TikTok bosh direktori Ruminiyadagi prezident saylovida platforma roliga oid savollarga javob berishi uchun Yevroparlamentga chaqirildi. U yerda saylovning birinchi bosqichida mashhur tiktoker va ultrao‘ng qarashdagi siyosatchi Kelin Jorjesku g‘alaba qozongan.
Tadqiqotchilar ovoz berish kuni arafasida minglab feyk akkauntda yashirin faollik kuzatilganini aytishmoqda, deya xabar qildi Politico nashri. Prezident saylovida nomzod o‘laroq ishtirok etgan va ikkinchi bosqichga o‘tolmagan Ruminiya bosh vaziri Marchel Cholaku Jorjesku kampaniyasining TikTok tomonidan moliyalashtirib-moliyalashtirilmaganini tekshirish zarurligini bildirdi.
Politico qaydicha, Jorjeskuga partiya dastagi berilgan emas va so‘rovlar ham uning saylovchilar orasida reytingi balandligini ko‘rsatmagan – endilikda tadqiqotchilar butun diqqat-e’tiborlarini uning saylov arafasida TikTok platformasida olib borgan yirik kampaniyasiga qaratishgan. Tadqiqotchilar iddaosicha, TikTok “minglagan feyk akkauntlar oqimi”ni ko‘rgan bo‘lishi lozim.
“Biz TikTok bosh direktorini chiqish qilishga va uning platformasi Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni buzmayotganiga kafolat berishga chaqiramiz”, deya bildirgan Yevroparlament deputati Valeri Xayer.
TikTok Ruminiya saylovidagi o‘zining muhtamal roli haqida izoh berishdan bosh tortgan.
Xitoyning ByteDance shirkatiga qarashli TikTok platformasi Yevropa Ittifoqida ilk bor tanqidga nishon bo‘layotgani yo‘q. 2023-yili Fransiya prezidenti Emmanuel Makron TikTok'ni “aybsizday ko‘rina oladigan” va foydalanuvchilar orasida “haqiqiy qaramlik”ka sabab bo‘layotgan platforma deb atagan edi. Yevropa Ittifoqi platformaga hali biror marta yirik miqdorda jarima solmagan yoki sanksiya ham joriy qilgan emas.