Линклар

Шошилинч хабар
15 май 2021, Тошкент вақти: 11:19

Sobiq MXX zobiti qiynoqqa solingani haqidagi ariza BMT qo‘mitasiga topshirildi


Odiljon Yo‘ldoshev Valijon va Alibek ismli o‘g‘illari bilan. Rasm 2007 - yilda olingan

O‘zbekistonda Turkmaniston foydasiga josuslik qilishda ayblanib, 15 yilga qamalgan sobiq 52 yashar MXX zobiti Odilbek Yo‘ldoshev ozod qilinishi talab qilingan ariza BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga topshirildi.

2011 - yildan beri qamoqda ushlab turilgan Yo‘ldoshev, advokat Sergey Mayorovning so‘zlariga ko‘ra, hibsga olinganining dastlabki kunlari Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) hibsxonasida qiynoqqa solingan. Mayorov Ozodlik bilan suhbatda 6 bo‘lim va 70 banddan iborat 16 varaqli ariza joriy yilning 29 - martida BMT inson huquqlari qo‘mitasi Oliy komissari shikoyatlar bo‘limiga yetib borgani haqida pochta bildirgisi olganligini aytdi.

Mayorov Inson huquqlari paktlari bo‘yicha individual shikoyatlarni qabul qiladigan dunëdagi yagona organ - BMT inson huquqlari qo‘mitasiga yuborilgan ariza nusxasini Ozodlikka taqdim qildi.

“Advokat Sergey Mayorov O‘zbekiston Respublikasiga qarshi” deb boshlanadigan arizada “qiynoqqa solingan mahkum Yo‘ldoshevning zudlik bilan ozod qilinishi talab etiladi.

Bu talab arizaning beshinchi bo‘limidan o‘rin olgan:

a) O‘zbekiston Respublikasi Odiljon Yo‘ldoshevning fuqarolik va siyosiy huquqlar xalqaro paktning (FSXP) 7-moddasiga binoan huquqlarini buzganligini, unga qiynoqqa solmaslik yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazoga tortilmaslik huquqini rad etganligini e’lon qilishi kerak.

v) O‘zbekiston Respublikasi Odiljon Yo‘ldoshevning FSXP ning 10-moddasi 1-bandiga binoan huquqlarini buzganligini e’lon qilishi va unga ozodlikdan mahrum qilingan barcha shaxslarga oid insoniy muomala qilish huquqi va o‘z qadr-qimmatini hurmat qilish huquqidan mahrum qilganini e’tirof etishi lozim.

d) O‘zbekiston Respublikasi Odiljon Yo‘ldoshevga FSXP ning 14-moddasi 1-bandiga binoan huquqlarini buzganligini, unga ishning adolatli va ochiq sud majlisida ko‘rish huquqini berib, unga "maxfiy" shtampni noqonuniy topshirganini, uni rad etganligini e’lon qilishi¸ hukmni qabul qilish va apellyatsiya instansiyasini aniqlash huquqi berishi shart.

e) O‘zbekiston Respublikasi Odiljon Yo‘ldoshevning FSXP ning 14-moddasi 3-bandining "b" "g" kichik bandlari huquqlarini buzganligini, unga yetarli vaqt ajratish huquqini rad etganligini va o‘zlariga qarshi ko‘rsatma berish yoki aybini tan olishga majbur qilganligini e’lon qilishi advokat Sergey Mayorov yozgan va BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga topshirilgan arizadda talab qiladi.

Shu bilan birga arizada

a) Sud, apellyatsiya va nazorat jarayonlarida chiqarilgan va tasdiqlangan mahkamada Yo‘ldoshevning asosiy kafolatlar ta’minlanmagan va xalqaro adolatli sud me’yorlariga rioya qilinmay tavsiflangan hukmni bekor qilinishi talab qilinadi.

b) O‘zbekiston Respublikasidan Yo‘ldoshevning zudlik bilan qamoqdan ozod qilishi shart.

v) Yo‘ldoshevning O‘zbekiston Respublikasi vatandoshligini tiklashi zarur.

Hujjat boshida bu talablar uchun asos bo‘lgan argumentlar keltirilgan.

Qovurg‘asi sindirilgan

Sergey Mayorov Ozodlik bilan suhbatda Yo‘ldoshevning muttasil qiynoqqa tutilgani isbotlar bilan keltirilganligini ta’kidlaydi. Mayorovga ko‘ra¸ so‘roq paytida MXX xodimlari uning qovurg‘asini sindirishgani rentgen suratiga olingan.

2017 - yil noyabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sudlarga qiynoqlar yordamida olingan har qanday dalil-isbotni qo‘llashni taqiqlovchi va faqat sud ishi davomida tasdiqlangan dalil-isbot asosida huquqiy qaror olishni buyuruvchi farmonga imzo chekkan edi.

"Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" deb nomlangan farmon 2018 - yil martida kuchga kirgan.

Ushbu farmonda prokurorlar ayblanuvchi yo ayblanuvchi oilasiga jismoniy yo ruhiy bosim o‘tkazilgan yo o‘tkazilmaganini tekshirishlari kerak, deyilgan.

Mahkumning advokati Sergey Mayorov 2018 - yilda aynan shu farmon asosida o‘z mijozi Odiljon Yo‘ldoshevning qiynoqqa solingani bo‘yicha jinoyat ishi ochilishiga erishilganini aytadi.

“Boshida qamalganida men unga advokatlik qilmaganman. Lekin hujjatlar bilan tanishib chiqdim. Ayblov mutlaqo soxta dalillar asosiga qurilgani shundoq ko‘rinib turibdi. Qiynoq orqali olingan. Ikki yil avval bu tekshirilib, haqiqatan qiynoq bo‘lgani o‘rtaga chiqdi. Ya’ni uning qiynoqqa solingani rasman tan olindi. Bas, shunday ekan, u ozod qilinishi va uni tahqirlaganlar javobgarlikka tortilishi kerak”, - dedi Mayorov.

Advokat arizasi asosida O‘zbekiston Oliy sudining 2019 - yil 16 - dekabrdagi mahkamasi Yo‘ldoshev ishini qayta ko‘rib chiqib, mahkumning qamoqda jazo o‘tash muddatini 15 yildan 12 yilga kamaytirgan.

O‘zbekiston Oliy sudi
O‘zbekiston Oliy sudi

"O‘zbekiston xaritasini turkmanlarga bergan"

Shu kunlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi UYa-64/69 koloniyasida jazo o‘taëtgan Odilbek Yo‘ldoshev advokati Mayorovga ko‘ra¸“o‘ziga o‘zi yolg‘on ko‘rsatma berishga majburlangan”.

“Har bir kitob do‘konidan sotib olish mumkin bo‘lgan O‘zbekiston va Toshkent xaritasini Turkmaniston xavfsizlik xizmatiga berdi, deb ayb qo‘yishgan. Xritalarning davlat siri emasligini sudda "Goskomzemgeokadastr"ning aerogeodeziya markazi direktori Ergashev tasdiqladi. Shpionaj deb atash uchun “o‘zi bo‘yniga olganidan” boshqa dalil-isbot yo‘q.”

Mahkumning 22 yoshli o‘g‘li Valijon Yo‘ldoshevning Ozodlikka aytishicha, otasi qamoqqa olinganining dastlabki kunlari unga josuslik aybini bo‘yniga qo‘yish uchun Toshkentdagi "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan DXX hibsxonasida"o‘n kun mobaynida qiynoqqa solishgan, qovurg‘asini sindirishgan".

"Qamoqqa olingan ilk kunlari dadamni o‘n kun davomida aybni bo‘yniga qo‘ydirish uchun tinimsiz kaltaklashgan. Keyingi holat uch yil oldin bo‘lgan, uni gapirishga majburlashgan, lekin video hech qayerda chiqmadi. Va nihoyat, otam qiynoqqa solingani bo‘yicha ikki yil avval jinoyat ishi ochilishiga erishdik. Lekin muddat o‘tib ketgan, deya ishni yopishdi, otamni qiynoqqa solganlar shu bilan javobgarlikka tortilmasdan qoldi. O‘rniga 15 yillik qamoq uch yilga qisqartirildi. Ayblov qiynoq evaziga qo‘yilgani aniq bo‘ldi, lekin uni ozodlikka chiqarishmayapti”, - deydi Valijon Yo‘ldoshev.

O‘zbekistonda Turkmaniston foydasiga josuslik qilishda ayblanib, 15 yilga qamalgan sobiq MXX zobiti Odilbek Yo‘ldoshev.
O‘zbekistonda Turkmaniston foydasiga josuslik qilishda ayblanib, 15 yilga qamalgan sobiq MXX zobiti Odilbek Yo‘ldoshev.

Ilonlidan chiqqan "Josus"

Josuslikda ayblangan Yo‘ldoshev Turkmaniston SSR Toshovuz viloyati Ilonli tumanida tug‘ilgan. 1986 - yil Toshkentdagi 45-son kasb-hunar bilim yurtiga o‘qishga kirgan. 1993 - yilda ToshDU tarix fakultetini bitirgan. 1993 - yil 30 - iyulida MXX shaxsiy tarkibiga ishga olingan. 2000 - yilning 7 - dekabrida ishdan bo‘shatilgan. 2011 - yilgi mahkamada u O‘zbekiston vatandoshligini soxta yo‘l bilan olganlikda ayblanib, pasporti berkor qilingan. Hozirgi kunda Yo‘ldoshev "vatandoshligi yo‘q shaxs" maqomida jazo o‘tamoqda.

O‘g‘lidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, Odiljon Yo‘ldoshev MXXdagi ishidan ayrilgach, Koreyaning moliyaviy ko‘magida O‘zbekistonda ochilgan “Koyka” beg‘araz yordam tashkilotida ishlagan. 2011 - yilda u Turkmaniston davlatiga josuslik, ularning vakillariga davlat sirlarini etkazishda ayblanib, 15 yilga qamalgan.

O‘g‘lining aytishicha, tergov hujjatlarida Yo‘ldoshev kasb taqozosi bilan Turkmanistonga va Turkmaniston elchixonasiga bot-bot borib turgani va ushbu davlat maxsus xizmatlariga ishlash uchun yollangani aytilgan.

Valijon Yo‘ldoshev ushbu ayblovlar to‘qib chiqarilganini ta’kidlaydi.

"Dadamni SNBdan ketishiga bitta holat sabab bo‘lgan. Katta jinoyatga ko‘z yumasan, qolasan, bo‘lmasa ketasan, deyishgan. Dadam rozi bo‘lmagan, shu bilan SNBdagi ishidan ketdi. ""Koyka" degan tashkilotga ishga kirdi. O‘sha paytda otam elchixonalarga borib turardi, jumladan Turkmaniston elchixonasiga ham. Otamga qo‘yilgan ayblov hujjatlarida Turkmaniston elchixonasiga O‘zbekistondagi Xitoy va Rossiya shirkatlari haqida ma’lumot berib turgani, buning evaziga 4 ming AQSh dollari miqdorida pul olgani aytiladi. O‘zbekiston xaritasini ham bergan ekan. Bularni hammasi obshiy dostupdagi ma’lumotlar. Bundan tashqari, Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIBsidan berilgan o‘zbek pasporti soxta bo‘lgan va shu pasport bilan chet davlatlarga chiqib kelgan, degan ayblovlar bor. Bularning hammasi to‘qib chiqarilgani va qiynoq ostida bo‘yniga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi”, - deydi Valijon Yo‘ldoshev.

Odiljon Yo‘ldoshevga qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan O‘zbekiston rasmiy idoralaridan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zini Oliy sud matbuot xizmati xodimi, deb tanishtirgan mulozim "harbiy va davlat sirlariga oid jaraënlar izohlanmasligi"ni aytish bilan kifoyalandi.

Mahkumning o‘g‘li otasini ozod etishni so‘rab O‘zbekiston Ombudsmeni va Prezident qabulxonasiga yozgan murojaatlari javobsiz qolganini aytdi.

O‘tmishda O‘zbekistonda qo‘shni davlat foydasiga josuslik ayblari bilan qator harbiy va maxsus xizmat zobitlari mahkum etilgan.

2014 - yilda qo‘shni Turkmanistonga josuslik qilishda aybdor, deb topilgan to‘rt nafar qashqadaryolikka uzoq yillik qamoq jazolariga tayinlangan.

O‘zbekiston televideniesi turkman maxsus xizmatlarining O‘zbekistonga qarshi "dushmanona faoliyati"ga bag‘ishlangan ko‘rsatuvda o‘zbek-turkman chegarasida joylashgan Tallimarjon suv omborining sobiq xodimlari bo‘lgan bu shaxslar 2009-2010 - yillar davomida qo‘shni davlat maxsus xizmatlari bilan "hamkorlik" qilganliklari iddao qilingan.

XS
SM
MD
LG