Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:48

Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga burish. SSSR tarixini burib yuborgan loyiha haqida


Orol dengizi. Mo‘ynoqdagi “Kemalar qabristoni”- 26 -sentabr, 2018.
Orol dengizi. Mo‘ynoqdagi “Kemalar qabristoni”- 26 -sentabr, 2018.

45 yil muqaddam, KPSSning XXV syezdida Sibir daryolari suvining bir qismini Qozog‘iston va O‘rta Osiyoga tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. “Sibir daryolarini burish” nomli mazkur loyiha, amalga oshirilgan taqdirda mislsiz ekologik fojiaga sabab bo‘lishi mumkin edi. Uning bekor qilinishi SSSR jamoatchiligining birinchi “katta g‘alabasi” sifatida ko‘riladi.

Tabiatdan marhamat kutib turolmaymiz

Sibir daryolarini janubga burish g‘oyasi XIX asr o‘rtalarida Yakov Demchenko ismli o‘smirning miyasida “tug‘ilgan”. Jo‘g‘rofiyaga mukkasidan ketgan yigitcha Kiev gimnaziyasining 7-sinfida o‘qiyotganida-yoq Ob va Irtish suvlarining bir qismini Orol dengizi havzasiga tashlashga doir reja qoralamasini ishlab chiqqan edi. Ulg‘ayib, jurnalist bo‘lib yetishgach u 1871 - yilda “Orol-Kaspiy pasttekisligini suvga to‘yintirish orqali ushbu mintaqadagi mamlakatlar iqlimini yaxshilash” nomli broshyurasini chop ettiradi, 1900 - yilda esa uning ikkinchi nashrini chiqararkan, hukumat va podsho nazariga tushishdan umid qiladi. Ammo kamsonli taqrizchilar Demchenko rejasini “telbayona” deb topadilar. Hukumatning esa boshqa tashvishlari etarli edi. 1912 - yilda Demchenko vafot etdi, lekin uning g‘oyasi “o‘lmadi” va yillar o‘tib, o‘sha hududda, ammo boshqa mamlakatda “unib chiqdi”. Bu mamlakatning har bir fuqarosi “tabiatdan marhamat kutib o‘tirmaslik kerak”ligini bolaligidan bilardi.

Uzoq tanaffusdan so‘ng, 1948 - yilda “telbayona” loyihani eslab qolishdi: akademik Obruchev qurg‘oqchil O‘rta Osiyoni Sibir suvlari bilan “to‘yintirish” imkoniyatlari haqida Stalinga xat yozdi. Ammo Stalin javob bermadi. “Xalqlar dohiysi”ning boshida boshqa tashvishlari bor edi: sovuq urush, yadro quroli sinovlari, “Amerika tahdidi”. Darvoqe, Demchenko rejasini ro‘yobga chiqarishga turtki bergan ham amerikaliklar bo‘ldi...

AQShga taqlid qilib

1960-yillarda Amerika matbuoti “asr qurilishi”ga mengzalgan bir megaloyihani muhokama qila boshladi: u shimoldagi daryolar suvini mamlakat ichkarisidagi quruq hududlarga va Meksikaga yo‘naltirishni nazarda tutardi. Ushbu loyiha tasdiqlanganida, uni amalga oshirishga 30 yil va 100 mlrd dollar pul kerak bo‘lur edi.

Tabiiyki, 1-raqamli superdavlat maqomi uchun AQSh bilan musobaqalashayotgan SSSR bunga xotirjam qarab tura olmadi. Shunda Demchenkoning g‘oyasi esga tushdi, uning risolachasini topib, changini artib, “asr loyihasi”ga aylantirish uchun ilmiy-tadqiqot institutlariga tutqazishdi.

Boz ustiga Sibir daryolariga janubga qayirish uchun real sabab bor edi: O‘rta Osiyoning tabiiy resurslari poyonlab borar, paxtaga ehtiyoj esa yil sayin ortayotgandi. Bir paytlar to‘lib-toshib oqqan Sirdaryo va Amudaryo suvlari Orolga deyarli etmas, dengiz barchaning ko‘z o‘ngida ulkan namakobli ko‘lmakka aylanib borardi...

Orol dengizining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri.
Orol dengizining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri.

Loyihaning ashaddiy tarafdorlaridan biri Qozog‘iston SSR Fanlar akademiyasi raisi Shafiq Shokin edi. Akademik Olmaota va Moskvadagi partiya rahbarlarini, agar shimoldagi daryolar janubga burilmasa, yaqin yillarda Orol qurib bitib, cho‘l shamollari dengiz tubidagi minglab tonna tuzlarni havoga ko‘tarib, yuzlab kilometr tevarakdagi butun nabototni yo‘q qilishi, Qozog‘iston hududi esa hatto yashashga yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkinligiga ishontira oldi. Kuchli dalil ta’sir qildi – 1971 - yilda Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatiga Irtish daryosidan 500 chaqirimlik kanal tortildi. Eni 20 metrli bu kanal suvi uncha ko‘p bo‘lmasa-da, Qozog‘istonning ko‘mir sanoati ehtiyojlariga bemalol etdi. Kanal atigi 6 yilda qurib bitirilganidan ruhlangan “daryoburarlar” uni O‘rta Osiyoni Sibir suvlari bilan sug‘orish tizimining muqaddimasi deb qabul qilishdi. Bu yog‘iga ishlar jo‘nashib ketdi...

1968 - yilda KPSS MQ plenumi (va shaxsan Leonid Brejnev) Gosplan, SSSR Fanlar akademiyasi va boshqa tashkilotlarga Irtish, Ob va Tobol daryolari suvlarini qayta taqsimlash bo‘yicha batafsil reja ishlab chiqishni topshirdi. Ya’ni, bu daryolardan oz-ozdan – boshlanishiga yiliga 25 kub kilometr suv olib, janubga tashlash nazarda tutilgandi. Kanal va suv omborlari qurilishini tezlashtirish uchun kerak bo‘lsa atom bombalarini qo‘llash ham istisno qilinmadi. Orol quriyotgani kamdek, Kaspiy suvi ham jadal chekina boshlagani ma’lum bo‘lgach, olimlar MQdan shimol suvlarini burishni tezlashtirishni iltijo qila boshlashdi.

Ammo, atay qilgandek, KPSS XXV s’ezdida o‘sha olamshumul qaror qabul qilinganidan so‘ng, 1977 - yildan boshlab Kaspiy sayozlashuvi birdan to‘xtadi va keyingi yillarda suv sathi tiklandi. Olimlar Kaspiyning o‘zgaruvchan dengizligini bilib olishdi, lekin megaloyihani endi to‘xtatib qoladigan kuch yo‘q edi. Ish allaqachon butunittifoq ko‘lamida boshlab yuborilgandi.

“Asr loyihasi” bilan 48 ta loyihalash va 112 ta ilmiy-tadqiqot institutlari, 32 markaziy vazirlik (va 9 ta respublika vazirligi), 32 akademik institut shug‘ullanardi... Sakkiz yil mobaynida yozilgan matnlaru, hisob-kitob va ilmiy tadqiqotlar natijalarining o‘zi 50 jild bo‘ldi, xarita va chizmalardan 10 ta albom tayyorlandi.

“Shimoliy” yo‘nalish va adoqsiz hisob-kitoblar

1976 - yilga kelib Sibir daryolarini qayirish uchun texnik hujjatlari shay qilindi. Olimlar bo‘lajak kanal uchun to‘rtta – ikkita shimoliy va ikkita janubiy yo‘nalishni ishlab chiqishdi. “Janubiy variantlar” Ob va Irtish qo‘shilgan joydan Amudaryo va Sirdaryoga qadar 2500 km uzunlikda yagona asosiy kanal qazishni nazarda tutardi. “Shimoliy loyiha” mualliflari esa Xanti-Mansiysk hududida Ob daryosidan Irtish etagiga qadar, u yerdan esa Tobolgacha qisqaroq kanal qazishni tavsiya etishdi. Shundan so‘ng suv G‘arbiy Sibir pasttekisligini Shimoliy Orolbo‘yi bilan bog‘lovchi To‘rg‘ay soyi orqali oqib, katta kanaldan Amudaryo va Sirdaryoga haydalishi kerak edi.

Ishning eng qiyini suvayirgichni yorib o‘tish edi, chunki buning uchun 6 mln kubometrdan ziyod tuproqni o‘yib olish kerak edi-da. Boshida ishni tezlashtirish maqsadida yadro zaryadlarini portlatishni reja qilishgan edi, lekin o‘xshamadi. 1971 - yili Kaspiyga Pechora daryosidan suv haydash loyihasi doirasida imi-jimida yer ostida uchta yadro zaryadini portlatishganida “bebosh” shamol yadro bulutlarini G‘arbga haydab ketib, Yevropada hammani oyoqqa turg‘izgan edi. SSSR xalqaro janjalni bir amallab bosdi-bosdi qildiyu ammo biryo‘la yadro portlatishdan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Obь daryosi. Tomsk mintaqasi, Rossiya.
Obь daryosi. Tomsk mintaqasi, Rossiya.

Shunga qaramay “shimoliy” variant baribir arzonroq va jozibaliroq tuyulardi, axir unda kanal uzunligi bir necha yuz chaqirimga qisqaroq edi-da. Alal-oqibat 1976 - yili KPSS XXV s’ezdida xuddi shu variant tasdiqlandi. Bosh loyihachi etib “Soyuzgiprovodxoz” belgilandi, Gosplanda bularning barini hisob-kitob qilish uchun Davlat ekspert komissiyasi tuzildi.

Hisob-kitob qilindi ham: kanal 16 milliardga tushar ekan. SSSR davlat byudjeti buncha xarajatni ko‘tara olmasdi. Qayta hisoblashdi: endi ikki baravar ko‘p chiqarib berishdi! Gosplanga eng tejamli variantlarni hisobga olib, qayta-qayta hisoblashni amr qilishdi – zora arzonroq yo‘li topilib qolsa?

1985 - yil keldi, MQda uchta bosh kotib almashdi, Kaspiy burungi sohillariga deyarli qaytdi hamki, Gosplan hisob-kitobdan bo‘shamasdi. Nimadir qilish kerak edi. Nimaligi ma’lum – to‘xtatish kerak edi loyihani. Ammo KPSS s’ezdi ma’qullagan tashabbusni mablag‘ yo‘qligi sababli to‘xtatish... Yo‘q, bunga hech kimning yuragi dov bermasdi.

Shunda Gorbachyovning qayta qurishi va oshkoralik siyosati jonlarga ora kirdi.

Tashqi va ichki kurash

Sovet Ittifoqida shimol daryolarini qayirish g‘oyasi muxoliflari keragidan ortiq edi. Birinchi galda sibirliklar qarshi edi bunga. Ko‘plab rus ziyolilari, avvalo qayta qurish sharofati bilan ovozi salmoq kasb etgan “Literaturnaya gazeta” va bir nechta “qalin” jurnal atrofida jipslashgan yozuvchilar ham KPSSga ters bo‘lishdi. Matbuotda birin-ketin g‘azabnok maqolalar paydo bo‘la boshladi, 1986 - yilda esa Sibir daryolarini burish qator adabiy nashrlarning “navbatchi” mavzusiga aylandi. O‘sha yili Moskvada o‘tgan Yozuvchilar soyuzi syezdini hazillashib “miroblar s’ezdi” deb atashdi: s’ezd minbariga ko‘tarilgan ikki adibdan birining nutqida “daryolarni burish” loyihasi tanqid ostiga olingandi.

Bir paytning o‘zida akademik Aleksandr Yashin boshliq olimlar (geologlar, biologlar, tuproqshunoslar, matematiklar) guruhi loyiha amalga oshirilgan taqdirda butun kanal bo‘ylab erosti suvlari yuzaga ko‘tarilishini, daryolar havzalarida baliqlar qirilib ketishini, mangu muzlik hududi tanib bo‘lmas qadar o‘zgarib ketishini, Shimoliy muz okeani suvlari sho‘rlanishini, iqlim o‘zgarishini va, nihoyat, kanal bo‘ylab Qozog‘iston va O‘rta Osiyo hududida son-sanoqsiz botqoqliklar va minglab gektar sho‘rxok yerlar paydo bo‘lishini bashorat qilishdi. SSSR FAning beshta bo‘limi loyiha yuzasidan salbiy ekspertlik xulosalari tayyorladi, FA Prezidiumiga, Ministrlar Sovetiga ochiq xatlar yo‘llandi, shuningdek matbuot orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gorbachyovga murojaat qilindi.

1986 - yil bahorida Gorbachyov Yashin bilan uchrashib, uning dalillarini diqqat bilan eshitishga va’da berdi. O‘sha yilning 14 - avgustida esa KPSS MQ Siyosiy byurosining maxsus yig‘ilishida ishni to‘xtatishga qaror qilindi – “...Sibir daryolarini o‘rta Osiyo va Qozog‘istonga burish bilan bog‘liq loyihani amalga oshirishda davom etish maqsadga muvofiq emas deb tan olingan”i munosabati bilan.

Hanuzgacha ko‘pchilik bu voqeani Sovet Ittifoqida fuqarolik jamiyatining birinchi g‘alabasi, deb biladi. Sirtdan qaraganda, rostdan ham hokimiyat o‘z fuqarolari fikriga quloq tutgandek ko‘rinardi. Biroq, aytishlaricha, aslida haqiqiy kurash parda ortida – “Gosplan” va mulozimlar darajasida kechgan. Respublikalar vazirliklari va pudratchilar loyiha amalga oshirilishi uchun, iqtisodchilar va MQ apparatchilari uning ziddiga kurash olib borganlar. “Daryolarni burish” g‘oyasining eng qudratli dushmanlaridan biri Aleksey Kosigin edi, 70-yillarla loyihaga start berish bir necha bor kechiktirilishi aynan uning xizmatlaridir.

Nima bo‘lganida ham MQ yengil tin oldi: mamlakat byudjetining belini bukib qo‘yishi mumkin bo‘lgan dardi-xarina loyihani bekor qilish uchun yaxshi bahona topilgandi. Va partiya go‘yo “mehnatkashlarning xohish-istaklarini qabul qilib” obro‘yini saqlagandek ko‘rindi...

Biroq ziyolilarni bu g‘alaba nihoyatda ruhlantirib yubordi: rejim, jamoatchilik bosimi ostida ilk daf’a yon bergan edi. Senzura to‘g‘oni o‘pirilib, matbuot eng “muqaddas” narsalar – partiya apparati va KPSSning cheksiz hokimiyati tanqid qilingan o‘tkir maqolalarga to‘lib-toshdi. Shu tariqa Sibir daryolari hokimiyat va jamiyat munosabatlarida burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi. Natijada, tarixdagi eng buyuk irrigatsiya loyihasini amalga oshirishga chog‘langan mamlakat besh yildan so‘ng tarixga do‘ndi. Daryolar esa “sog‘-omon” qoldi.

XS
SM
MD
LG