Линклар

Шошилинч хабар
06 июл 2022, Тошкент вақти: 05:09

Surishtiruv: Vladimir Putin va yo‘qolgan kokain siri (VIDEO)


Vladimir Putin 1990-yillarda Sankt-Peterburg meriyasida ishlagan.

Bundan 30 yil muqaddam, SSSR endi parchalangan kezlar Leningrad aholisi birinchi erkin shahar meri saylovida LDU professori Anatoliy Sobchakka ovoz berdi. Sobchakning lavozimdagi dastlabki ishlaridan biri – meriya huzurida Tashqi aloqalar qo‘mitasini ta’sis etish bo‘ldi, yangi tuzilmaga u o‘zining yordamchisi, 39 yoshli KGB podpolkovnigi Vladimir Putinni rahbar etib tayinladi.

Putinning siyosat olamida shiddat bilan yuksalishi aynan shu lavozimdan boshlangan. Va hokimiyat tizimida ilk qadamlarini qo‘ygandan boshlab korrupsiya va firibgarlikka doir ayblovlar u bilan izma-iz yurdi.

Putin va uning sheriklari birinchi marta 1992-yilda shubha ostiga tushdi – bu paytda u lavozimga tayinlanganiga hali bir yil ham to‘lmagan edi. O‘shanda Petrosovet a’zosi Marina Salye tashqi aloqalar qo‘mitasini ocharchilik davrini kechirayotgan Peterburg uchun chet elga oziq-ovqat evaziga xomashyo sotish sxemasini o‘ylab topishda ayblagan: xomashyo jo‘natilgan, pul olingan, ammo shaharga oziq-ovqat kelmagan. Salye Putindan qo‘mita rahbari sifatida iste’foga chiqishni talab qildi, garchi uning firibgarlikka shaxsan bosh qo‘shganini tasdiqlovchi aniq bir dalil bo‘lmasa-da.

“Nastoyashcheye vremya” hamda Ozodlik rus xizmati qo‘shma surishtiruv o‘tkazib, bu yagona sharmandali voqea emasligi, 1990-yillar boshlarida Vladimir Putin boshliq qo‘mita ko‘plab shubhali ishlarga aralashganiga va bundan, katta ehtimol bilan, Putinning o‘zi ham, uning ustozi Anatoliy Sobchak ham xabardor bo‘lganiga ishonch hosil qildi.

1993-yilning fevralida Sankt-Peterburgda 18 tonna Kolumbiya dudlangan go‘shti ortilgan konteyner to‘xtatib qolinganida ichidan 1092 kilogramm kokain chiqadi. Konteynerni ochish jarayoni videoga olinadi: bankalardan go‘sht o‘rniga kukun chiqadi va yig‘ilganlarning kulgisi ostida tatib ko‘riladi. Ko‘rgazmali hibslashlardan so‘ng Peterburg FSBsi kokain “tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun” Moskvaga jo‘natilganini e’lon qiladi.

Quyidagi videoda narkotijoratchilar Rossiya orqali o‘tkazishga uringan o‘nlab million dollarlik kokainning g‘oyib bo‘lishida Putin, KGB hamda Peterburg meriyasi mulozimlarining qanday daxli borligi haqida so‘z boradi.

Bu Putinga uning hokimiyatdagi ilk odimlaridan beri hamrohlik qilib kelayotgan korrupsion janjallarga doir surishtiruvimizning birinchi qismidir.

Суриштирув: Владимир Путин ва йўқолган кокаин сири
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:46 0:00

XS
SM
MD
LG