Линклар

Шошилинч хабар
30 июл 2021, Тошкент вақти: 03:10

Sud Ortiqxo‘jayevning 6 gektar yerni prezident kuyoviga aloqador kompaniyaga berish qarorini noqonuniy deb topdi


Chilonzor ma’muriy sudidagi jarayonda qaror berish bir necha marta kechiktirildi - 22 - dekabr kungi sud majlisi

27 - yanvar kuni Chilonzor tuman ma’muriy sudi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2018 va 2019 - yilda chiqargan ikki qarorini noqonuniy deb topdi.

Bu qarorlar bilan yuzlab tadbirkorning savdo va xizmat ko‘rsatish muassasalari joylashgan Yunusobod tumanidagi 6 gektarlik hudud avvaliga “davlat ehtiyoji uchun” degan iddao bilan shahar yer zahirasiga o‘tkazilgan.

Keyinroq, 2019 - yilning 31 - dekabr kuni Toshkent shahar hokimi uni xususiy Urban Developers MJChga berish haqidagi qarorni imzolagan edi.

Birinchi instansiya sudi hokim Ortiqxo‘jayevning yuzlab tadbirkor ishlab kelayotgan hududni “davlat va jamoatchilik ulushi” umuman bo‘lmagan xususiy kompaniyaga mulkdorlar roziligisiz olib berishini O‘zbekiston qonunchiligiga zid, deb topdi.

Mazkur hududdagi yirik savdo obyektlari mulkdorlaridan 6 nafari o‘zi va o‘zi bilan ijara shartnomasi asosida ishlab kelayotgan yuzlab tadbirkor nomidan Toshkent shahar hokimi qarorini bekor qilishni so‘rab, 2020 - yil avgustida birinchi instansiya sudiga murojaat qilgan edi.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar Toshkent hokimining Yangi yil kungi maxsus siyloviga loyiq ko‘rilgan Urban Developers MJChning prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovga aloqadorligini ko‘rsatdi.

Ayni paytda Yunusoboddagi 6 gektarlik yerda bir necha million dollarlik savdo majmuasi qurishni iddao qilgan bu kompaniyaning yagona xizmatchisi va direktori Ansor Naberayev Ozodlikka bergan bayonotlarida prezidentning to‘ng‘ich kuyovi bilan aloqalarni rad etib kelmoqda.

Sud: Toshkent shahar hokimining qarori noqonuniy

27 - yanvarь kungi sud majlisida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning Yunusoboddagi 6 gektar yerni mulkdorlardan olib¸ Urban Developers MChJga berishga oid ikki qarori va Yunusobod tuman hokimining mazkur qarorlar asosida chiqarilgan qarorini O‘zbekiston qonunchiligiga zid, deb topdi

Bir necha bor kechiktirilgan sud qarori haqida 27 - yanvar kungi majlisda bevosita qatnashgan tadbirkorlar vakili Ozodlikka xabar qildi.

Chilonzor tuman ma’muriy sudi arizachilarning shikoyatlarini to‘liq qanoatlantirib, qonun buzilish holatlari tufayli Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayevning 2018 - yil 27 - noyabr kungi qarori¸ uning asosida Yunusobd hokimi Usmonovning 2018 - yilgi qarorlarini "haqiqiy emas" deb topdi. Bu qarorlar bilan Yangi shahar¸ Amir Temir va Ahmad Donish ko‘chalari kesishuvidagi 6 gektarlik yer davlat va jamoat ehtiyojlari uchun degan bahonada mulkdorlardan olib qo‘yilgan. 2019 - yilning 31 - dekabr kuni esa Ortiqxo‘jayev bu yerni xususiy Urban developersga bergan. Biz bu yerlarni bizga o‘xshagan xususiy tadbirkorga olib berilishining davlat va jamoat ehtiyojiga qanday aloqasi bor¸ degan e’tirozni sudga ko‘ndalang qo‘yganmiz. Sud bizning huquqlarimizni himoya qildi va bu qarorlarni asossiz deb topdi”¸ - deydi 27 - yanvar kungi majlis qatnashchilaridan biri.

Tadbirkorlarga ko‘ra¸ Chilonzor tuman prokuraturasi vakili Toshkent shahar hokimi qarorining prezident qaroriga asoslangani¸ prezident qarorlari esa, kuchda qolayotgani bois Ortiqxo‘jayev qarorini bekor qilib bo‘lmasligini iddao qilgan.

Bunaqa absurd e’tiroz zalda jiddiy norozilik va hushtaklarga sabab bo‘ldi. Chunki Yunusoboddagi 6 gektar yerni uning o‘nlab mulkdor va yuzlab ijarachilaridan olib¸ bir oylik xususiy MChJga olib berish haqida na hukumat¸ na prezident qarori yo‘q. Ortiqxo‘jayev qarori prezidentning Yunusobodga qilgan safari yakunlari haqidagi majlis bayonnomasiga asoslangan. Majlis protokoli esa¸ yuridik jihatdan normativ hujjat hisoblanmaydi. Prokurorning bunday bayonoti qonunni himoya qilishi kerak bo‘lgan organ uchun uyatdir”¸ - deydi Ozodlik gaplashgan tadbirkor.

Aytilishicha¸ sud Urban Developers MChJga berilgan 6 gektarlik hududda joylashgan savdo va boshqa xizmat muassasalari mulkdoridan sudga rasman ariza bergan 7 nafari barobarida¸ yana 38 mulkdorning Ortiqxo‘jayev qarorini bekor qilish so‘ralgan arizasini ham rasman ko‘rib chiqqan.

Bu hududda jami 65 mulkdorning obyekti bor. Shundan yerimizni berishga rozi bo‘lmaymiz¸ deb rasmiy ariza yozganlar soni 45 nafar bo‘ldi. Bu jami mulkdorlarning qariyb 70 foizi degani. Qonunchilikda¸ yerni mulkdordan olib qo‘yishdan oldin ular bilan muvofiqlashtirish¸ ular roziligini olish kerak. Bu mulkdorlarning ko‘pchiligi hokimning 2018¸ 2019 - yilgi qaroridan 2020 - yilning dekabridagina xabar topdi. Sud buni ham qonunchlikning buzilishi¸ deb topdi”.

Sud ishtirokchilariga ko‘ra¸ hozircha Chilonzor tuman ma’muriy sudi hakami Toshev qarori zalda o‘qib eshittirilgan va uning yozma nusxasi besh ish kunida taqdim etilishi kerak.

Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar birinchi instansiya sudi qarorini o‘zlari uchun “g‘alaba” deya baholadi.

Albatta¸ Urban Developers yoki Toshkent shahar hokimi birinchi instansiya sudi qarori ustidan shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritishi va jarayon davom etishi mumkinligini bilamiz. Biz bunday ehtimolga tayyormiz¸ chunki qonun¸ agar unga amal qilinsa¸ biz tomonda ekanini bugungi sud ham ochiq ko‘rsatdi. Bizning bu kurashdan ortga qaytish niyatimiz yo‘q. Kerak bo‘lsa¸ o‘z mulk huquqimizni himoya qilish uchun¸ xalqaro sudgacha boramiz”¸ - deydi sudda qatnashgan yunusobodlik tadbirkorlardan yana biri.

Ozodlik Chilonzor tuman ma’muriy sudining 27 - yanvar kungi qaroriga munosabat bildirishni so‘rab Urban Developers MChJ direktori Ansor Naberayevga murojaat qildi. Kun davomida bu so‘rovga javob berilmadi.

Urban Developers MChJ Jahongir Ortiqxo‘jayev Yunusoboddagi 6 gektarlik qimmatbaho hududni 2019 - yilning 31 - dekabri - rasman bayram kunida unga berishidan atigi bir oy oldin ro‘yxatga olingan.

Uning 97 foiz aksiyalari egasi deb ko‘rsatilgan Odoratus Business LLP 100 funt sterling (taqriban 125 AQSh dollari) bilan Buyuk Britaniyaning Bristol shahrida qayddan o‘tgan.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar Urban Developers MChJning turli qobiq shirkatlar orqali Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovga aloqadorligini ko‘rsatmoqda.

Urban Developers MChJ ofshor va O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan qobiq kompaniyalar orqali prezidentning katta kuyovi Oybek Tursunovga aloqador.
Urban Developers MChJ ofshor va O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan qobiq kompaniyalar orqali prezidentning katta kuyovi Oybek Tursunovga aloqador.

Bu aloqadorlik rasmiy hujjatlar vositasida tasdiqlangan bo‘lsa-da¸ Urban Developers MChJ rahbari va reestr ma’lumotlariga ko‘ra, shirkatning yagona xodimi Ansor Naberayev Ozodlikka yuborgan yozma javobida uni rad qildi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG