Линклар

Шошилинч хабар
12 феврал 2025, Тошкент вақти: 16:48

Saida Mirziyoyeva JSTga a’zolik yuzasidan axborot berdi


JST bayrog‘i (illyustrativ surat)
JST bayrog‘i (illyustrativ surat)

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha 23 ta mamlakat bilan muzokaralarni yakunladi. Bu haqda Prezidentning yordamchisi Saida Mirziyoyeva Telegramdagi rasmiy sahifasida muxtasar hisobot e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 2024-yili JST ishchi guruhi ikkita muhim yig‘ilish o‘tkazdi. Bu O‘zbekistonga a’zolikning asosiy hujjati – Ishchi guruh hisoboti loyihasini tayyorlashga kirishishga imkon berdi. Qisqa vaqt ichida biznesni va raqobatni yanada shaffof qilish uchun 20 ta muhim qonun qabul qilindi.

O‘tgan yili mamlakat JSTga a’zolik bo‘yicha “katta qadam tashlagan”ini qayd etgan Saida Mirziyoyeva bu o‘zgarishlar “prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan qat’iy iqtisodiy islohotlar natijasi” ekanini urg‘ulagan.

“Tez orada tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun joriy yilda ham biz shu sur’atda davom etamiz. Bu mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirishi hamda o‘zbek biznesining mintaqaviy va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga kirib borishini ta’minlashi lozim”, deb yozgan S. Mirziyoyeva.

Ozodlik avval xabar qilganidek, o‘tgan yil noyabr oyida O‘zbekiston AQSH bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi.

Yil mobaynida Xitoy va Yaponiya kabi iqtisodiy gigantlar bilan ham o‘zaro bitimga erishildi.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni qariyb 15 yillik tanaffusdan so‘ng 2020-yil iyul oyida qayta boshlagan. Rasmiy Toshkent a’zolik jarayonini imkon qadar tezroq yakunlash niyatida ekanini bildirgan. Jumladan, 2024-yil 5-iyun kuni JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qilgan prezident Mirziyoyev O‘zbekistonning tez fursatda mazkur xalqaro tuzilmaga a’zo bo‘lish istagini urg‘ulagan.

2023-yil avgust oyida mamlakat qonunchiligini JST kelishuvlariga uyg‘unlashtirishga qaratilgan farmon qabul qilingan.

2024-yil oktyabrida mamlakatning texnik tartibga solish sohasidagi qonunchiligini xalqaro tashkilot talablariga moslashtirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

O‘zbekiston – JST bilan tashkilotning butun tarixi davomida eng uzoq muzokara olib borgan davlat. Muzokaralar boshlanganiga 31 yil to‘lmoqda.

JST a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo qoidalari bilan shug‘ullanuvchi yagona global xalqaro tashkilot hisoblanadi. Unga a’zolik raqobatbardoshlik va savdo hajmini oshirishga ko‘maklashadi.

XS
SM
MD
LG