Линклар

Шошилинч хабар
23 июн 2021, Тошкент вақти: 07:12

Sud qoldirildi. Yunusoboddagi yerni tekinga olgan shirkat prezident kuyovi bilan aloqalarini rad etmoqda (VIDEO)


Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 6 gektarlik hududni prezident kuyoviga aloqador kompaniyaga tekinga berish qarorini Shavkat Mirziyoyevning 2018 - yil 26 - oktabr kuni Yunusobod tumaniga tashrifi chog‘ida bergan og‘zaki topshiriqlari bilan asoslagan

Toshkent shahar hokimining qarori ustidan shikoyat qilgan 80 dan ortiq tadbirkorning arizasini ko‘rib chiqayotgan Chilonzor tuman ma’muriy sudi 2 -dekabr kuni e’lon qilinishi kutilgan qarorini noma’lum muddatga qoldirdi.

Yunusobodning xalq tilida Universam deb ataladigan hududida faoliyat olib boradigan tadbirkorlar hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning o‘z do‘kon va xizmat ko‘rsatish muassasalari joylashgan 6 gektar yerni Urban Developers MChJga berish qarorini bekor qilish so‘rovi bilan sudga ariza topshirgan.

Chorshanba kuni sud Ortiqxo‘jayev qarorini kuchda qoldirish yoki uni bekor qilish yuzasidan o‘z qarorini e’lon qilishi kutilgandi.

Ozodlik surishtiruvi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan Urban Developers MChJning prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovga tegishli shirkat bilan aloqalarini o‘rtaga chiqardi.

2 - dekabr kuni Ozodlikka yuborgan yozma “Raddiya”sida mazkur MChJ rahbari Ansor Naberayev kompaniyaning Oybek Tursunov bilan aloqalarini qat’iyan rad etdi.

Qarorsiz sud

2 - dekabr¸ chorshanba kunining ikkinchi yarmida Chilonzor tuman ma’muriy sudida Yunusobod tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar bergan shikoyat arizasi yuzasidan birinchi instansiya sudining qarori e’lon qilinishi belgilangan edi.

Sud Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2019 - yil 31 - dekabr kuni Yunusoboddagi 100 ga yaqin tadbirkorga qarashli savdo va xizmat obyektlari joylashgan 6 gektarlik hududni Urban Developers MChJga berish qarorining qonuniy yoki yo‘qligi yuzasidan ajrim chiqarishi kutilayotgandi.

Суд юнусободлик тадбиркорлар аризаси бўйича қарор чиқаришни кечиктирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:01 0:00

(Ushbu videoda hokim qarori kuchda qolsa¸ buzilishi kerak savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari aks etgan.)

Mahkama qarori chiqarilishi oldidan tadbirkorlar sud mulozimlaridan Yangi shahar¸ Amir Temir va Ahmad Donish ko‘chalari kesishuvidagi 6 gektarlik hududni bevosita kelib ko‘rishni so‘rashgan.

Tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, 2 - dekabr kuni soat 12 da qaror beruvchi sud’ya va uning yordamchilari tadbirkorlar bilan sayyor uchrashuvga kelishi belgilangan edi.

Sayyor sud majlisi 12 ga belgilangan edi. Juda ko‘pchilik yig‘ilib¸ sud’ya kelishini kuta boshladik. 11 lar atrofida Chilonzor ma’muriy sudi sekretari advokatimizga telefon qilib¸ sudning qoldirilganini aytdi. Sud¸ go‘yo sud’yani yordamchisini Oliy sudga chaqirtirishgani uchun¸ degan bahona bilan noma’lum muddatga kechiktirildi. Yangi majlisning qachon bo‘lish xabarini o‘zimiz beramiz¸ deyishdi”¸ - dedi 2 - dekabr kungi sud majlisiga bevosita aloqador tadbirkorlardan biri.

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ sayyor sud majlisidan so‘ng jarayonning soat 15:00 da Ma’muriy ishlar bo‘yicha Chilonzor sudi binosida davom etib¸ bu majlisda qarorning o‘qib eshittirilishi kutilgan.

2 - dekabr kuni Ozodlik Ma’muriy ishlar bo‘yicha Chilonzor tuman sudidan qaror chiqarishning nima uchun qoldirilgani borasida rasmiy izoh ololmadi.

O‘zbekiston Oliy sudi Axborot xizmatining Ozodlik gaplashgan mas’uli majlisning "asosli sababga ko‘ra" qoldirilganini bildirdi.

- Sud’yaning yordamchisi emas¸ balki bu ishni ko‘rib chiqayotgan sud’yaning o‘zi Oliy sud Malaka hay’ati komissiyasi yig‘ilishiga chaqirilgani bois majlis qoldirilgan. Bu esa¸ asosli sabab. Prezident qaroriga asosan¸ 2021 - yilning 1 - yanvaridan tumanlarda Ma’muriy sud bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan hozir tuman ma’muriy sudi sud’yalari Malaka kengashiga chaqirtirilib¸ suhbatdan o‘tkazilmoqda. Yunusoboddagi tadbirkorlar ishi bo‘yicha sudning keyingi majlisi yanagi haftaga qoldirildi. Bu haqda ularga xabar beriladi¸ - dedi Oliy sud Axborot xizmati vakili.

Bu mulozim tadbirkorlarning shov-shuvli ishi yuzasidan qaror chiqaruvchi sud’yaning aynan shu qaror e’lon qilinadigan kun va soatda Oliy sudga chaqirtirilgani o‘rtasida hech qanday "hayron bo‘ladigan" aloqadorlik yo‘qligini ta’kidladi.

Ozodlik gaplashgan tadbikorlar esa¸ birinchi instansiya sudi qarorini e’lon qilish kechikkaniga muammoning matbuotda yoritilgani sabab bo‘lganini taxmin qiladi.

Ozodlik 26 - noyabr kuni hokim Ortiqxo‘jayevning o‘nlab tadbirkorlar yeri va biznesini tortib olish evaziga savdo-ko‘ngilochar majmua qurish rejasi bayon qilingan qarori haqida maqola chop etgan edi.

Ozodlik surishtiruvi Yunusobodning eng bozorgir hududidagi 6 gektar yerni tekinga qo‘lga kiritgan Urban Developers MChJning prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovga tegishli shirkat bilan aloqalarini o‘rtaga chiqargan.

Bu surishtiruvda keltirilgan ma’lumotlar hamda tadbirkorlarning 1 - dekabr kuni prezidentga qilgan videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Тадбиркорлар президент куëвига алоқадор "инвестор"дан ҳимоя қилишни сўраб президентга мурожаат қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:24 0:00

“Raddiya”

2 - dekabr kuni Urban Developers MChJ rahbari Ansor Naberayev Ozodlik surishtiruvida keltirilgan ma’lumotlarga rasmiy raddiya berdi.

Ozodlikning Telegram kanaliga yuborilgan yozma maktubda bu MChJning prezident kuyoviga aloqasi yo‘qligi ta’kidlanadi.

Yunusoboddagi 100 ga yaqin tadbirkor mulklari joylashgan 6 gektarlik yerni biror tender yoki auksionsiz olgan shirkat yerni tekinga olganini rad etmoqda. Urban Developers MChJ vakili o‘z raddiyasida "O. Tursunov"ning o‘ziga na bevosita va na bilvosita aloqasi borligini iddao qildi. Ayni paytda Ozodlik surishtiruvidagi hujjatlarni inkor etuvchi biron dalil keltirmadi.

Ozodlik Urban Developers MChJ rahbari yozma javobini jamoatchilik e’tiboriga to‘liq havola etishga qaror qildi.

«Xorijiy ommaviy axborot vositalari (Ozodlik nazarda tutilmoqda – tahr.)da Toshkent shahar hokimining «Urban Developers» MChJga shahar hududidan bepul yer bergani haqida maqola e’lon qilindi.

Ushbu ma’lumot asosli emas. Yangi shahar, Amir Temur va Ahmad Donish ko‘chalari kesishmasidagi hudud (6 gektar) Toshkent shahar hokimining qarori asosida investitsiya majburiyatlari sharti bilan zamonaviy savdo-ko‘ngilochar majmuasini qurish uchun kompaniyaga berildi.

Xususan, ushbu qarorga binoan, barcha bino egalariga ularni qondiradigan tovon puli to‘lamaguncha, xususiy binolarni buzish taqiqlanadi.

Agar egalar o‘z mulklarini sotishdan bosh tortsa, shahar hokimining yuqoridagi qarori shartlarini bajarish imkonsizligi sababli Urban Developers MChJning savdo markazini qurish loyihasi amalga oshirilmaydi.

Chet el ommaviy axborot vositalari, shuningdek, «Urban Developers» MChJ ustav kapitalida 97% ulushga ega bo‘lgan Odoratus Business LLP (Buyuk Britaniya) kompaniyasi janob O.Tursunov bilan bevosita bog‘liqligi to‘g‘risida tekshirilmagan ma’lumot tarqatdi.

Aslida O.Tursunovning ko‘rsatilgan kompaniyaga hech qanday aloqasi yo‘q, uning ulushlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita egalik qilmaydi, uning ustidan boshqaruv yoki qandaydir boshqa ko‘rinishdagi nazoratni amalga oshirmaydi”.

Ozodlik ushbu raddiya ortidan Urban Developers MChJ rahbariga mazkur kompaniya bilan prezidentning katta kuyovi Oybek Tursunov o‘rtasida bevosita aloqadorlik borligini ko‘rsatuvchi hujjatlar mavjudligini eslatdi.

Ammo Urban Developers MChJ rahbari ushbu eslatmani javobsiz qoldirdi. Shuningdek, Yunusoboddagi minimal qiymati Toshkent shahar hokimining o‘zi belgilagan narxga asosan¸ taqriban 11¸5 million dollarga teng 6 gektar yer uchun Urban Developers qancha haq to‘lagani haqidagi savol ham hozircha ochiq qolmoqda.

XS
SM
MD
LG