Sochi va Qozon aeroportlari vaqtinchalik uchoqlarni qabul qilmayapti va yo‘llamayapti. Cheklovlar “yo‘lovchi uchoqlari parvozlarini xavfsizligini ta’minlash” maqsadida kiritilgan, deya bildirilgan Rosaviatsiya tomonidan 27-dekabr tongida tarqatilgan xabarnomada. Rosaviatsiya vakillari bunga oid boshqa tafsilotlarni keltirishmagan.
Baza telegram-kanalining yozishicha, parvozlar dron hujumlari xavfi tufayli to‘xtatilgan.
Qozon aeroporti 25-dekabr kuni ham faoliyatini to‘xtatgan. O‘shanda Rossiya rasmiylari Ukrainaga tegishli 59 ta dron yo‘q qilingani haqida bildirishgan edi.
O‘tgan tunda Volgograd va Astraxan aeroportlarida ham havo hududidan foydalanishga cheklov kiritilgan edi. Hozirda bu cheklov bekor qilingan.
Rossiya Mudofaa vazirligi 27- dekabrga o‘tar kechasi havodan mudofaa kuchlari Bryansk, Kursk, Belgorod, Tula va Astraxan viloyatlari hududlarida Ukrainaning 13 ta dronini urib tushirganini ma’lum qilgan.
Kursk viloyati hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyat hududida raketa ham urib tushirilgan.