Линклар

Шошилинч хабар
25 июл 2021, Тошкент вақти: 21:47

Shinjondagi lagerlarda saqlangan ayollar muttasil ravishda zo‘rlanganini ochiqladilar


Uyg‘ur ayollari Turkiyada o‘tkazilgan aksilxitoy aksiyasi chog‘ida, Istanbul, 2020 - yil 1 - oktabri

Xitoydagi shinjonlik uyg‘ur, qozoq va boshqa tub xalq vakillari uchun mo‘ljallangan “qayta tarbiyalash lagerlarida” ayollar muttasil qiynoqlarga solingan va jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan.

Bu haqda Bi-bi-siga mazkur “lagerlar”da bir muddat tutilgan yoki ishlagan hamda Xitoydan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan ayollar so‘zlab berganlar.

Ayni paytda AQShda istiqomat qilayotgan ayollardan biriga ko‘ra, fuqaro kiyimini kiygan zo‘rlovchilar tunlari qamoqxona kameralariga kirib, mahkumalarni videokuzatuv kameralari bo‘lmagan xonalarga olib chiqqanlar. U bir necha bor ayovsiz kaltaklash va ommaviy zo‘rlash qurboni bo‘lganini aytgan.

Lagerda 18 oy o‘tirgan boshqa sobiq mahkuma esa zo‘rlashlarning ixtiyorsiz guvohi bo‘lganini ma’lum qilgan. Uning Bi-bi-siga aytishicha, ayolni zo‘rlash jarayoniga hozirlik ko‘rishda ishtirok etishga majbur qilishgan: u mahkumalar zo‘rlanishlarida oldin ularni yalang‘och qilib yechintirib, qo‘llarini kishanlashga majbur qilingan. Erkaklar kameradan chiqqanlaridan keyin esa u ayollarni dushga olib borib, xonalarni tozalash bilan shug‘ullangan.

Shinjonda mahkumalar muttasil zo‘rlanganini nashrning yana bir suhbatdoshi tasdiqlagan. U “lager”da xitoy tili muallimasi vazifasida ishlagan. Unga ko‘ra, zo‘rlash chog‘ida tutqun ayollar tok bilan qiynoqqa solingan.

“Lager”dagi boshqa bir o‘qituvchi esa politsiyachilar 20 yoshli qizni galma-galdan zo‘rlashganiga guvoh bo‘lganini bildirgan.

Bi-bi-si suhbatdoshlariga ko‘ra, Kunes degan joydagi “lager”da ayollar sterilizatsiya qilingan va ular ustidan tibbiy tajribalar o‘tkazilgan. Ularni hapdorilar iste’mol qilish va analiz topshirishga majbur qilishgan.

Har 15 kunda ularni qandaydir “vaksina” bilan emlashgan, buning ortidan ular badanlarida uvushish va ko‘ngil aynishini his qilishgan.

Jahon hamjamiyati Xitoy rasmiylarini Shinjondagi milliondan ziyod musulmon uyg‘ur, qozoq va boshqa turkiy tilli millat vakillarini 2017 - yildan beri qamoqxonalarga yo‘llayotganlikda ayblab keladi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, mahkumlar mafkuraviy ishlovga duchor qilinadi, o‘z dini, madaniyati va tilidan voz kechishga majbur qilinadi.

Bundan tashqari, shinjonlik musulmonlar muttasil kuzatuvda bo‘lib, majburiy mehnatga jalb qilinadi, mintaqada tug‘ilishni nazorat qilish hamda bolalarni ota-onalaridan ajratish amaliyotidan ham foydalaniladi.

Xitoy rasmiylari bu kabi “lagerlar”ni “qayta tarbiyalash markazlari” deb atab, ular terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash uchun qo‘llanilayotganini iddao qilib keladi.

XS
SM
MD
LG