Serbiya bosh vaziri Milosh Vuchevich talabalar noroziligi manzarasida iste’foga ketdi. Bu haqda u 28-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirgan.
“Bugun ertalab men prezident bilan uzoq suhbatlashdim, u mening qarorimni, keltirgan dalillarimni qabul qildi”, deya ma’lum qilgan Vuchevich.
Serbiyada ikki oydan buyon davom etayotgan ommaviy noroziliklarni u “xorijdan loyihalashtirilgan” aksiyalar deb atagan.
“Xuddiki qandaydir ko‘rinmas qo‘l yangi mojaroni yaratib, jamiyatda taranglikni hosil qildi”, degan Vuchevich.
Serbiyada ko‘p ming kishilik noroziliklar Novi-Sad shahridagi temiryo‘l vokzalida beton ayvon qulashi ortidan boshlangan. O‘shanda 15 kishi qurbon bo‘lgandi.
Muxolifat faollari va fuqarolik jamiyati vakillari dastaklayotgan talabalar vokzalning sifatsiz ta’mirlanishiga korrupsiya olib kelgan deb hisoblab, sodir bo‘lgan fojiada rasmiylarni ayblamoqda. Dastavval norozilar sodir bo‘lgan voqeaning shaffoflik bilan tergov qilinishini talab qilishgan, biroq rasmiylar ularga quloq solmaganlaridan keyin siyosiy talablarni olg‘a sura boshlashgan. Ular orasida parlamentga muddatidan ilgari saylovlarni hozirlaydigan o‘tish davri hukumatini tuzish kabi talab ham bor.
27-yanvar kuni Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Milosh Vuchevich hamda parlament spikeri Anoy Brnabich bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida namoyishchilar bilan muloqotga chaqirgan. U norozilik chiqishlarida hibsga olinganlarni afv etishga tayyorligini bildirgan hamda talabalar va professorlarga hujum qilganlarga qarshi jinoyat ishlari ochilganini ma’lum qilgan. Vuchich vokzal rekonstruksiyasi bo‘yicha hujjatlar ochiqlanganini ham qayd etgan. Avvalroq u norozilarni mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida “xorijdagi kuchlar” bilan hamkorlik qilayotganlikda ayblagan edi.