Shveysariya 15-16-iyun kunlari Ukrainadagi tinchlikka oid xalqaro konferensiya va uning yakunlarini sammitda ishtirok etmagan Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlar bilan muhokama qilishni istar edi. Bu haqda Shveysariya tashqi ishlar vaziri Ignatsio Kassis tinchlik sammiti yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bildirdi.
“Moskvada elchixonamiz faoliyat ko‘rsatmoqda va har ikki haftada biz tashqi ishlar vaziri bilan gaplashamiz, shunday ekan, biz Rossiya bilan konferensiya natijalarini muhokama qilish niyatimiz bor”, degan Kassis. Tinchlik sammitini uyushtirgan Shveysariya vakillari Ukrainada tinchlikka erishish uchun urushayotgan tomonlarning barchasi, demakki, Rossiya ham sammitda ishtirok etishi lozimligini bir necha bor ta’kidlashgan. Biroq Moskvaga sammitda ishtirok etish taklifi yo‘llanmagan, bunga ilk bosqichda Ukraina qarshi bo‘lgan.
Shveysariya TIV rahbari konferensiya natijalarini unda ishtirok etishdan bosh tortgan mamlakatlar, birinchi navbatda Xitoy bilan “tafsilotli muhokama qilish” rejalanganini ham aytgan. Kassisga ko‘ra, tinchlikka erishish yo‘llariga oid turli g‘oyalar bo‘lishi mumkin va ilgarilashning umumiy yo‘lini izlash uchun bu g‘oyalarni birlashtirish zarur.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytgacha tinchlik sammitini konferensiyada ishtirok etgan 91 mamlakatdan 78 tasi dastaklagan. Ular orasida AQSH, YIga a’zo barcha mamlakatlar, Yaponiya, Avstraliya, Serbiya, Gruziya, Moldova, Turkiya, Afrika va Lotin Amerikasining qator mamlakatlari bor. Shveysariyadagi sammitda tamsil etilgan Hindiston, Braziliya va JAR kabi yirik mamlakatlar avvalo tinchlik tashabbuslari muhokamasida Rossiya ham ishtirok etishi zarurligini aytib, kommyunikeni imzolashdan bosh tortishgan.
Avvalroq Moskva vakillari sammit uyushtirgani uchun Shveysariyani tanqid qilishib, taklif qilingan taqdirlarida ham unda ishtirok etmagan bo‘lishlarini bildirishgan. Konferensiya boshlanishidan bir kun oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik muzokaralari boshlanishi uchun Ukrainadan o‘z hududlarining bir qismidan voz kechishi ko‘zda tutilgan o‘z shartlarini ochiqlagan edi. Kiyev va G‘arb buni tinchlik taklifi emas, balki taslim bo‘lish (kapitulyatsiya) talabi deb atagan.
Yakuniy kommyunikeda Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududidan olib chiqib ketilishi to‘g‘risida bevosita chaqiriq yo‘q, biroq unda Ukraina doxil har qanday davlatning xalqaro tan olingan chegaralarda hududiy yaxlitligi va mustaqilligini hurmat qilish zarurligi aytilgan. Bundan tashqari, unda Zaporojye AESini Ukraina nazorati ostiga qaytarish, “hammani hammaga” sxemasi bo‘yicha asir almashish hamda Rossiyaga olib chiqib ketilgan bolalar va noqonuniy olib chiqib ketilgan shaxslarni Ukraina qaytarish lozimligi bildirilgan. Hujjat tinchlikka erishish barcha tomonlar o‘rtasidagi muloqotni talab qilishiga oid qayd bilan yakunlangan.