Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2021, Тошкент вақти: 02:13

Tadqiqot: Global iqlim o‘zgarishi sabab qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi 21 foizga qisqardi


«Iqlim va ob-havo bilan bog‘liq omillar qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga allaqachon katta ta’sir ko‘rsatgan".

Merilend, Kornell va Stenford universitetlari hamkorlikda iqlim o‘zgarishining global qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi o‘sishiga ta’sirini ilk marotaba chuqur o‘rganib chiqdi. Tadqiqot natijalari Nature Climate Change jurnalida chop etildi. Tadqiqot mualliflari iqlimning mahsuldorligini o‘rganish uchun mukammal modellarni ishlab chiqqan va mahsuldorlikni iqlim o‘zgarishi bor va yo‘q ssenariylarda ko‘rib chiqqan.

Tadqiqot natijalari 1961 - yildan beri global qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi 21 foizga pasayganini ko‘rsatgan. Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu so‘nggi 7 yil ichida erishilgan mahsuldorlik o‘sishining to‘liq bekor qilinishiga tengdir. Tadqiqot xulosalari shuni ko‘rsatadiki, iqlim o‘zgarishi global qishloq xo‘jaligiga tobora ko‘proq ta’sir o‘tkazmoqda. Afrika, Lotin Amerikasi va Karib basseyni kabi iliqroq mintaqalar eng ko‘p zarar ko‘rmoqda.

Merilend universitetining qishloq xo‘jaligi va resurslar iqtisodiyoti bo‘yicha professori va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini o‘rganib kelayotgan tadqiqotchi Robert Chambers:

«Tadqiqotimiz shuni ko‘rsatadiki, iqlim va ob-havo bilan bog‘liq omillar qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga allaqachon katta ta’sir ko‘rsatgan», - dedi.

«Biz ushbu maqoladagi modeldan foydalanib, iqlim o‘zgarishi bo‘lmagan taqdirda umumiy omillar samaradorligi ko‘rsatkichlari qanday bo‘lishini hisoblab chiqdik».

Umumiy omillar samaradorligi bu – biror sanoatning o‘sishini o‘lchash uchun ishlatiladigan hisobdir. Qishloq xo‘jaligi o‘zgacha sanoat, chunki unumdorlikni belgilaydigan barcha unsurlar, masalan, ob-havo fermerning bevosita nazorati ostida emas.

Chambers Kornell universiteti nomidan yetakchi mualliflik qilgan Ariel Ortis-Bobea bilan hamkorlikda ob-havo ma’lumotlarini e’tiborga oluvchi qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini hisoblash modellarini ishlab chiqqan. Bunday modellar oldin qo‘llanilgan modellardan ancha aniqdir.

«Fermer iyun oyida nima ekish kerakligi to‘g‘risida iqtisodiy qaror qabul qilganida, biz ushbu qarorning natijasini 6 oydan keyingacha bilmaymiz», - deb tushuntirdi Chambers.

«Shunday ekan, kirish [parametrlari] va chiqish [parametrlari] o‘rtasida uzilish mavjud bo‘lib, ob-havo kabi tasodifiy hodisalar bunga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hosildorlik aslida sizning chiqimlaringiz bilan hosilingiz hisobi bo‘lib, aksariyat sanoat tarmoqlarida o‘sishni ta’minlash yagona usuli bu – yangi kirish [parametrlaridir]. Qishloq xo‘jaligi hosildorligi hisoblari bugunga qadar ob-havo ma’lumotlarini o‘z ichiga olmay kelayotgan edi», - deya so‘zini davom ettirdi u.

Olimlar ishlab chiqqan yangi modelda ob-havo ma’lumotlari muhim o‘rin tutadi. Chambers bundan oldin iqlim o‘zgarishining AQShda qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga ta’sirini o‘rganib chiqqan edi. Yangi tadqiqot esa global qamrovga ega.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 1961 - yildan buyon global qishloq xo‘jaligi mahsuldorligining o‘sishi taxminan 21% ga pasaygan bo‘lsa-da, issiqroq iqlimli mintaqalarda joylashgan Afrika, Lotin Amerikasi va Karib basseyni kabi hududlarda o‘sish sur’atlari 26-34% ga pasaygan. AQSh esa kamroq ziyon ko‘rgan: mamlakatda o‘sish sur’atlari taxminan 5-15% ga pasaygan.

«Ba’zilar iqlim o‘zgarishini uzoq kelajakdagi muammo, asosan kelajak avlodga tegishli muammo, deb o‘ylashadi. Ammo bu qarash iqlim allaqachon o‘zgartirganini e’tiborga olmaydi», - dedi Ortis-Bobea.

«Umuman olganda, tadqiqotlarimiz shuni ko‘rsatadiki, antropogen iqlim o‘zgarishi allaqachon qishloq xo‘jaligiga tayanuvchi kambag‘al mamlakatlarga nomutanosib ta’sir ko‘rsatmoqda».

«2050 - yilga kelib deyarli 10 milliard odamni boqish kerak bo‘ladi, shunday ekan, mahsuldorligimiz nafaqat barqaror, balki avvalgidan tezroq o‘sib borishini ta’minlash jiddiy tashvish tug‘dirmoqda», - deya so‘zini yakunladi Chambers.

XS
SM
MD
LG