Линклар

Шошилинч хабар
08 октябр 2024, Тошкент вақти: 03:58

Sovet davridan qolgan panel uylarni qanday ta’mirlash kerak? - Litva tajribasi


Vilnyusdagi sovet davrida qurilgan ko‘p qavatli uylar.
Vilnyusdagi sovet davrida qurilgan ko‘p qavatli uylar.

O‘tgan qishda Boltiqbo‘yi davlatlarida uylarni isitish xarajatlari odamlarni rosa qo‘rqitib yuborgandi. Ayniqsa, SSSR davrida qurilgan uylarda yashovchilarni. Sovetlar uy qurarkan, energosamaradorlik haqida o‘ylamagan, boz ustiga ular ancha eskirdi ham. Bunaqa uylar issiqlikni yaxshi saqlamaydi, binobarin ularning egalari qishda isitishga bir necha yuz yevro ko‘p mablag‘ sarflaydilar.

Masalaning ekologik jihati ham bor: Yevropa Ittifoqida 40 foiz energiyani binolar “iste’mol qiladi”. Barcha issiqxona gazlarining 36 foizini ham ular atmosferaga chiqaradi. Shu bois, Litvada nafaqat kommunal xizmatlar haqini kamaytirish va fuqarolar turmush sifatini yaxshilash uchun, balki iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish uchun ham keng ko‘lamli renovatsiya dasturi yo‘lga qo‘yilgan.

Odamlarning qo‘rquvlari

Vilnyusning Mintes ko‘chasidagi to‘qqiz qavatli uy 1968-yilda qurilgan bo‘lib, bir marta ham ta’mirlanmagan. Shirkat raisi Yonas Yuodka 2023-yil martda o‘zi tashabbus ko‘rsatib, renovatsiyani boshlagan. Uyda 144 xonadon bor, butun loyiha 3 mln yevroga tushgan.

Yonas ishni istiqomat qiluvchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazishdan boshlaganini aytadi. Kamida 50 foiz va bitta ovoz kerak bo‘lgani holda 90 foizdan ortiq ovoz yig‘ilibdi. “Hamisha tayyor va doim qarshi bo‘lganlardan ko‘ra arosatdagilar ko‘p edi, aynan o‘shalar bilan qattiq ishladik, har biri bilan 2-3 qaytalab suhbatlashdik, savollariga javob berdik”, deydi u.

Eng katta shubha masalaning moliyaviy tomoni edi: odamlar jamoaviy kredit olyapmiz, deb xavotirga tushishgandi.

“Rostdan ham qo‘rquv ko‘p. Eng avvalo qat’iy qarorga kelish, kredit olish kerak. Odamlar “xo‘p, kredit oldim deylik, lekin uni to‘lay olmay qolib, uyimdan ayrilsam-chi?” deb so‘rashardi. Hozir bunaqa ta’mirlangan uylar ko‘payib qoldi, aholi qo‘shnilari o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishyapti. Renovatsiya qilingan uylarda isitish xarji ancha kam, turmush sifati va komfort butunlay boshqacha”, deydi Litva Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi tarkibidagi renovatsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi davlat agentligi bosh mutaxassisi Lina Balchyunene.

Mazkur agentlikning binolar energosamaradorligi departamenti direktori Gintare Burbiene renovatsiya chog‘ida kim va nima uchun pul to‘lashini quyidagicha tushuntiradi:

“Ko‘pxonadonli uyda renovatsiya boshlar ekansiz, ish tugamaguncha bir chaqa ham sarflamaysiz. Hukumat loyiha ma’murchiligini, butun texnik tayyorgarlik va nazorat haqini yuz foiz to‘laydi. Imtiyozli kredit olinadi, ishlar boshlanadi va renovatsiya yakuniga qadar pudratchiga moliya muassasasi pul to‘laydi”.

Istiqomat qiluvchilar renovatsiyaga rozilik bersalar, ularga ikki loyihadan birini tanlash taklif qilinadi. Loyiha qiymati 500 ming yevrodan oshgan taqdirda davlat uy energosamaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarning 35 foiz qiymatini subsidiyalaydi. Kommunikatsiyalarni yangilash va boshqa ta’mir uchun xonadon egalari o‘zlari pul to‘laydilar. Biroq odatda ular qimmatroq bo‘lsa ham kompleks loyihani tanlashmoqda. Bunda imtiyozli kredit uy sohibiga emas, kvartiraga rasmiylashtirilmoqda. Ya’ni, xonadon sotilganida yangi sohibi kreditni to‘lashda davom etadi.

Shirkat raisi Yonas Yuodka aytishicha, kredit 20 yil muddatga berilmoqda. “Agar xonadoningiz 40 kv.metr bo‘lsa, shuni taxminan 1,02 yoki 1,05 ga ko‘paytirasiz – kredit bo‘yicha oylik to‘lov miqdori kelib chiqadi”, tushuntiradi u.

Barcha ishlar tugab, uyning energosamaradorligi oshgach odamlar xonadonni isitishga kamroq mablag‘ sarflay boshlaydilar va bu renovatsiya xarajatlari o‘rnini qoplaydi. Yonas Yuodka avvalboshda qariyalar pensiyamiz renovatsiyaga yetmaydi, deb xavotirga tushganini eslaydi. “Ularga aytdim, qo‘rqmanglar, dedim. Nega? Chunki davlat kam daromadli fuqarolar va pensionerlarga imtiyoz beradi, ya’ni renovatsiya uchun to‘lovni ular nomidan o‘zi to‘laydi”, deydi u.

Energosamarador uylar

Mintes ko‘chasidagi 42-uy renovatsiyaga qadar F energetika toifasiga kirar edi, hozirda uning energosamaradorligi V darajaga ko‘tarilgan.

“Uyimizda barcha tarmoqlar – suv yo‘llari, kanalizatsiya, elektr tizimi butunlay yangilanyapti. Tom ta’mirlanmoqda. Hamma ishlar tugagach, odamlar tamoman boshqa turmush darajasiga erishadi, – deydi Yonas Yuodka. – Renovatsiyada “yashil” energiya manbalari qo‘llansin, degan talab bor. Tomda 12 kilovoltli kichik quyosh elektr stantsiyasi allaqachon ishlab turibdi. Uning quvvati yo‘laklarni yoritish va liftlarni ishlatishga bemalol yetadi”.

Devorlar, poydevor va tom bilan birga balkonlar ham isitilib, uyda mog‘or paydo bo‘lmasligi uchun isitish va havo almashtirish tizimlari ham almashtirilmoqda. Energiyani tejaydigan derazalar o‘rnatilyapti. Tabiiyki, bu ko‘p vaqtni oladi. Ammo renovatsiya jarayonini bir necha baravar tezlashtirish mumkin. Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligining Ekologiyaga oid loyihalarni boshqarish agentligi ishlarga ketadigan vaqtni besh karra qisqartiradigan modulli renovatsiya loyihasini ishlab chiqqan. Modulli renovatsiya 6 oydan 12 oygacha davom etadi.

"Тошкент Сити қурилиши сабабли одамлар ўз уйларидан чиқариб юборилмоқда"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:21 0:00

Ishchi kuchi tanqisligi va turli uslubdagi loyihalar

Urbanistlar va me’morlar nazarida dasturning eng katta nuqsonlaridan biri – har bir uy ahli renovatsiya loyihasini tanlar ekan, uning tevarak-atrofga uyg‘unligini hisobga olmasligidir. Natijada Vilnyusda va boshqa shaharlarda turli davrlarda va turlicha uslubda restavratsiya qilingan yonma-yon uylar paydo bo‘layotir, deydi Litva arxitektorlari uyushmasi boshqaruvi a’zosi, arxitektor Ruta Leytanayte.

“Hech kim boshqalar nima qilayotganiga qaramaydi, hamma faqat o‘z uyini o‘ylaydi. Davlat mikrotuman rejasini, uning vizualizatsiyani tayyorlashga ham mablag‘ ajratsa bo‘lardi. Atrofning jamoat joylari, infratuzilmalar, yangi yo‘llar va hokazolarni o‘z ichiga olgan umumiy tasviri paydo bo‘lgach, uylar ahli yakunda hudud qanday ko‘rinishga kelishini oldindan bilgan holda renovatsiyani boshlayverardi. Bu qaytaga odamlarning renovatsiyaga qiziqishini oshirgan bo‘lardi, deb o‘ylayman. Isitish va elektr xarajatlari kamayishi juda soz, ammo buning yoniga ijtimoiy infratuzilmalar, bolalar o‘yin maydonchalari ham qo‘shilsa yanada ajoyib bo‘ladi-ku”, deydi u.

Ruta Leytanayte Litvada yaxshi renovatsiya qilingan butun bir daha yoki mikrotumanlarni faqat Klaypeda shahrida uchratish mumkinligini aytadi. “Ayniqsa Rumpishkes tumaniga borsangiz, renovatsiya jamoat maskanlarini ham qamrab olganini ko‘rasiz”, deydi arxitektor.

Rumpishkesdagi kompleks loyihaning ahamiyati shundaki, u yerda turar-joy binolarini renovatsiya qilish bilan birga atrofdagi 10 gektardan ziyod hudud obodonlashtirilgan. Bu ishlarga 6 mln yevrodan ortiq mablag‘ sarflanib, xarajatlarning katta qismini YI fondlari to‘lab bergan. Hovlilarda yangi mashina qantarish joylari, maysalar, bog‘kursilar, piyodalar yo‘laklari, chiroqlar, bolalar va sport maydonchalari, velosiped saqlash joylari paydo bo‘libdi.

Renovatsiya agentligi bosh mutaxassisi Rita Balchyunenega ko‘ra, eski uylarni yangilash bilan bog‘liq yana bir jiddiy muammo – qurilish resurslari etishmovchiligidir. “Masalan, birdaniga 400 ta loyiha tasdiqlanadi, ularning barchasiga quruvchilar kerak, ishchi kuchi esa cheksiz emas. Natijada ko‘p loyihalarni amalga oshirish cho‘zilib ketyapti”, deya noliydi mulozima.

Litva tajribasi boshqalarga ham asqotadi

Litvada ko‘p xonadonli uylarni renovatsiya qilish keng ko‘lamli dasturi Yevropa investitsiya banki, Yevropa komissiyasi hamda Yevropa Kengashining Taraqqiyot banki ko‘magida ishga tushirilgan edi. Ular barcha sarf-xarajatlarni qoplab berishmaydi, lekin amalda xususiy mablag‘larni jalb etuvchi katalizator vazifasini bajarishmoqda. O‘n yil ichida Litvada 4000 ta uy renovatsiya qilindi. YI ma’murchilik ishlari, loyihalar va texnik nazoratni moliyalashga yordam beradi, bundan tashqari, 700 ta yangi loyiha uchun 239 mln yevro subsidiya ajratgan.

2020-yilda “yangi Bauhauz” nomli umumyevropa dasturi paydo bo‘lgan edi. Undan ko‘zlangan ekologik maqsad – 2050-yilga borib dunyoda birinchi iqlimiy neytral qit’a bo‘lish. Arxitektor Ruta Leytanayte dasturning estetik vazifalari ham juda muhimligini aytadi.

“Men doim Turinni misol qilib keltiraman. Shahar bosh arxitektori juda ham iste’dodli kishi bo‘lib, u renovatsiya uchun turli texnologiyalardan foydalanish, materiallar bilan ishlash, balkonlar, liftlar qo‘shish va boshqa ishlarni tizimlashtirgan. Ya’ni bu o‘zicha loyiha emas, balki metodologiya bo‘lib, amalda bir xilda tatbiq etilmoqda. Yoki Fransiyaning Bordo shahrini oling: ular renovatsiya jarayonida uylarga terrasalar qo‘shishgan, kvartiralar maydonini kengaytirishgan. Demoqchimanki, uylarni mana shu tarzda, yanada muvaffaqiyatli renovatsiya qilish ham mumkin”, deydi u.

Эски шаҳар & Tashkent city одамлар тақдирида (6-қисм)
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:32 0:00

YI moliyalash samaradorligi va renovatsiya sur’atlari nuqtai nazaridan Litva tajribasini ijobiy baholamoqda. Bu tajriba Boltiqdagi boshqa davlatlar va Sharqiy Yevropa uchun foydali bo‘lishi mumkin. Litva arxitektorlari uyushmasi Ukraina madaniy merosini saqlash va tiklash loyihasiga boshchilik qilmoqda. Loyihada Yevropaning turli mamlakatlaridan 11 tashkilot ishtirok etayotir.

“Tashabbuslardan biri sovetlardan qolgan uylarni tubdan yangilashga qaratilgan, zero bu mavzu Ukraina uchun juda dolzarb, – deydi Ruta Leytanayte. – Ularga sifatli uy-joy kerak, mamlakatda Ikkinchi jahon urushidan keyin qurilgan uylar nihoyatda ko‘p. Litvada va Yevropadagi boshqa mamlakatlarda renovatsiya jarayonida orttirgan tajribamiz Ukrainada bizga asqotadi, deb umid qilaman. Ukrainalik mutaxassislar bilan birga, sovet davrida qurilgan uylar renovatsiyasida qo‘llash uchun qo‘llanma ishlab chiqishni rejalayapmiz”.

XS
SM
MD
LG