Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:22

“Spasibo" o‘rniga... O‘zbek tili targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir ayrim rus tillilarga yoqmadi


2 - oktabr kuni Chirchiq shahrida (Toshkent viloyati) davlat tilida so‘zlashish madaniyatini oshirishga qaratilgan ko‘rgazmali tadbir boshlandi.

O‘zbek so‘zlashuv tiliga boshqa tillardan kirib qolgan so‘zlar o‘rniga o‘zbekcha muqobillarini qo‘llashga chorlovchi bu tadbirni rus tilida so‘zlashuvchi qatlamning ba’zi vakillari qoralab chiqdi.

Vaziyatni sharhlagan tahlilchilar fikricha, Chirchiq hokimligi tashabbusi butun mamlakat bo‘ylab yoyishga arziydigan ishdir.

“Spasibo” o‘rniga “rahmat”!

Chirchiq shahar hokimligi 2 - oktabr kuni o‘zining Telegram-kanalida xabar qilishicha, “shahardagi jamoat joylari, jumladan do‘konlar, o‘quv yurtlari, jamoat transportlari va boshqa shu kabi aholi gavjum bo‘ladigan obyektlarda, o‘zbek tilida to‘g‘ri yozilgan, doimo zaruriy ehtiyojda bo‘lgan so‘z va nomlanishlarni, kichik formatdagi flaerlari chiqarilib, eng qulay joylarga joylashtirish chelenjiga start berildi”.

Hokimlik o‘z xabariga ilova qilgan suratlarda jamoat joylariga ilingan varaqalar aks etgan. Ularda bir tushunchaning ikki tilda berilgan variantlari yozilgan. Varaqalardagi so‘zlarning boshqa tildagi varianti to‘g‘risiga “noto‘g‘ri”, o‘zbek tilidagi so‘z to‘g‘risiga “to‘g‘ri” belgisi qo‘yilgan.

Chirchiq shahar hokimligi til madaniyatini oshirishga qaratilgan aksiya o‘tkazdi. 2021, 2 - oktabr.
Chirchiq shahar hokimligi til madaniyatini oshirishga qaratilgan aksiya o‘tkazdi. 2021, 2 - oktabr.

Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi Fahriddon Qodirovning jurnalistlarga aytishicha, tadbirdan maqsad 1989 - yilning 21 - oktabrida qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning 32 yilligi bayram qilinadigan kun arafasida “keng qo‘llaniladigan so‘zlarning o‘zbekcha muqobili borligini yodga solib qo‘yish bo‘lgan, xolos”.

“Masalan, o‘zbeklar ko‘pincha “kassa” deydi, vaholanki, o‘zbekcha “g‘azna” degan so‘z bor. “Spasibo”ning o‘rniga “rahmat”, “pojaluysta”ning o‘rniga “iltimos” desa bo‘ladiku! O‘zbekcha gapga ruscha so‘zlar qo‘shib gapirilsa, o‘zbekistonliklar tushunadi. Biroq Rossiyada ruscha gapirarkansiz, o‘zbekcha yoki inglizcha qo‘shsangiz, xunuk ko‘rinadi”, degan matbuot kotibi.

Fahriddon Qodirovning fikricha, “ikki o‘zbek o‘zaro muloqot qilar ekan, sof o‘zbek tilida gaplashsin”.

Rus tillilarga og‘ir botdi

Chirchiq shahar hokimligining so‘zlashuv madaniyatini oshirishga qaratilgan bu tashabbusini rus tilida ishlaydigan ayrim nashrlar hamda blogerlar rus tilini kamsitishga qaratilgan aksiya sifatida baholadi.

Podrobno.uz sayti “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonundagi mana bu me’yorni yodga soldi:

“Ushbu Qonun tillarning turmushda, shaxslararo muomalada hamda diniy va ibodat bilan bog‘liq udumlarni ado etishda qo‘llanishini tartibga solmaydi. Fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar”.

O‘zbekistonlik rus tilli bloger Nikita Makarenko esa, chirchiqliklar tashabbusi bilan bog‘liq Feysbukda e’lon qilgan postini “Chirchiqda chet tillarga qarshi kurash kampaniyasi boshlandi”, degan jumla bilan boshladi. Uning fikricha, bu “Kasalxonadan yangiliklar” turkumiga kiruvchi xabardir.

Bloger o‘z posti ostida izoh qoldirgan ingliz tillilar bilan muloqotga kirishar ekan, “O‘zbekistonda rus tili Ukrainadagiday siquvga olinayotgani” ni iddao qildi.

Ayni paytda izoh qoldirganlarning ba’zilari matbuot e’tiborini "yo‘q joydan ko‘tarilgan janjal" deb atadi.

“Ana xolos, yo‘q joydan janjal ko‘tarishibdi. Hokimlik odamlar yodiga o‘zbekcha gapirayotganda o‘z nutqiga maishiy ma’nodagi ruscha so‘zlarni aralashtirish xunuk ekanligini eslatib qo‘ymoqchi bo‘lgan, xolos. Bular esa, go‘yoki hammani o‘zbekcha gapirishga majburlashayotganday vahima ko‘tarishyapti”, deb yozgan (ruschadan tarjima-tahr.) izohlarda Davron Ixmatullayev ismli tarmoq foydalanuvchisi.

"Butun mamlakatga yoyishga arzigulik tashabbus"

Ozodlik Chirchiq shahar hokimligi ko‘targan tashabbus va uning atrofida yuzaga kelgan munozaraga munosabatini so‘rab taniqli adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshevga murojaat qildi.

Professor Qozoqboy Yo‘ldoshev
Professor Qozoqboy Yo‘ldoshev

“Chirchiqning hokimidan chiqqanmi, boshqa mulozimidanmi - kimdan chiqsa ham yaxshi tashabbus bo‘libdi. Til madaniyati masalasida odamlarning o‘zini ishga soladigan fursat yetdi. Bu masalada oydinlarimizning bir hovuchi, hammasi ham emas, turli joylarda chiqishlar qilib yotibdiyu lekin samara kutilganiday bo‘lmayapti. Chirchiqda yaxshi yo‘lini topishibdi. Bu tashabbusni quloch yoydirish kerak, butun mamlakatga yoyish kerak, aslida”, dedi professor Qozoqboy Yo‘ldoshev.

U bu kabi tadbirlar "millatchilik ko‘rinishi" sifatida talqin qilinmasligi kerakligini urg‘uladi.

“Agar hatto ona tilimiz madaniyatiga bag‘ishlangan tadbirniyam kimlardar “shovinizm”, deb baholayotgan bo‘lsa, biz bunga parvo qilmasligimiz kerak. Da’vogar sust bo‘lsa, qozi muttaham bo‘ladi, deyishadiku. Biz qanchalar boshqalarning ko‘ziga qarayversak, o‘z uyimizgayam egaligimiz qolmaydi”.

Atamalar komissiyasi jim

O‘zbekistonda Chirchiq shahar hokimligi ko‘targan tashabbusni ilmiy-tashkiliy asosda, tizimli ravishda har kunlik ishiga aylantirishi lozim bo‘lgan muassasa mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 - yil 21 - oktabrdagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2020 - yil, 29 - yanvardagi qarori bilan Atamalar komissiyasini tuzgan.

Atamalar komissiyasi zimmasiga qator vazifalar yuklatilgan:

  • ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish;
  • boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklarni normativ-huquqiy hujjatlar normalariga ziyon yetkazmagan holda tahrir qilish;
  • o‘zbek tiliga kirib kelayotgan yangi atamalarni qonun hujjatlariga joriy etish va amalda qo‘llashning huquqiy muammolarini o‘rganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash;

Professor Qozoqboy Yo‘ldoshev kasbidan kelib chiqib, Atamalar komissiyasi tuzilganidan buyon amalga oshirgan ishlar to‘g‘risida bilishi mumkin bo‘lgan kishilar toifasiga kiradi. Biroq u komissiya faoliyatiga oid savolimizga: “Shunaqa komissiya bor ekanmi?” deb javob berdi.

Atamalar komissiyasi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

"Ruslar nega o‘zbek tilini "hurmat qilmaydi"

Rus tilidagi Vesti.uz nashri xuddi shu sarlavha ("Pochemu russkie "ne uvajayut" uzbekskiy yazik")ostida Kseniya Dasayeva degan muallifning maqolasini chop etdi.

Muallif O‘zbekistonda yashab turib, o‘zbek tilini bilmasligining bir necha sababi, jumladan o‘zbek tili o‘qituvchilari uquvsizligini keltirgan:

"Agar chet ellikni ko‘zlarini boylab, Toshkentga olib kelib tashlasangizu do‘konlar va restoranlar peshlavhalaridan qaysi mamlakatda ekanligini topishni buyursangiz, u Boutique «Milano», «Little Italy», «Rich», Cafe «Elita», «Grand», «Fratelli casa», «La Piola», «Plov ang Lounge», Beauty Salon «Bella» degan yozuvlarga qarab turib, qayerga kelib qolganini tushunarmikan? Chet ellik boyaqishni har qadamdagi DORIXONAgina qutqarib qolsa kerak..."

  • 21 - oktabrda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga 32 yil to‘ladi.
  • Oliy majlis Senati shu yil 26 - iyun kuni o‘tgan yig‘ilishida yangi tahrirdagi “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Qonun prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng kuchga kiradi.
  • Yangi tahrirdagi qonunga asosan, qonunchilik, ijro, sud va boshqa davlat organlarida ish yuritish, statistika va moliyaviy hujjatlar faqat o‘zbek tilida yuritiladi. Bundan tashqari davlat organlari o‘zaro yozishmalarida ham faqat davlat tilidan foydalanishi shart.
  • Davlat tili to‘g‘risidagi qonun ijrosi bilan bog‘liq og‘riqli masalalardan biri o‘zbek alifbosining hanuz ikki yozuvli bo‘lib qolayotganidir.
  • O‘zbek yozuvini kirilldan lotinga o‘tkazishga doir ilk hujjat imzolanganiga 28 yil bo‘ldi. 1993 - yili qabul qilingan qonunga binoan o‘zbeklar lotin yozuviga asoslangan yangi alifboga bundan 11 yil muqaddam to‘la o‘tib bo‘lgan bo‘lishi kerak edi.
  • Vazirlar Mahkamasining 2021 - yil 10 - fevraldagi qarori bilan lotin alifbosiga to‘liq bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
  • Rejaga muvofiq, hozirda kirill alifbosida yuritiladigan barcha joy va ko‘cha nomlari, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlar, ish qog‘ozlari va turli blanklar 2022 - yil dekabriga qadar lotin yozuviga o‘tkazilishi lozim.

XS
SM
MD
LG