Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:55

172ta do‘kon, 43ta mashina, 14ta uy. Sobiq hokim o‘rinbosarining boyligi ochiqlandi


Prezident Mirziyoyev "Rahmonqulov to‘dasi"ga chora ko‘rishni talab qilgan
Prezident Mirziyoyev "Rahmonqulov to‘dasi"ga chora ko‘rishni talab qilgan

Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov uyushgan jinoiy guruh tuzish va milliardlab byudjet mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblanmoqda.

Bu haqda 23 - aprel kuni O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Yo‘ldoshevning Rahmonqulovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi yakunlariga doir bayonotida aytilishicha, sobiq hokim "2018 - yilda viloyat hokimi o‘rinbosari etib tayinlangach, uyushgan guruh tuzib, milliardlab byudjet mablag‘larini talon-toroj qilib kelgan. Shu maqsadda viloyatda qurilish sohasi rahbarligiga hamda viloyat tender komissiyasiga tanish-bilishlarini qo‘yib, ular orqali o‘zining g‘arazli maqsadlariga sharoit yaratgan”.

Bosh prokurorning ta’kidlashicha, Rahmonqulov 2018—2020 - yillarda Rahmonqulov jami 494 milliard so‘mlik 82 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘zining rahnamoligidagi 9 ta pudrat tashkilotlariga topshirib, qurilish ishlari hajmini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qo‘shib yozish orqali qariyb 20 milliard so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

“Tergovda Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, Jizzax shahridagi Eski shahar buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlandi. Hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda” deyiladi Bosh prokuror bayonotida.

Qulagan bino "ostida qolgan" zamhokim

Shu yilning 10 - yanvar kuni soat 17:10 da Jizzax shahrining «Zilol» mahallasi Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan 6 qavatli uylarning biri hech bir tashqi ta’sir yoki tabiiy ofat oqibatisiz qulab tushdi.

Rasmiylar jabrlanuvchilar yoki qurbonlar berilmaganini iddao qilishdi. Hali foydalanishga topshirilmagan mazkur ulkan inshoot xususiy tadbirkor tomonidan ustki 4 qavati turar joy, quyi 2 qavati noturar joy sifatida qurilayotgan edi.

Hukumat farmoyishi bilan hodisani o‘rganish bo‘yicha bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzildi va hodisa o‘rganila boshlandi.

"Eski zamonni qo‘msagan noinsof"

15 - yanvar kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi qurilishlarni ko‘zdan kechirish, islohotlarning borishini o‘rganish maqsadida tumanga kelgan prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzaxda qulab tushgan uy masalasiga to‘xtaldi va Jizzax viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari (Akbar Rahmonqulov — tahr.)ga chora ko‘rishni talab qildi.

Prezidentning tashrifiga qadar qator ommaviy axborot vositalarida akbar Rahmonqulovning qarindoshlari qurilishlar bo‘yicha bir necha yuz milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgani haqida maqolalar chop etishgandi.

Prezident Jizzax viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari masalasiga to‘xtalib, uni hozirgi siyosatga xiyonat qilganlikda aybladi: «Uning butun to‘dasiga qonuniy jazo belgilanishi kerak. Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, baribir eski zamonni qo‘msagan noinsoflar ham bor. Ular erkinlik, ochiqlik siyosatini tushunmaydi».

Vazirning o‘zi korrupsioner bo‘lib chiqdi

16 - yanvar kuni Jizzaxdagi ko‘p qavatli bino qulashi va “zamhokim” boshchiligidagi korrupsion sxemalar borasida matbuot anjumani o‘tkazgan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri Botir Zokirov qurilishda davlat nazorati, shaffoflik haqida gapirdi.

Vazirga ko‘ra, qurilishdagi davlat nazoratida buyurtmachi, buyurtmachining texnik nazorati, avtorlik nazorati va pudrat tashkilotining faoliyatini muvofiqlashtiradi. Qanday subyekt bo‘lishidan qat’i nazar hujjatlarni qonun doirasida to‘g‘ri bajarishi lozim. Sohada shaffoflik zarur, tender va raqobatsiz qurilishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ozodlikdagi ma’lumotlarga ko‘ra, oradan bir necha oy o‘tib, mazkur Qurilish vazirining oilasi qariyb yarim trillion so‘mlik davlat loyihasini qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi.

Vazir oilasiga qarashli “Trest-12” shirkati Toshkentdagi ma’muriy obyektni ta’mirlash va avtoturargoh qurilishi bosh pudratchisi etib tanlandi. Buning uchun davlat byudjetidan 431,5 milliard so‘m ajratilgan. “Trest-12”ning aksiyalariga vazir Botir Zokirovning rafiqasi va o‘g‘li egalik qiladi.

Blogerlar bo‘lmasa...

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari tomonidan tashkil qilingan korrupsion sxemaning fosh qilinishida ommaviy axborot vositalari va blogerlarning hissasi katta bo‘lgan.

Ammo korrupsiyani fosh qilayotganlar faqat blogerlar emas. 2020 - yilning dekabr oyida hatto o‘limini bo‘yniga olganini ta’kidlagan Buxoro shahrining sobiq prokurori Jasur Fozilov Bosh prokuror Yo‘ldoshevning o‘zini bir qancha korrupsion sxemalarni tashkil qilish, ularni boshqarishda ayblagandi.

Bu haqda ommaviy axborot vositalari va blogerlar ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida yuzlab maqolalar chop qildi. Mazkur murojaat va OAVdagi chiqishlar yuzasidan maxsus komissiya tuzilib, uning tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura xodimlari biriktirilgani ta’kidlangandi.

Mazkur komissiya xulosalarida Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov tomonidan Bosh prokurorga qarshi ilgari surilgan korruptsiya iddaolariga huquqiy baho berilmadi. Aksincha, Buxoro shahrining sobiq prokuroriga nisbatan tuhmat yoki jamoatchilikni chalg‘itishga oid qonuniy javobgarlik masalasi ko‘tarilmadi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshevning uch nafar o‘tmishdoshi korrupsion jinoyatlarda ayblanib, mahkum etilgan. Ular uzoq yillik qamoq muddatini o‘tamoqda: Rashitjon Qodirov 10 yilga, Ixtiyor Abdullayev 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. So‘nggi sobiq Bosh prokuror Otabek Murodovga nisbatan 5 yillik ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.

Sxema

Davletov.uz Telegram kanalining ochiq manbalarga tayanib yozishicha, Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulovga oid korrupsion sxema qanday ishlaganiga doir o‘z farazlarini ilgari surdi:

1. Rahmonqulov Akbar Bahriddinovich 100% ulushiga egalik qiladigan hamda Raxmonqulov Alisher Bahriddinovich rahbarlik qiladigan J-Quruvchi MChJ, bizning xomcho‘tlarimizga ko‘ra, 120 mlrd so‘mdan ortiq davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan. Bundan ko‘p ham bo‘lishi mumkin. Akbar Bahriddinovich Rahmonqulov, shuningdek, danakli va po‘choqli urug‘i bo‘lgan mevalar yetishtirish bilan shug‘ullanadigan “Qo'nish Bobo Maxsus Bog'lari” MChJ, betondan qurilish uchun buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan “Zenatkor Temir Beton Buyumlari” MChJ (Bu korxonaga Rahmonqulov Adham Bahriddinovich rahbarlik qiladi)ning to‘liq ta’sischisidir.

2. Bahriddinov Shuhratjon Akramovich to‘lig‘icha ta’sischi bo‘lgan “Qurilish Ta'minoti” MChJ ham, bizning hisob-kitobimizga ko‘ra, kamida 80 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini tender, tanlov asosida “yutib olgan”. Shuxratjon Baxriddinov, shu bilan birga, 1997 - yildan beri ishlab keladigan “Kamol” xususiy korxonasi egasi hamdir. Bu kompaniya ham viloyatda katta qurilishlardagi ishtiroki bilan ko‘pchilikka yaxshi tanish.

3. Toshpulatov Ixtiyor Baxtiyorovich to‘liq ta’sischisi bo‘lgan “Abduvohid Qurilish Ta’mir’ MChJ ham Jizzax viloyatida anchagina davlat buyurtmalarini olgan. Ochiq ma’lumotlar asosida o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, ushbu kompaniya 61 mlrd so‘mga yaqin davlat buyurtmalarini tender, tanlov hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (manzilli dasturlar asosida) qo‘lga kiritgan. Bizga ma’lum bo‘lishicha, Toshpulatov Ixtiyor Baxtiyorovich ham ona tarafdan Raxmonqulovlarga qarindosh bo‘lishi mumkin ekan.

4. Raxmonqulov Alisher Baxriddinovich to‘liq egalik qiladigan “Jizzax Savdo Lyuks” MChJ yashashga yaroqsiz joylarni ijaraga berish va boshqarish bilan, uning yana bir kompaniyasi — “Ravon Yo'l Invest” MChJ esa toshni kesish, unga ishlov berish va pardozlash bilan shug‘ullanadi. Ya’ni bu oilaga tegishli aksariyat korxonalar qurilish, qurilish materiallari va uy-joy sohasiga bevosita va bilvosita aloqadordir.

Yuqorida qayd etilganidek, qurilish bo‘yicha ayrim tenderlarda Raxmonqulov Akram Baxritdinovich tender komissiyasi raisi bo‘lgan. Boz ustiga, o‘zaro afillangan kompaniyalar bitta tenderda ishtirok etgan holatlar ham mavjud. Masalan, 21 mlrd so‘mlik tenderda faqat “Abduvohid Qurilish Ta’mir’ MChJ va “Qurilish Ta'minoti” MChJ ishtirok etgan".

Eng korrupsiyalashgan uch sohaning biri

«Bugungi kunda korrupsion holatlar ko‘p qayd etilishi jihatidan eng yuqori o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qurilish vazirligi turadi. Ushbu tashkilotlar tizimida korrupsion holatlar ko‘p uchrayapti.

Bu ma’lumotlar 2020 - yil davomida sodir etilgan korrupsiyaviy harakatlar tahlili asosida shakllantirilgan» dedi 15 - aprel kuni matbuot anjumani o‘tkazgan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi Bekzod Rahmonov.

Aksilkorrupsiya tashkiloti xodimi bu vazirliklarni korrupsiyadan holi idoraga aylantirish bo‘yicha "samarali ishlar olib borilayotgani"ni ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG