Janubiy Koreya Davlat aksilkorrupsiya agentligi tergovchilari prezident Yun Sok Yol qarorgohiga uni hibsga olish bo‘yicha orderni bajarish uchun kirishgan. Biroq davlat rahbarining xavfsizlik xizmati ularga to‘sqinlik qilishmoqda. Bu haqda Yonhap agentligi xabar qildi.
Qarorgohda tergovchilar bilan prezident qo‘riqchilari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tgan. Prezident vakillari hibsga olish urinishi noqonuniyligini bildirishgan. Yun Sok Yol Konstitutsiyaviy sud tomonidan ish ko‘rib chiqilishi yakunlanguniga qadar lavozimidan vaqtincha chetlatilgan shaxs bo‘lib hisoblanadi va prezident qo‘riqchilik xizmati himoyasi ostida bo‘ladi.
Tergovchilar hibsga olish bo‘yicha orderni 6-yanvargacha bajarishlari lozim.
Seul sudi Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olish va uning qarorgohida tintuv o‘tkazishga orderni 2024-yil 31- dekabrida bergan. Bu ish Yun o‘zini so‘roqqa chaqirgan Aksilkorrupsiya tekshiruvlari boshqarmasidan kelgan uchta chaqiruv qog‘ozini e’tiborsiz qoldirgani ortidan amalga oshirilgan.
14-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti ovoz berish natijasida mamlakat prezidentiga impichment e’lon qilish qarorini dastaklagan. Impichment qarorini yoqlab 300 deputatdan 204 nafari ovoz bergan, 85 nafari esa bunga qarshi chiqishgan.
Ovoz berish yashirin yo‘l bilan amalga oshirilgan. Bu impichment uchun ovoz berishga ikkinchi urinish bo‘lib, birinchi urinishda Yun Sok Yolni lavozimdan chetlatish uchun ovoz yetarli bo‘lmagan.
Impichment to‘g‘risidagi masala parlamentda 3-dekabr kuni Yun Sok Yol “KXDRning mamlakat ichkarisidagi tarafdorlariga qarshi kurash uchun” harbiy holat joriy etilishi haqida e’lon qilganidan keyin ko‘tarilgan. Olti soat davomida amalda bo‘lgan farmon bilan siyosiy partiyalar faoliyati, norozilik chiqishlari, ish tashlashlarga taqiq qo‘yib, unda senzurani hamda o‘lim jazosi chiqarish huquqiga ega bo‘lgan harbiy-dala tribunallarini joriy qilish ko‘zda tutilgandi. Bu holat Seul ko‘chalarida ham, parlamentda ham keng ko‘lamli norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan. Deputatlar harbiylar tomonidan parlament binosi shturm qilinayotgan paytda prezident qarori bekor qilinishi uchun ovoz berishgan. Shundan so‘ng u qonunga muvofiq ravishda farmonni bekor qilishga majbur bo‘lgan. 7-dekabr kuni prezidenti televideniye orqali qilgan chiqishida o‘z xatti-harakatlari uchun uzr so‘ragan.
Yun Sok Yol odatda Shimoliy Koreyaga nisbatan qattiq tutumga ega bo‘lgan o‘ng kuchlar vakili bo‘lib hisoblanadi. U 2022-yilda prezident etib saylangan. Muxolifatdagi Demokratik partiyaning Pxenyanga nisbatan pozitsiyasi anchagina yumshoq.