AQSHning Immigratsiya va bojxona xizmati so‘nggi yilda Jo Bayden ma’muriyati 10 yil ichida rekord miqdorda migrantlarni deportatsiya qilgani haqida ma’lum qildi, deya xabar qilgan “Amerika ovozi”ning rus xizmati.
Immigratsiya va bojxona xizmati hisobotiga muvofiq, bu yil prezident Bayden ma’muriyati 192 mamlakatga 270 mingdan ziyod odamni deportatsiya qilgan, bu esa 2014-yildan buyon eng yuqori yillik ko‘rsatkich bo‘lib hisoblanadi.
Avvalroq Ozodlik 2023-yil sentyabridan 2024-yil sentyabrigacha AQSHdan O‘zbekistonga 572 kishi deportatsiya qilingani haqida xabar qilgan edi.
Xizmat deportatsiyalar soni oshishini diplomatik sa’y-harakatlar bilan izohlagan. So‘nggi yillarda Vashington boshqa mamlakatlar hukumatlarini deportatsiya qilingan fuqarolarni ko‘proq qabul qilishga ishontirishga muvaffaq bo‘lgan. Masalan, AQSHdan deportatsiya qilinganlarni ko‘p yillar mobaynida qabul qilmay kelgan Afrika va Osiyo mamlakatlari davlatlariga avvalgidan ko‘ra ko‘proq migrant yo‘llangan.
Deportatsiya bo‘yicha shunga o‘xshash ko‘rsatkichlar Donald Trampning ilk prezidentlik muddatida ham qayd etilgan: 2019-yilda 267 mingta deportatsiya amalga oshirilgan. Endilikda saylangan prezident “migrantlar deportatsiyasi bo‘yicha eng katta amaliyot” o‘tkazishni va’da qilgan.
Pyu tadqiqot markazi ma’lumotiga ko‘ra, AQSHda 11 millionga yaqin noqonuniy migrant istiqomat qiladi. Ekspertlar fikricha, bunday ko‘lam bilan Trampning bo‘lajak ma’muriyati saylangan prezident rejasini amalga oshirishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.