Samarqanddagi sud ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan bloger va jurnalist Bahodur Hasanovni “mayda bezorilik”da ayblab, 10 sutkalik ma’muriy qamoqqa hukm qildi. Ozodlik tojik xizmatining yozishicha, Hasanovga 2,5 million so‘m miqdorida jarima ham tayin qilgan.
Bahodur Hasanovga nisbatan sud hukmi 10-sentyabr kuni e’lon qilingan. Yaqinlariga ko‘ra, Hasanov shu tariqa blogerlik faoliyati uchun “jazolangan”. Ichki ishlar organlari vakillari esa Hasanov jabrlanuvchi ayol arizasiga ko‘ra ushlanganini iddao qilishmoqda.
Bahodurning otasi, keksa jurnalist Zohir Hasanzoda Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda o‘g‘lining sudi advokat va qarindoshlarning ishtirokisiz o‘tkazilganini ma’lum qilgan.
Hasanzodaga ko‘ra, IIO xodimlari 9-sentyabr kuni Bahodurni o‘z uyidan kuch qo‘llagan holda olib ketishgan. U o‘g‘lining qo‘lga olinishi va oshig‘ich sudlanishini “o‘zgacha fikrli kishilar og‘zini yopish” uchun rasmiylar tomonidan bosim, deb baholagan.
Hibsga olinishidan bir kun avval Bahodur Hasanov Feysbuk tarmog‘idagi o‘z sahifasida samarqandlik bir kishining shikoyatlari aks etgan videoni yoyinlagani uchun ichki ishlar organlari tomonidan ta’qib qilinayotgani haqida yozgan edi.
Blogerga ko‘ra, bir necha kun oldin u Samarqand tumanida yer uchastkasi noqonuniy egallab olingani haqida yozgan.
“Bu mahalliy amaldorlarga yoqmadi, shuning uchun ham meni qo‘lga olishmoqchi. Men yetti yildan buyon hokimiyat tepasida o‘tirgan hamda insofu adolatdan gapirayotgan mamlakat prezidentiga murojaat qilaman”, deb yozgan Bahodur Hasanov o‘z sahifasida.
Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi Jahongir Sagdullayev Hasanov bir ayoldan tushgan shikoyat asosida qo‘lga olinganini bildirgan. Unga ko‘ra, jamoat joyida videotasvirga olinayotgan paytda bir ayol blogerdan uni tasvirga olmaslikni so‘ragan, bunga javoban Hasanov uni haqorat qilgan.
“Ayolning shikoyati ortidan Bahodur Hasanov “mayda bezorilik” va “fuqaroni jamoat joyida haqorat qilganlik”da aybdor deb topildi”, deya qayd etgan Sagdullayev.
Hasanovning otasiga ko‘ra, o‘g‘li bunday xatti-harakatlarini sodir etgan emas, unga qarshi bildirilgan ayblov esa tuhmatdir.
Uch farzandning otasi bo‘lgan Bahodur Hasanov avvallari “Ovozi Samarqand” (“Samarqand ovozi”) viloyat gazetasida ishlagan. U bir necha yildan buyon mustaqil jurnalist va bloger sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Blogerlik faoliyati davomida ko‘proq ijtimoiy va maishiy mavzularni yoritib kelgan Hasanov o‘z materiallarini Facebook doxil ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali yoyinlab, rasmiylardan ko‘tarilgan muammolarga tezkor munosabat bildirishni so‘rab keladi.