Линклар

Шошилинч хабар
16 июл 2024, Тошкент вақти: 23:58

"Siyosatchilar balandparvoz nutqlarni yaxshi ko‘radi." Turkiy davlatlar hamkorligining kelajagi bormi?


TDTga a’zo davlatlar rahbarlari tashkilotning ilk sammitida. Samarqand, 11-noyabr, 2022-yil.
TDTga a’zo davlatlar rahbarlari tashkilotning ilk sammitida. Samarqand, 11-noyabr, 2022-yil.

3-noyabr kuni Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining 10-sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu uchrashuvdan nimani kutish mumkin? Rossiya Ukrainadagi urush botqog‘iga tushib qolgan bir paytda Turkiya mintaqadagi ta’sirini oshirishga urinmoqdami? Turkiy davlatlar o‘rtasida, xususan, harbiy sohada hamkorlik kelajagi bormi? «Ozodlik» bu haqda Shimoliy Kipr Yaqin Sharq universiteti siyosatshunoslik kafedrasi dotsenti Asel Tutumlu bilan suhbatlashdi.

TURKIYA MANFAATLARI VA TAʹSIRI QANDAY?

Ozodlik: Ostonada Turkiy davlatlar tashkilotining 10-sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Tashkilot fuqaro muhofazasining qo‘shma mexanizmini tasdiqlashi kutilmoqda. Sammitda mintaqa va undan tashqaridagi siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar muhokama qilinadi. Yig‘ilishning vaqti va geosiyosiy konteksti haqida nima deya olasiz?

Asel Tutumlu: Hozir [Yaqin Sharqda] sodir bo‘layotgan voqealarni hisobga olsak, bu Turkiya uchun juda muhim sammit. Urush davom etar ekan, Turkiya Qizil va O‘rta yer dengizi orqali janubdan ham, shimoldan ham yuk tashish uchun ma’lum xavflar borligini tushunadi. Shu bois Turkiya uchun Transkaspiy yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.

Bu yerda Turkiya manfaatlari bilan Markaziy Osiyodagi davlatlar manfaatlari mos keladi. Ular ham xavfli vaziyatda, chunki shimolda [Rossiya] bor, quyida esa Afg‘oniston. Toliblar Qo‘shtepa irrigatsiya kanalini qurayotganini hisobga olsak, ular bilan ishlash ancha qiyin. Uzoq muddatda bu kanal qishloq xo‘jaligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ichki va ayni damda tashqi xavflarni vujudga keltirishi mumkin.

Ozodlik: Tahlilchilar Turkiya prezidenti Erdo‘g‘onning asosiy maqsadi Rossiya Ukrainadagi urush botqog‘iga tushib qolgan bir paytda resurslarga boy sobiq sovet respublikalari bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlab olish ekanini ta’kidlamoqda. Bu haqda qanday fikrdasiz? Turkiya mintaqadagi ta’sirini oshirishga harakat qilmoqdami?

Asel Tutumlu: Albatta, Erdo‘g‘on rejimining Markaziy Osiyodagi rejimlarga ta’siri kuchayib borayotgani bor gap. Biz barcha darajada yaqin hamkorlikni ko‘rmoqdamiz: uchrashuvlar va maslahatlashuvlar tez-tez bo‘lib turibdi. Erdo‘g‘on rejimi va Markaziy Osiyo rejimlari tashqi siyosatda o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirishga harakat qilmoqda. Ammo Turkiyaning sarmoyador sifatida ta’siri ancha cheklangan.

Turkiya mintaqada barqarorlikni ta’minlashda o‘zini juda muhim o‘yinchi sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda: nafaqat Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilish, balki Yaqin Sharqda ma’lum muvozanatni yaratishda ham. Turkiya o‘zining alohida geosiyosiy mavqeini qanday ushlashni va undan Yevropa, Markaziy Osiyo, arab davlatlari va shimoliy qo‘shnilar bilan munosabatlarda qanday foydalanishni biladi. Turkiya kuchayib borayotgan bo‘lishi mumkin, ammo bu kontekstga bog‘liq: agar uni birdaniga ma’lum bir kuchlar, masalan, Rossiya, Eron yoki Isroil tan olmay qolsa, unda ta’sir dastaklari kamayadi.

ANQARA NIMA TAKLIF QILISHI MUMKIN?

Ozodlik: TDTning uzoq muddatli rejasining katta qismi ikki yil avval qabul qilingan “2040-yilgacha Turk dunyosi konsepsiyasi” hujjatida belgilangan. Unda ushbu tashkilot a’zo davlatlarning jamoaviy resurslaridan qanday foydalanishi va jahon sahnasida qanday qilib munosib kuchga aylanishi ko‘rsatilgan. TDT davlatlari jamoaviy resurslardan qanchalik foydalana oladi?

Asel Tutumlu: Hali ko‘p natija ko‘rmadik. Markaziy Osiyoning beshta davlati orasida urinishlar bor: ular mintaqa sifatida o‘z yaxlit tashqi siyosatini qurishga harakat qilmoqda. Keyin esa boshqa davlatlar, jumladan, Ozarbayjon va Turkiya bilan siyosat quriladi. Ya’ni, bu davlatlarning munosabatida qandaydir guruhlashuv bo‘lishi mumkin. Bu juda tabiiy. Ozarbayjon va Turkiya tarixan yaqin davlatlar, til va madaniyat jihatidan unchalik farq qilmaydi. Turkiya va Ozarbayjon bir guruh bo‘lib chiqyapti.

Qolgan uch a’zo (Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston) o‘z qarashlari va o‘z hamjamiyatiga ega. Bu ikki tizimni qanday integratsiya qilish katta savol. Kelajak ushbu ikki guruh hamkorlik qilish imkoniyatlarini qanchalik topa olishiga bog‘liq bo‘ladi.

Самарқанд саммити: Мирзиёев туркий давлатлар лидерларини кутиб олмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:14 0:00

Hozir ma’lum iqtisodiy istiqbollar bor. Ammo siyosiy jihatdan TDTning barcha a’zolari turli qadriyat va manfaatga ega. Masalan, Ozarbayjonning turkman gazini o‘z infratuzilmasi orqali o‘tkazish bo‘yicha juda oddiy taklifi ham muzokaralar darajasida qolib ketdi, chunki Turkmaniston [TDTda kuzatuvchi] turkman gazining Yevropa bozorlariga chiqishiga imkon beruvchi ko‘priklarni yaratishdan manfaatdor emas.

Turkmanistonning manfaatlari nafaqat turkman gazini sotish uchun yirik infratuzilmani yaratish, balki ichki infratuzilma va yangi konlarni rivojlantirishdan ham iborat. O‘z navbatida, Ozarbayjon va Turkiya Turkmaniston ichki iqtisodiyotidagi tarixiy o‘yinchilar bo‘lgan Xitoy yoki Rossiyaga solishtirganda ko‘p narsa taklif qila olmaydi.

Ya’ni, muayyan siyosiy pozitsiyalar va manfaatlar farqlanishi Nigoh-2040 ga erishish yo‘lida juda katta muammodir.

HARBIY SANOATDA HAMKORLIK IMKONI QANCHALIK?

Ozodlik: Sizningcha, qaysi sohada mamlakatlar faolroq hamkorlik qilishi mumkin?

Asel Tutumlu: Darhol esga harbiy sanoat keladi. Turkiya nafaqat Qozog‘istonda dron sotish yoki ishlab chiqarish yoki Qirg‘izistonga sotishdan, balki tanklar yoki artilleriya texnologiyasini sotish orqali mintaqadagi hozirligini kuchaytirishdan ham katta manfaatdor. Ammo bu yerda harbiy infratuzilma va tovarlarning 90 foizdan ortig‘i Rossiyadan kelishini ham tushunish kerak. [Turk harbiy texnologiyasi] hamma narsaga va har doim ham mos kelavermaydi.

[Qozog‘iston] harbiy aloqalar va harbiy sanoatni rivojlantirishda katta salohiyatga ega. Ammo ular bo‘shliqlar paydo bo‘lib qoladi, chunki komponentlarni birlashtirish deyarli imkonsiz. Shu sababli, mamlakat harbiy hamkorlik uchun Rossiya ta’minotiga qaram bo‘lib qolmoqda.

Markaziy Osiyodan Turkiya orqali Yevropa bozorlariga chiqa oladigan qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini yaratish haqida tez-tez gapiriladi. Ammo Markaziy Osiyodagi ekologik xavflarni hisobga olsak, bu ham ancha qiyin.

Ozodlik: Darhaqiqat, Turkiya bozori chaqqon harbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchisi sifatida tanilgan. Qozog‘iston hamkorlikda hujumchi dronlarni ishlab chiqarish rejasini e’lon qildi. Qozog‘iston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo bo‘lganini hisobga olsak, rejalar amalga oshishi qanchalik imkonli?

Asel Tutumlu: Bu yerda muammo KXSHTga a’zolikda emas, balki elita manfaatida. Prinsipial jihatdan bu dronlarni Qozog‘istonda qurish mumkin. Gap shundaki, ushbu dronlarni mahalliy ishlab chiqarish ularni tashqaridan sotib olish bilan solishtirganda elita uchun qanchalik manfaatli.

Buni sobiq “Kazaxstan Injiniring” sho‘ba tashkiloti misolida ko‘rdik. Kompaniya o‘z mahsulotlarini yaratish bilan shug‘ullangan, ammo davlat buyurtmalarini yo‘qotgan. Muayyan darajadagi amaldorlar uchun tashqaridan tovarlar sotib olish ancha oson. Elita davlat byudjeti pullarini xaridlarga sarflab, katta foyda oladi. Mahalliy ishlab chiqarishni yaratish mumkin, lekin u davlat yordamisiz ishlamaydi.

Ozodlik: Demak, bu masalada Rossiyaga e’tibor yo‘qmi?

Asel Tutumlu: Men bunday deb o‘ylamayman, chunki bu o‘ziga xos ishlab chiqarish. Biz dronlarni ishlab chiqaramiz, chunki Rossiya buni bizga taklif qila olmaydi. Agar biz mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirsak yoki Rossiyaniki bilan raqobatlashadigan qurollarni ishlab chiqarishga investorlarni taklif qilsak, katta muammolar bo‘lishi mumkin. Ammo biz bungacha boramiz deb o‘ylamayman: harbiy elita Rossiya institutlarida o‘qitilgan va bunday narsa ularning xayoliga ham kelmaydi.

ЭКСКЛЮЗИВ: Мирзиёев. Қрим. Тоштурма
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:43 0:00

MOSKVA VA ANQARA TAʹSIR O‘ETKAZISH UCHUN RAQOBATLASHADIMI?

Ozodlik: Mutaxassislar fikricha, TDTning maqsadlari ulkan bo‘lsa-da, hozir faqat Ozarbayjon va Turkiya bu ittifoq uchun qo‘shimcha harakatlar qilishga tayyor, chunki Rossiya Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ustidan ulkan ta’sir kuchiga ega. Bu haqda qanday fikrdasiz? Rossiyaning ta’siri TDTdagi hamkorlikka xavf soladimi?

Asel Tutumlu: Bu yerda Rossiya va Turkiya o‘rtasida raqobat bor deb o‘ylamayman. Nazarimda, Turkiya va Ozarbayjonning maqsadi Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga to‘liq mos keladi va Rossiya manfaatlariga zid emas.

Rossiya Turkiya taklif qilayotgan narsada xavf ko‘rmayapti. Ha, ayrim [rus] rasmiylari lotin alifbosiga o‘tish Rossiya ta’siriga qarshi kurash, deyishlari mumkin. Yoki muqobil yo‘laklarni yaratish tranzit hamkori sifatida Rossiyaga qiyinchilik tug‘diradi. Lekin, nazarimda, Rossiya muqobil yo‘laklar va yo‘llarni rivojlantirish o‘zi uchun ham foydali ekanini tushunadi. Uning MDH davlatlari va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi boshqa tashkilot va kelishuvlar doirasida davom etmoqda.

Ozodlik: Rossiya matbuoti hamon juda asabiy munosabatda. Yozda Ostona va Anqara Uralskda harbiy kemalar qurish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. G‘arb tahlilchilari esa bu Rossiya flotiliyasining Kaspiy dengizidagi hukmronligiga zarba berishi mumkin va Turkiya u yerda dominant o‘yinchiga aylanish niyatida, deb hisoblaydi.

Asel Tutumlu: Rossiya davlat ommaviy axborot vositalaridan har doim munosabat bo‘ladi. Rossiyada ba’zilar uni imperiya sifatida ko‘radi. Ehtimol, rus o‘quvchisi nazarida bu yaxshi: Rossiya e’tibor qaratadi, "nazorat qiladi".

Ammo, aslida, boshqaruvdagilar tushunishadi: bu qanchalik amalga oshishi hali noma’lum. Kaspiy dengizi sayoz bo‘lib borayotganini va chuqurroq qismi Eron va Turkmaniston tomonda joylashganligini hisobga olsak, hatto flotga muhtoj emasmiz. Shimoliy qismi juda tekis va unchalik chuqur emas. Shunday ekan, bu loyihani qay darajada amalga oshirish mumkinligi katta savol.

Ozodlik: Turkiya prezidenti huzuridagi Xavfsizlik va tashqi siyosat kengashi a’zosi, siyosatshunos Burhoniddin Duran o‘z maqolasida Turkiya mintaqada Xitoy bilan raqobatlasha olishini ta’kidladi. Sizningcha, bu mumkinmi?

Asel Tutumlu: Turkiya siyosatchilari dabdabali nutqlarni yaxshi ko‘radi. Lekin bu gaplar ortida Xitoy bilan raqobat qilishning hojati yo‘q, bu davlat hammaga kerak, degan tushuncha yotibdi: Markaziy Osiyoga ham, Ozarbayjonga ham, Turkiya va Yevropa davlatlariga ham. [Xitoy] Turkiyaning strategik joylashuvidan o‘z yuklarini o‘tkazish uchun foydalanishi mumkin. Turkiya yaxshi loyihalarni taqdim eta oladi, Xitoy esa sarmoya, resurslar va tovarlar bilan ta’minlaydi. Mintaqadagi kuchlar muvozanatga nazar tashlasak, Turkiyaning [Xitoy bilan] raqobatdan ko‘ra hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘proq.

Ozodlik: Xo‘sh, TDTdagi hamkorlik kelajagi haqida nima deyish mumkin?

Asel Tutumlu: Bu davlatlar o‘zaro hamkorlikni qanchalik oshirishiga bog‘liq bo‘ladi. Madaniy meros, mustahkamlanayotgan barqarorlik haqidagi dabdabali nutqlarga qaramay, biz hali ham savdo aylanmasi kichikligicha qolayotganini va deyarli o‘smayotganini ko‘ryapmiz. [TDTga a’zo mamlakatlar] hukumatlarining savdo aylanmasini ikki yoki uch baravar oshirish rejalariga qaramay, hech narsa ish bermayapti. Biz amalga oshirish juda qiyin bo‘lgan ma’lum bir rejalar tuzilayotganini ko‘ryapmiz.

XS
SM
MD
LG