Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:10

“Sputnik V” vaksinasiga oid ma’lumotlarning to‘g‘riligi shubha ostiga olindi


“Sputnik V” vaksinasi - Yerevan, Armaniston, 26 - aprel, 2021
“Sputnik V” vaksinasi - Yerevan, Armaniston, 26 - aprel, 2021

Tibbiyot sohasiga oid nufuzli “The Lancet” jurnalida e’lon qilingan maqolada bir guruh epidemiolog va biologlar Rossiyaning koronavirus infektiyasiga qarshi “Sputnik V” vaksinasi sinovlarining uchinchi bosqichiga oid ma’lumotlarnining haqqoniyligini savol ostiga oldi. Olimlar ushbu ma’lumotlarga asoslanib vaksinaning samaradorligi va xavfsizligi haqida chiqarilgan xulosalarga ham jiddiy shubha bilan qaramoqda.

“The Lancet”dagi ochiq xatda olimlar – ular orasida rossiyalik mutaxassis ham bor – avvalroq shu nashrning o‘zida chop etilgan Rossiya vaksinasi sinovlariga doir ma’lumotlarni tahlil qilishgan. Vaksinani yaratgan Gamaleya nomidagi institut mazkur sinovlarga tayangan holda “Sputnik”ning mahsuldorligi 91 foizdan ortiq, deya bayonot bergandi.

Yetakchi tibbiyot jurnalida nashr etilgan maqola nafaqat Rossiya hukumati, balki dunyoning turli mamlakatlari, jumladan, YeI siyosatchilariga ham emdorining ishonchliligi haqida dadil gapirish uchun asos bo‘ldi. Narigi olti vaksinadan farqli o‘laroq JSST tomonidan rasman ma’qullanmagan bo‘lsa-da, o‘nlab davlatlar “Sputnik V” vaksinasini sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzgan.

Tanqidiy maqola mualliflari, vaksinani yaratgan olimlarning dalillarini tahlil qilib, taqdim etilgan ma’lumotlarda ko‘plab nomutanosibliklar, g‘alati va shubhali o‘xshash natijalar (rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, vaksina barcha yosh toifalarida deyarli bir xil samaradorlik qayd etgan) mavjudligi, sinovlarning uchinchi bosqichi shaffof hamda aniq qoidalarga rioya qilgan holda o‘tkazilmagani haqida yozganlar.

Biroq ularning xavotiriga sabab bo‘lgan birlamchi manba — sinovlarga doir qator ma’lumotlarning hech qayerda e’lon qilinmaganidir, zero, mualliflar fikricha, ushbu ma’lumotlarsiz sinovlar natijalarini xolisona baholash imkonsizdir.

Avvalroq maktub mualliflari “Sputnik” sinovlarining 1- va 2-bosqichlariga oid oldin e’lon qilingan natijalarga shubha bildirishgan edi.

Vaksinani ishlab chiqqan mutaxassislar tanqidiy mazmundagi ochiq xatga “The Lancet” jurnalining o‘zi orqali javob qaytarishdi. Ular “Sputnik V”ning xavfsizligi va immunogenligi ko‘plab tadqiqotlar bilan “tasdiqlangan”ini iddao qilib, bunga, jumladan, Argentinada aholi Rossiya preparati bilan yalpi emlanayotganini misol qilib keltirishgan. Shuningdek, ular zarur ma’lumotlar taqdim etilmaganligi haqidagi iddaolarni rad etishgan.

Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi 50 dan ziyod mamlakatda ro‘yxatga olingan. Rossiyadan tashqari, Argentina va Serbiyada aholi ushbu vaksina bilan yalpi emlanmoqda. Yevropa Ittifoqi uni o‘rganmoqda. YeIdagi ayrim mamlakatlar, agar Yevropa regulyatori ma’qullasa, ushbu vaksinani xarid qilishga tayyorligini bildirgan. Bugungi kunda aholisi Rossiya preparati bilan emlanayotgan YeIdagi yagona davlat Vengriya bo‘lib turibdi. Slovakiyada “Sputnik V” vaksinasining xarid qilinishi siyosiy janjalga olib keldi, qolaversa, Slovakiya farmatsevtika agentligi yetkazib berilgan vaksina “The Lancet” jurnalida ta’riflangan preparatdan farq qilishini da’vo qilib chiqdi (Rossiya tomoni buni inkor etmoqda).

Vaksinani ishlab chiqqanlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar Braziliyaning tibbiyotga mas’ul idoralarini ham qoniqtirmagan va bu Rossiya hukumatining g‘azabini qo‘zg‘atgandi.

Rossiya TIV bir necha bor “Sputnik”ka qarshi rejali urush olib borilayotganini iddao qilib chiqdi va G‘arb matbuotini bu kampaniyada ishtirok etishda aybladi. Shu bilan birga, Rossiya tomoni “Sputnik”ning samaradorligi to‘g‘risida “The Lancet” jurnalida avval chop qilingan maqolani o‘z vaksinasi foydasiga qo‘lladi.

XS
SM
MD
LG