Линклар

Шошилинч хабар
04 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:36

"Suvga quruqlik". Aripov ilk bor Qirg‘iziston bilan chegara bitimi tafsilotlarini ochiqladi


Bosh vazir Abdulla Aripov qirg‘izistonlik hamkasbi Aqilbek Japarov bilan.
Bosh vazir Abdulla Aripov qirg‘izistonlik hamkasbi Aqilbek Japarov bilan.

14-noyabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Bosh vazir Abdulla Aripov Qirg‘iziston bilan chegara bitimi yuzasidan axborot berdi. Hukumat rahbari ijtimoiy tarmoqda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan masalalarga ilk bor rasman oydinlik kiritdi.

Aripovga ko‘ra, Qirg‘iziston bilan kelishilmay qolgan 35 uchastka – jami 302 km chegara bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilgan. Bitim ustidagi ishlar 5 yildan ko‘proq davom etgan.

Kun.uz” nashrining aniqlik kiritishicha, bitimga binoan yerlar almashinuvi taklif qilinmoqda: Qirg‘iziston hududidagi Andijon suv omborining hududi 4957 gektarni tashkil qiladi. O‘zbekiston suv ombori o‘rniga Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Oshaxo‘r uchastkasidan 1019 gektar yaylov yer maydoni berishni taklif etmoqda.

Қирғизистон Кампиробод сув омборини Ўзбекистонга "бериб юборди"ми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:36 0:00

Shuningdek, suv ombor va to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish uchun yana 19 gektar maydon Qirg‘iziston hududidan O‘zbekistonga o‘tkazilyapti. Suv omboridan qirg‘izistonliklar ham ayrim maqsadlarda foydalanishiga ruxsat beriladi.

“Andijon suv ombori qurilgan SSSR davrida O‘zbekiston chap qirg‘oqdan 200 kilometrdan uzunroq kanal qurish majburiyatini olgan edi. Lekin u qurilmay qolib ketgan. Shu sababli Qirg‘iziston tarafi Burgandi massivida 8 ming gektardan ortiq yerlarni o‘zlashtirmay qolgan. Ushbu yerlarni kompensatsiya qilish maqsadida oldindan bahsli bo‘lgan Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlaridagi G‘ovasoy uchastkasidan 12709 gektar yaylov maydonlarini Qirg‘izistonga o‘tkazib berish taklif qilinyapti”, degan bosh vazir.

Qayd etilishicha, Namangan viloyati Kosonsoy va Chust tumanlari uchun asosiy sug‘orish manbasi bo‘lgan Kosonsoy suv ombori Qirg‘iziston hududidagi 850 gektar maydonda joylashgan. Suv ombori to‘liq O‘zbekiston ehtiyoji uchun ishlatilib keladi. Shu sababli Qirg‘izistonga Namangan viloyati hududidan 477 gektar yer maydoni kompensatsiya sifatida ajratish taklif qilinmoqda. Jumladan, Chust tumanidan ajratishi taklif qilingan 105 gektar yer maydoni Qirg‘iziston fuqarolari istiqomat qilib kelgan, bahsli Qoraqo‘rg‘on massivi hisoblanadi.

Bundan tashqari, demarkatsiya jarayonida tartibga solinishi talab etilayotgan 10 ta uchastka bo‘yicha Qirg‘iziston tarafidan O‘zbekistonga 429 gektar yer maydoni olinmoqda. Buning o‘rniga vodiy viloyatlari hududidan 294 gektar maydonni berish ko‘zda tutilmoqda.

Bosh vazirga ko‘ra, So‘x masalasida alohida kelishuvga erishildi. Chashma bulog‘idan foydalanishni tartibga soluvchi hukumatlararo kelishuv esa alohida imzolanadi.

Aripov kelishuvlar imzolanishi natijasida chegara masalasida bahsli nizolar to‘liq o‘z yechimini topishi, qonli to‘qnashuvlar kelib chiqishining oldi olinishini ta’kidlagan.

Qonunchilik palatasi majlisida deputat Doniyor G‘aniyev ikki tomondan yer maydonlarini almashish masalasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan izoh so‘radi.

Aripovga ko‘ra, 5 ming gektarga yaqin suv ombor uchun O‘zbekiston tarafi hozir 1 ming gektar yer bermoqda. Qolgan 4 ming gektardan ortiq yer maydonlari esa sobiq Ittifoq davrida (1970-yillarda) O‘zbekiston tomonidan kompensatsiya sifatida berilgan.
“Maydonlar o‘rtasidagi tafovut O‘zbekiston o‘z zimmasiga avval olgan majburiyatlari hisobiga yuzaga kelgan. Biz bu tafovutni pulga ham chaqib ko‘rdik, lekin moddiy nuqtai nazardan qiyin raqamlar chiqib ketyapti. Delimitatsiya va demarkatsiya jarayonlaridan keyin chegaraning o‘z himoya hududlari tashkil qilinishi kerak bo‘ladi. Bizning dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, taxminan 130 ta xonadonni ko‘chirish mo‘ljallangan. Ularga 50 milliard so‘m atrofida kompensatsiya ajratish reja qilingan. Ular xohlasa pul oladi yoki tayyor uy oladi, biror odam norozi bo‘lmaydi. Bu prezidentning shaxsiy nazoratida”, degan Aripov.

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, parlament quyi palatasi “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihalarini qabul qilgan. Qonunlar endilikda Senatga yuborilishi kutilmoqda.

Bosh vazir bitimni ikki tomonlama ratifikatsiya jarayonlari yakunlangach, har bir kelishilgan hudud bo‘yicha alohida ishlar olib borilishini ma’lum qilgan.

Tarmoq faollari chegara bitimiga oid taqdimotni Bosh vazir Aripov o‘tkazganiga e’tibor qaratdi.

“Shok xabar! Yangi O‘zbekiston tarixida birinchi marta jonli efirda bosh vazir Abdulla Aripov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishda ishtirok etib, nutq so‘zlayapti”, deb yozdi bloger Mufasa.

XS
SM
MD
LG