Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 19:06

Saratonga chalingan ayollar bepul davolanadi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda 30-65 yoshdagi ayollar har ikki yilda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va onkologik kasallikka chalingani aniqlangan bemorlarni tashxislash, davolash bilan bog‘liq xarajatlar budjet hisobidan moliyalashtiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 22-noyabr kuni imzolangan “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidayoq mazkur yosh guruhiga mansub ayollarning elektron bazasini shakllantirish vazifasi belgilangan.

Shuningdek, prezident qaroriga muvofiq, har yili 30-50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi o‘tkaziladi.

2025-yil 1-yanvaridan boshlab:

• onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokor hamda mobil va statsionar mammograflar ishini ikkita smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar shtatlari joriy etiladi;

• mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etiladi;

• odam papilloma virusi diagnostikasi uchun qo‘llanadigan test tizimlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha referens-laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

• bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningiga nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb qilinadi.

2025-yil 1-mayiga qadar esa bachadon bo‘yni saratoni skriningi va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash sifatini baholash va monitoring qilib borish hamda skrining dasturiga kiritilgan ayollar bilan qayta aloqa qilish tizimlari joriy etiladi.

Tahlillarga ko‘ra, jami onkologik kasalliklarning o‘rtacha 20-25 foizi ayollardagi ko‘krak bezi va bachadon saratoniga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda har yili 1600 nafarga yaqin ayol bachadon bo‘yni saratoni tashxisi bilan ro‘yxatga olinadi, 600 ga yaqin ayol undan vafot etadi.

Ko‘krak bezi saratoni ham saratonning ayollarda eng keng tarqalgan shaklidir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, birgina 2020-yilda O‘zbekistonda 4454 ta yangi kasallik qayd etilgan va 2067 nafar ayol ushbu kasallikdan vafot etgan.

XS
SM
MD
LG