Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:23

"Shohista mutlaqo aybsiz". Peterburgdagi portlashda ayblangan o‘zbek ayolining taqdiri (VIDEO)


Shohista Karimova sudda.
Shohista Karimova sudda.

2017 - yilning 3 - aprelida Sankt-Peterburg metrosida sodir bo‘lgan portlashda ayblangan 11 nafar markaziy osiyolik muhojirlar orasida 49 yashar chustlik Shohista Karimova ham bor. Barcha sud mahkamalarida o‘zini aybsizligini aytib kelayotgan o‘zbek ayoli taqdiriga peterburglik Yelena Babinseva qiziqib qoladi. Terrorchilik akti bilan bog‘liq jinoyat ishini o‘rganib chiqqanini Ozodlikka gapirgan Yelena Shohistaning mutlaqo aybsizligiga ishonch hosil qilganini aytdi.

Sankt-Peterburg metrosida sodir bo‘lgan terrorchilik hujumiga 4 yil to‘ldi.

2017 - yilning 3 - aprelida qirg‘izistonlik muhojir Akbarjon Jalilov sodir etganligi aytilgan teraktda 15 kishi o‘ldi, 67 kishi jarohat oldi. 2019 - yilda chiqarilgan sud qarori bilan 11 nafar o‘zbekistonlik, qirg‘izistonlik va tojikistonlik migrantga 19 yildan umrbodgacha qamoq jazosi tayinlandi.

Ozodlik o‘z surishtiruvlari yordamida Peterburgdagi portlashlarda ayblanayotgan shaxslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani, tergov qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani, sud esa ayblanuvchilarga nisbatan qilingan yuzlab qonunbuzarliklarni inobatga olmagani to‘g‘risida xabar qilgan.

Ular orasida chustlik Shohista Karimova ham 20 yillik qamoqqa mahkum etildi.

Prokuratura uni terrorchilarga qo‘l telefonidan foydalanishga imkon berganlikdagi ayblovni ilgari surib keldi. Uzoq davom etgan sud mahkamasi davomida Shohista o‘ziga qo‘yilgan birorta ayblov bo‘yicha o‘z aybiga iqror bo‘lmadi, o‘zining aybsiz ekanini ta’kidlashda davom etdi.

20 yilga hukm etilganini eshitgan o‘zbekistonlik ayolning hushidan ketgani to‘g‘risidagi videokadrlarni boshqalar qatorida peterburglik 43 yashar Yelena Babinseva ham ko‘radi.

Shu kundan boshlab Yelena Shohistaning taqdiri bilan qiziqishni boshlaydi. Ozodlik bilan suhbatda Yelena Babinseva ikki yillik yozishmalardan o‘zbekistonlik ayolning gunohsiz qamalganiga ishonch hosil qilganini bildirdi.

- Hozir menda Shohistaning mutlaqo aybsiz ekaniga shubham qolmadi! U bilan tanish bo‘lgan oxirgi 2 yil davomida men uning batafsil psixologik portretini tuzdim, jinoyat ishi materiallari bilan to‘liq tanishib chiqdim, bu fojia to‘g‘risidagi barcha filmlarni ko‘rdim va hodisani soniyalarigacha o‘rgandim, undagi ko‘plab ziddiyatlarni kuzatdim. Keyin men sud hukmini o‘qib chiqdim: u sud nuqtai nazaridan bo‘lgan taxminlarni takrorlaydi, unda ham sanoqsiz ulashmagan joylar, xatoliklar mavjud. 111 varaqqa bitilgan hukmdan sud yuzaga kelgan bu nomuvofiqliklarga javob bergisi yo‘qligini anglaysan, kishi.

Yelenaning e’tiborini Shohistaning kiyimidagi Frenk Zappaning "Don't eat the yellow snow" qo‘shig‘idan olingan yozuvi qaratgan.
Yelenaning e’tiborini Shohistaning kiyimidagi Frenk Zappaning "Don't eat the yellow snow" qo‘shig‘idan olingan yozuvi qaratgan.

Elena oxirgi 4 yilda ikki marta Shohistaga o‘g‘li Sardorbek bilan uchrashuv tashkil qila olganini aytadi.

- Men uning kichik o‘g‘li Sardorbek bilan yozishdim. U Moskvada ekan. Uning nomidan Moskvadagi sudga xat yozdim va bir oydan keyin uchrashishga ruxsat oldim. Sardorbek ruxsatni qo‘liga olganidan keyin biz unga poyezdga chipta olib berdik. U shu tariqa onasi bilan uchrasha oldi. Biz ikkinchi marotaba ham o‘g‘li bilan uchrashtirdik, keyin esa uni bu imkoniyatdan tushuntirishlarsiz mahrum etishdi.

Peterburglik ayol Shohista Karimova ishini o‘rganib, unda qator protsessual xatolar, noaniqliklar mavjudligi, dalillarning tergov tomonidan soxtalashtirilgani, qiynoqlar qo‘llanilgani to‘g‘risida faktlar sud tomonidan inobatga olinmayotganini aniqlaganini gapiradi:

- Eng dahshatlisi - barcha moddiy dalillar yo‘q qilingan va advokatlar ularni yana bir ko‘zdan kechirishga ruxsat ololmayapti. Portlagan vagon ham yo‘q qilingan. Bizning Shohista bilan yozishmalarimiz 100dan ortiq xatlardan iborat. Yuzdan ortiq! U adolat istamoqda, adolat o‘rnatilishiga ishonadi. U bir ruhiy tushkunlik holatiga tushib, yana tiklanishga urinmoqda. Uni jismonan sindirishgan bo‘lsa-da, dilidagi mehr tufayli ruhan tirik.

Bu kadrlarda Shohistaning Yelena Babinsevaga rahmat aytayotganini ko‘rish mumkin.

Shohista bilan bir necha bor shaxsan uchrashgan Yelenaning aytishicha, o‘zbekistonlik ayol qamoqxonada kitob o‘qishga, rasm chizishga qiziqish uyg‘otgan.

- U qamoqxonada rasm chizishni boshladi. Juda kitob o‘qishni xush ko‘radi, ammo unga kitob berishmayapti. U kitoblarda taskin topishi mumkin edi. Ammo unga kitob jo‘natishning iloji bo‘lmayapti - uzatilgan kitoblarni olib qo‘yishyapti. Unga ruhiy yordam kerak, unga Peterburgdagi 5-Tergov izolyatoriga xat yozing .

Yelena oyda bir-ikki marta Shohistaga, asosan oziq-ovqatdan iborat “peredachka” uzatadi.

- Barcha mahsulotlar kesib tashlanadi, bankalarga solinadi. Barcha kiyimlar tekshiriladi, chokidan so‘kilishi mumkin. Taqiqlangan narsa olib kirish mumkin emas.

Shohista Karimovaning boshiga tushgan qiyinchiliklarga hamdard bo‘lgan Yelena Shohista O‘zbekistonga yuborilishini istayotganini bildirdi. U Shohista yurtdoshlarining qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj ekanini ham aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, Feysbukda "Shohista Karimovani dastaklash guruhi" bor ekan.

Himoyachilar Shohista va u bilan birga qamalganlar ishi Strasburgdagi Inson haqlari bo‘yicha Oliy sudga yetib borishiga ishonishini aytadi.

- Hozir himoyachilar uning haqligiga, Yevropa sudida yutib chiqishiga ishonishmoqda. Uni qotillik bilan mutlaqo qorishtirish kerak emas. Shohista o‘z yurtiga ketishni istaydi... U ajoyib inson! Men uning ozodlikka chiqishini juda xohlayman.

“Memorial” Inson huquqlari markazi tomonidan Shohista Karimova “siyosiy mahbus” deb e’lon qilingan.

Shohista ishi

Rossiya Tergov Qo‘mitasi tergovchisi Andrey Jigulin Karimovadan tintuv natijasida F1 granatasi, ikkita detonator, zapal va mikrosxema musodara qilinganini aytgan.

Chustlik ayolning himoyachisi Muso Abdulvahobov Shohistaning qo‘lga olinishi soxtalashtirilgani, operativ xodimlar undan go‘yoki topilgan bomba zapalini sochlariga surtgani, moslama simlarini esa uning qo‘ltiqlariga surtishga majbur qilishgani va shu tariqa “biologik izlar qoldirilgani”ni sud hakamiga yana bir bor ma’lum qildi.

Sud matbuot xizmatiga ko‘ra, so‘z olgan Shohista Karimova ham, yig‘lagan holda, suddan uni qo‘yib yuborishni so‘ragan, o‘zining begunohligi va “podstavka” qilinganini aytgan.

Muhojir ayol Peterburgdagi portlashni uyushtirganlikda ayblanayotgan Jalilovni hech qachon tanimagani, u shunchaki “Lesnoye” kafesida bir necha oydan beri idish yuvuvchi bo‘lib ishlab kelganini aytgan. 2017 - yilning 6 - aprel kuni o‘zbekistonlik ayol va u bilan birga kafeda ishlagan tojikistonlik oshpaz Sodiq Ortiqov terrorchilarga ko‘maklashganlikda gumonlanib FSB maxsus amaliyoti davomida Odinsovo tumanida hibsga olingandi.

Eridan ajrashan ayol uch farzandning onasi. Qizini turmushga uzatish uchun kerak bo‘lgan mablag‘ yiqqani Moskvaga kelgan va hibsga olingungacha Moskva viloyatidagi kafeda idish-tovoq yuvgan.

Shohista Karimova qamoqda o‘tirganiga 4 yil to‘ldi.

4 may kuni u 50 yoshga kiradi...

"Uydirma tomosha"

Sankt-Peterburg metrosida 2017 - yilda terror harakatini amalga oshirganlikda ayblanib sudlanayotgan 11 nafar mehnat muhojiridan 10 nafari shu yilning 2 - aprel kuni boshlangan sud jarayonida o‘zlariga bildirilgan ayblovni tan olishdan bosh tortdi.

Rossiyalik tergovchilar tomonidan Qirg‘izistonda tug‘ilib o‘sgan aka-uka Abror va Akrom Azimovlarga terrorizm va qurol saqlash bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi.

Avvalroq Abror Azimov FSBning “maxfiy qamog‘i”da qiynoqlarga solingani to‘g‘risida advokati orqali jamoatchilikka ma’lum qilgan edi. Dinzega ko‘ra, FSB xodimlari, arizani qaytarib olmasa, Azimovning qarindoshlarini “jismoniy jihatdan jazolashlari” bilan Abror va Akromni qo‘rqitganlar.

Ayblanuvchilarning otasi Ahrol Azimov 25 - iyulda Moskvada o‘tgan matbuot anjumanida farzandlariga nisbatan jinoyat ishlari soxtalashtirilgani to‘g‘risida gapirgan edi.

O‘zbek muhojirlarining otasi Axrol Azimov o‘g‘illariga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilayotgani borasida xabar berishni boshlaganidan keyin Rossiya grajdanligidan mahrum etilgan va Rossiyadan chiqarib yuborilgandi.

Akromjon va Abrorning yaqinlari ularning granata va pistolet bilan qo‘lga olinishini “uydirma tomosha” deb atagan.

2017 - yilning 3 - aprelida Peterburg metrosida portlash sodir bo‘lib, 16 odam, jumladan xudkush ekani iddao qilinayotgan 22 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi Akbarjon Jalilov halok bo‘lgan edi. Portlashda 103 odam jarohatlangan.

XS
SM
MD
LG