Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 22:31

Shinjon paxtasiga boykot o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda


Shinjonda etnik uyg‘urlar majburiy mehnat qurboni bo‘layotgani va ularning huquqlari poymol qilinayotgani haqidagi xabarlar Xitoyning paxta sanoatiga zarar yetkazmoqda. Bu haqda “Associated Press” agentligi yozmoqda.

Ammo bunday bosim Xitoy hukumati yoki shirkatlarini o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga majburlay olishi yoki yo‘qligi xali noma’lum.

Shinjonda joylashgan “Huafu Fashion” fabrikasi bosh menejeri Li Syan matbuotga bergan intervyusida shirkat 2020 - yilda o‘zining 27 yillik tarixida birinchi marta yo‘qotishga uchragan bo‘lishiga qaramay, ichki buyurtmalarga e’tibor qaratish orqali yana oyoqqa turganini aytdi.

“Bu endi o‘tmishda. Biz joriy yilning birinchi choragida vaziyatni o‘zgartirdik”, dedi Li.

Li chet el buyurtmalarining keskin pasayib ketishiga “feyk xabarlar” sababchi bo‘lganini iddao qildi. 2019 - yilda “Wall Street Journal” gazetasi kiyim ishlab chiqaruvchi taniqli shirkatlar va oziq-ovqat kompaniyalari Xitoyning musulmon aholini majburan assimilyatsiya qilish kampaniyasiga bilib-bilmay hissa qo‘shayotgani haqida xabar bergan edi. O‘shandan beri “Adidas” va H&M kabi brendlar Shinjon paxtasidan voz kechdi. “Huafu” shirkati savdo ko‘lami ozayishiga AQSh sanktsiyalari va koronavirus pandemiyasi ham sababchi bo‘lganini bildirdi.

2017 - yildan beri Xitoy hukumati asosan uyg‘urlar va boshqa musulmon xalqlar yashaydigan Shinjonda milliondan ortiq odamni hibsga olgan. Tanqidchilar Pekinni musulmon xalqlarni qiynoqqa solishda, ularni majburan sterilizatsiya qilishda hamda ularni madaniy va diniy repressiya qilishda ayblab keladi.

Xitoy paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda bo‘lib, mamlakatda yetishtiriladigan paxtaning aksar qismi Shinjonga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, jahon bo‘ylab fotoelementlar ishlab chiqarishda ishlatiladigan kremniyning yirik qismi Shinjonda hozirlanadi.

Ayni damda AQSh quyosh panellarini ishlab chiqarishda majburiy mehnatdan foydalanilayotgani haqidagi xabarlar fonida sanksiya joriy qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Shinjon rasmiylari bu ayblovlarni rad etib, G‘arb tanqidlarini nazar-pisand qilmay keladi. Yaqinda ular o‘nga yaqin chet ellik jurnalistni Oqsuv shahridagi yirik “Huafu” majmuasiga olib bordilar. Majmuada har yili 100 ming tonna rangli ip ishlab chiqariladi.

O‘tgan oyda kompaniya dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilning ilk uch oyida 120-150 million yuan (taxminan 20 million dollar) daromad olganini bildirdi. 2020 - yilda sotuvlar 10 foizga qisqargani tufayli shirkat 405 million yuan (63 million dollar) zarar ko‘rgan.

Majburiy mehnatdan foydalanilayotganini ko‘rsatuvchi dalillar Xitoyni tark etgan shaxslar ko‘rsatmalari va hukumat hujjatlaridan iboratdir. Ammo muayyan zavodlarda huquqbuzarliklar sodir bo‘layotganini aniq isbotlash qiyin, chunki inson huquqlari mutaxassislari erkin tergov o‘tkazish imkoniga ega emas.

Shinjonga mustaqil ravishda sayohat qilgan diplomatlar va jurnalistlar ta’qib qilinadi va Shinjon aholisining aksariyati muammolarga duch kelishdan qo‘rqib, mintaqadagi vaziyat haqida ochiq-oydin so‘zlashni istamaydi.

Qarorgohi Vashingtonda joylashgan “Ishchilar huquqlari konsorsiumi” direktori Skott Nova:

“Hukumat mintaqadan tashqariga ma’lumot chiqishini xohlamaydi va ular buning uddasidan chiqishyapti”, deydi.

Qozog‘istonga qochib ketgan shinjonlik etnik qozoq ayol hibsda deyarli bir yil ushlab turilganidan keyin, 2018 - yilda fabrikada bir hafta davomida forma tikishga majburlashganini so‘zlab berdi.

Dina Nurdibay hibsga olinishidan oldin 30 nafar xodimi bo‘lgan kiyim-kechak biznesini yuritgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganidan keyin, fabrikada ishlashga majburlashgan.

“Agar ular sizga zavodga borasan, deyishsa, siz “ha” deysiz. Agar bormasangiz, fikrlashingiz muammoli ekanini aytishadi va sizni ta’qib qilishadi”, deydi u.

Boshqalar ham o‘zlari yoki yaqinlari fabrikalarda ishlashga majburlanganini so‘zlab berdi.

Hukumat bunday ko‘rsatmalar yolg‘on ekanini iddao qilib keladi. “Huafu” zavodi ishchilaridan biri Paziliya Tursan majburiy mehnat to‘g‘risidagi xabarlar asossiz ekanini ta’kidladi. Rasmiylar Tursanning so‘zlarini tinglar ekan, u fabrika ishchilari “anor donalari kabi” birga ishlashini ta’kidladi. Xitoy prezidenti Si Szinpin mamlakatda etnik birlikni ifodalash uchun ushbu metaforani ishlatgan.

O‘tgan yilda AQSh dalillar yetarli ekanini aytib, o‘nga yaqin shirkat ishlab chaqirayotgan kiyim-kechak, paxta, soch mahsulotlari va kompyuter qismlari importini taqiqladi. Joriy yilning yanvar oyida esa Shinjonda yetishtirilgan barcha pomidor va paxta mahsulotlarini AQShga import qilish man etildi.

Xitoy paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda. Shinjondagi paxta qayta ishlash zavodlarida 600 mingdan ziyod kishi ishlaydi. O‘tgan yili Xitoyda qariyb 5.9 million tonna paxta yetishtirilgan.

AQSh rasmiylari joriy oyda Yaponiyaning “Uniqlo” shirkatining Kaliforniya portida hibsga olingan erkaklar ko‘ylaklari partiyasini qaytib berishdan bosh tortdi.

Kommunistik partiyaning Shinjondagi vakili kompaniyalar qisqa vaqt ichida xaridorlarini yo‘qotishi mumkin bo‘lsa-da, oxir-oqibat ular va ularning ishchilari ko‘proq ishlab va yangi bozorlarni topib, yanada kuchliroq bo‘lishini aytdi.

“Qandaydir ma’noda, bu bosimni kompaniyalar uchun harakatlantiruvchi kuchga aylantirish mumkin”, dedi u “Associated Press” agentligiga bergan intervyusida.

Pekinda joylashgan “CIFCO Futures” moliya shirkati vitse-prezidenti Peng Bo Xitoyning ulkan ichki bozori borligini hamda Janubi-sharqiy Osiyo, O‘rta Sharq, Afrika va Sharqiy Yevropada talab o‘sib borayotganini aytdi. Bu orada pandemiya sababli boshqa mamlakatlardagi raqobatchilar faoliyati cheklanar ekar, Xitoy shirkatlari o‘z bozor ulushini oshirdi.

“Xalqaro bozor mahalliy brendlar uchun muhim bo‘lsa-da, uni almashtirib bo‘lmaydi, deyish to‘g‘rimas, ayniqsa, Yevropa va Amerika bozorlarini”, dedi Peng.

AQSh Savdo departamenti Shinjonda inson huquqlari buzilishiga aloqador bo‘lgan yigirmadan ziyod kompaniyaga, shu jumladan, “Huafu” shirkatiga AQSh texnologiyalari va ehtiyot qismlarini sotishni taqiqladi.

Bundan tashqari, texnologiya kompaniyalari ham nishonga olinmoqda. O‘tgan yilning iyulь oyida Savdo departamenti “Nanchang O-Film Tech” kompaniyasini qora ro‘yxatga qo‘shdi.

Mijozlari orasida “Apple” va “Lenovo” shirkatlari bo‘lgan “Nanchang O-Film Tech” Shinjondan Nanchanga olib kelingan uyg‘ur ishchilarni og‘ir sharoitda ishlatayotgani haqida xabarlar mavjud.

“Nanchang O-Film Tech” shirkatiga egalik qiluvchi OFILM Group korporatsiyasi o‘tgan yili bekor qilingan shartnomalar tufayli 1.9 milliard yuan (300 million dollar) yo‘qotganini bildirdi. Shirkat aynan qaysi mijozlari kelishuvlarni bekor qilganini ochiqlamadi.

O‘tgan yilning oxirida BBC teleradiokompaniyasi hamda amerikalik tadqiqotchi Adrian Sens Shinjonda paxta yetishtirishdagi suiiste’mollar haqida hisobot e’lon qildi.

Sens Xitoy hukumatining jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan hujjatlariga tayanib, aholi majburiy mehnatga jalb qilinayotganini ko‘rsatuvchi dalillarni to‘pladi va “Shinjondan kelayotgan har qanday paxta majburiy mehnat yordamida yetishtirilgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilish kerak va majburiy mehnatdan foydalanilgani ehtimoli juda yuqori”, deya xulosa qildi.

Xitoy Sens va BBC agentligi hisobotlarni qoraladi. Mamlakat hukumati chet ellik jurnalistlarni mashinada ekilgan 40 gektar paxta maydoniga olib borib, mexanizatsiyalash ishchilarga bo‘lgan ehtiyojni deyarli yo‘q qilganini iddao qildi.

Ammo o‘zbekistonliklarga yaxshi ma’lum bo‘lganidek, paxtani ekishdan terish ancha mushkul. Shinjonda paxta terimi mexanizatsiyalashtirilgan hududlarda AQShning “John Deere” shirkati ishlab chiqarilgan texnika ishlatiladi. “John Deere” shirkati AQSh sanksiyalari o‘z biznesiga ta’sir qilganini bildirdi, ammo aniq ma’lumot berishdan bosh tortdi.

Xitoy hukumati yig‘im-terim ishlarining 70% mexanizatsiyalashtirilgani iddao qildi, ammo hanuzgacha ko‘plab joylarda paxta qo‘lda ekilishini va terilishini tan oldi.

XS
SM
MD
LG