Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:36

ShHT sammiti: A’zo davlatlar Eronni tashkilotga a’zo qilish bo‘yicha hujjatni ma’qulladi


Eron prezidenti Ibrohim Raisiy sammitga mezbonlik qilgan Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan - 17 - sentabr, 2021
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy sammitga mezbonlik qilgan Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan - 17 - sentabr, 2021

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti qatnashchilari 17 - sentabr kuni Dushanbeda Eronni tashkilotga qabul qilish jarayonini boshlash nazarda tutilgan hujjatni ma’qulladi. Dushanbe sammiti yakunlari bo‘yicha jami 30 ta hujjat qabul qilindi.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy o‘z mamlakatining ShHTga qabul qilinishi boshlanganini olqishladi. U o‘z chiqishida xorijiy davlatlarning Afg‘oniston ichki ishlariga aralashishini keskin tanqid qildi – Raisiyga ko‘ra, Afg‘onistondagi beqarorlik sababi aynan shunga borib taqaladi.

Eron rahbarining urg‘ulashicha, mintaqa davlatlari qo‘shni mamlakat ishlariga aralashish o‘rniga bor kuch va g‘ayratini xayrli ishlarga, xususan, Afg‘onistonda barcha mahalliy xalqlar va etnik guruhlar ishtirokida inklyuziv hukumat tuzishga qaratishlari lozim.

“Biz afg‘on xalqi mavjud muammolarni bartaraf etib, kelajakka yo‘l ochishi uchun shart-sharoit yaratmog‘imiz kerak. Eron nazdida, bunga faqat mintaqa mamlakatlari ko‘magida erishish mumkin”, - dedi u.

Tehron ShHTda kuzatuvchi maqomini 2005 - yilda olgan edi. Uch yil o‘tib Eron to‘laqonli a’zolikka qabul qilishni so‘rab ariza bergan. Biroq Eronni unga nisbatan qo‘llangan xalqaro sanksiyalar o‘z kuchida bo‘lgani sababli tashkilotga qabul qila olishmagan: ShHT nizomiga ko‘ra, BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyasi ostidagi mamlakat unga a’zo bo‘la olmaydi. Mazkur sanksiyalar 2015 - yilda – uzoq muzokaralardan so‘ng Tehron o‘z yadro dasturini cheklashga rozilik bildirgach, bekor qilindi. Lekin Tehronning yo‘lida yangi g‘ov paydo bo‘ldi: Dushanbe Eronni Tojikistonda taqiqlangan Islom uyg‘onishi partiyasini dastaklashda va mamlakatda amalga oshirilgan terrorchilik xurujlariga bilvosita aloqadorlikda ayblab, uning arizasini o‘tkazdirmadi. Keyinroq rasmiy Dushanbe va Tehron ushbu masalada kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Sammitda videoaloqa orqali ishtirok etayotgan Vladimir Putin Moskva Eronning ShHT faoliyatida to‘la ma’noda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlagani, chunki Tehron mintaqada muhim ahamiyat kasb etishini aytdi. “Eronning qabul qilinishi, shak-shubhasiz, tashkilotning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshiradi”, ta’kidladi Rossiya prezidenti.

Dushanbe sammiti ishtirokchilari Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot hamkori maqomi berilishiga rozilik bildirishdi.

Dushanbeda ShHT sammiti yakunlari bo‘yicha jami 30 ta hujjat imzolandi. ShHTning 20 yilligiga bag‘ishlangan Dushanbe deklaratsiyasi, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha 2022-2024 - yillarga mo‘ljallangan dastur, giyohvand moddalarga qarshi strategiyani amalga oshirishga oid 2018-2023 - yillarga mo‘ljallangan reja, axborot xavfsizligi bo‘yicha 2022-2023 - yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi shular jumlasidandir.

Sammitda ShHTga a’zo barcha davlatlar Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan o‘z munosabatini bayon qildi. ShHT davlatlari qo‘shni mamlakatdagi vaziyat, ayniqsa, Afg‘onistondagi Tolibon hukumati borasida yagona nuqtai nazarga ega emas. Chunonchi, Tojikiston rahbari Emomali Rahmon Tolibon harakati Afg‘onistonda mustabid hokimiyat barpo etish niyatida ekani va o‘rta asrlarga xos qattiq shariat qonunlariga asoslangan Islom Amirligi tashkil etilganini e’lon qilganini aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Afg‘onistonda hukumat almashishi qon to‘kilmasdan amalga oshirilganini eslatib, buni ijobiy voqelik sifatida tilga oldi. Putinning fikricha, Tolibon harakatini o‘zi bergan va’dalarni bajarishga, ya’ni ijtimoiy hayotni bir maromga solish va afg‘on jamiyatining barcha qatlamlari xavfsizligini ta’minlashga undash ma’qul bo‘lur edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa, 2022 - yilda ShHT – Afg‘oniston formatida muzokaralar tashkil qilishni taklif etdi. “O‘z sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va ushbu mamlakatdagi vaziyatni siyosiy yo‘llar bilan tartibga solish masalalarini keng davrada muhokama qilish uchun ShHT – Afg‘oniston formatida muntazam ravishda yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazishni taklif qilamiz”, dedi Mirziyoyev va munozaralarga kuzatuvchi davlatlar va muloqot hamkorlari vakillarini ham jalb qilish zarurligini qo‘shimcha qildi.

ShHT mamlakatlari faqat bir masalada yakdil bo‘lib chiqdi: Afg‘onistonda barcha xalqlar va etnik guruhlar ishtirokidagi inklyuziv hukumat shakllantirilishi lozim. Emomali Rahmon Afg‘onistonda davlat qurilishi barcha fuqarolarning irodasi va munosabatidan kelib chiqqan holda belgilanishi kerakligini urg‘uladi. Kobulga xalq fikri hisobga olinmagan har qanday siyosiy tuzumni tiqishtirish, uning aytishicha, kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga 2001 - yil 15 - iyunda XXR, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan asos solingan. O‘shanda 1996-1997 - yillarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya va Tojikiston o‘rtasida imzolangan harbiy sohada o‘zaro ishonchni mustahkamlash va chegara hududlarida qurolli kuchlarni qisqartirishga doir bitimlarning imzolanishi natijasida vujudga kelgan “Shanxay beshligi”ning barcha a’zolari ShHTga kirgandi.

Hozirda ShHT a’zolari soni sakkizta: Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Hindiston.

XS
SM
MD
LG