Sirdaryo shahri Adolat mahallasida yashovchi fuqaro D.M.ning beshinchi homilasi tug‘ruqxonada vafot etdi.
Ayolning yaqinlari Daryo.uz nashriga chaqaloq “noto‘g‘ri ukol qilinishi oqibatida” nobud bo‘lgani, shunga qaramay, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaganidan shikoyat qilishgan.
Ayni paytda tuman prokuraturasi vakili D.M.ning yaqinlariga holat bo‘yicha hech qayerga murojaat qilmaslikni maslahat bergani aytilmoqda.
Marhum bolaning qarindoshi Feruza Xidirova uning jiyani vafot etgan tug‘ruqxonada yana bir qo‘shnisining farzandi ham o‘lganini iddao qilgan.
Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi fuqaro D.M.ning chaqalog‘i o‘lganini tasdiqlagan.
SSB talqinicha, RDS, tug‘ma zotiljam, og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi tashxisi bilan tug‘ilgan chaqaloqqa 17-noyabrga qadar shifokorlar nazorati ostida reanimatsiya bo‘limida yordam ko‘rsatilgan. Ahvoli bir oz yaxshilangach, 18-noyabr kuni onasiga berilib, reanimatsiya bo‘limidan palataga o‘tkazilgan. 19-noyabr kuni esa bola to‘satdan ko‘karib ketgan va shifokorlar shoshilinch reanimatsiya yordami ko‘rsatgunga qadar vafot etgan.
SSB chaqaloqning o‘limiga ukol emas, aspiratsion sindrom sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.
Ozodlik 20-noyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limidan ikki o‘lik chiqqani haqida xabar qilgan edi. O‘shanda ham ayol “noto‘g‘ri ukol sabab” olamdan o‘tganiga oid taxmin ilgari surilgandi.