga advokat yollagandik. Koloniyadagilar buni bilishgach, qaytaga ahvoli battar bo‘ldi”, - deb aytishardi.

Hamkasblarimdan ko‘p eshitganman: koloniya ma’muriyati “noqulay” advokatdan qutulish uchun, mahbusga bosim qilib, undan advokatidan voz kechgani haqida tilxat olishadi.

Xudoga shukrki, Konstantin Kotov bilan bunaqa bo‘lmagan. To‘g‘ri, uni ham siquvga olmoqchi bo‘lishgan, mijozim mendan kamroq kelishni iltimos qilganida sezganman buni.

Darhol dedimki: “Azizim Kostya, qachon kelishni men o‘zim hal qilaman. Boshqa advokatlaring bilan birga. Kelmasligimizni qancha ko‘p so‘rasang, shuncha ko‘p kelamiz yoningga”.

Aleksey Navalniyning advokatlarini taniyman – ular mening do‘stlarim, men juda hurmat qiladigan hamkasblarim. Ular o‘z vazifalarini uddalashiga, inson qadr-qimmati hamda ushbu koloniyadagi holatni ochiqlash uchun biz va jamoamiz boshlagan kurashni davom ettirishlariga ishonchim komil.

Alekseyning juda kuchli shaxsligiga, o‘z taqdirini ongli ravishda tanlaganini bilishiga shubham yo‘q.

Yana bir gap. Koloniyaning hozirgi boshlig‘ini Muxanov deyishadi. U Konstantin Kotov etap bilan borishidan birmuncha avval lavozimga tayinlangan.

Aytishlaricha, uning davrida mahbuslarni yoppasiga do‘pposlash barham topgan, buning uchun uni ko‘klarga ko‘tarishadi. Oldingi rahbar davrida mahbuslarni urish, urganda ham arzimas bahonalar bilan, shunchaki ermakka do‘pposlash avjiga chiqqan ekan.

Bu haqda ko‘p kishilardan eshitganman, afsuski, ularning aksari bu gaplarni so‘zlarkan, hech qachon va hech qayerda ularning ismlarini tilga olmasligimni, matbuotga bildirmasligimni yolvorib so‘rashgan. Bunaqa qayg‘uli hikoyalardan ancha-munchasini eshitganim uchun ularning haqiqatligiga shubha qilmayman.

– Konstantin Kotov “bir mahbusning ikkinchisiga qo‘lqopini berib turishi ham jazolash uchun sabab bo‘la oladi”, degandi.

– Jazolashlari rost. Ammo men shafqatsizlarcha kaltaklash va qiynoqqa solish, odamni, shunchaki, mahbus bo‘lgani uchun har kuni urishlari haqida gapiryapman.

Va albatta, ruhiy bosim ham hamisha bo‘lgan. To Konstantin ushbu koloniyada ekan, uning rang-ro‘yida hamisha ruhiy bosim izlarini ko‘rardim.

Aksari mahbuslar u bilan gaplashmas ekan, taxminimcha, koloniya rahbariyati taqiqlagan – boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Tasavvur qiling, mahbus 50-60 chog‘li kishi bilan bitta barakda istiqomat qilsa yu, deyarli hech biri bilan so‘zlasha olmasa.

Ruhiy qiynoqning yana bir turi bor – mahbusni bo‘sh vaqtdan mahrum qilish. Bunda mahbus shunchaki o‘tirib xayol surish, yaqinlariga xat yozish, boshqalar bilan birga choy ichib, suhbatlashish kabi oddiy maishiy zavqlardan bebahra bo‘ladi.

Mahbuslarni birov chertmaydi, lekin qattiq ruhiy tartib-qoidalarga bo‘ysunib, chidab yuradi.

Kun bo‘yi tinim bilmaydi: o‘rin-to‘shagini tuzatadi, “o‘xshamasa” – qayta-qayta tuzataveradi, qayerga borsa saflanib boradi, boshliqlar bilan baland ovozda salomlashadi, ovozining boricha “Salom!” deydi, agar boshliqqa pastroq tuyulsa, yana ham qattiqroq baqirishga majbursan.

Bu gaplarni menga Kostya so‘zlab bergan. Eng oddiy, kundalik maishiy ishlar uchun ham o‘ziga vaqt ajratishdan benasib bo‘lish kishiga og‘ir botadi chog‘i, u boshida tushkun kayfiyatda yurardi. Bunaqa sharoitda yashash haqiqatda oson emas.

XS
SM
MD
LG