Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:57

Tadqiqot: Xitoy Shinjonda tug‘ilish darajasini majburan pasaytirishga urinmoqda


Xitoy hukumati Shinjonda tub aholi sonini kamaytirish siyosatini yuritib keladi
Xitoy hukumati Shinjonda tub aholi sonini kamaytirish siyosatini yuritib keladi

Avstraliya strategik siyosat instituti tadqiqotchilari Natan Ruzer va Jeyms Leybold Xitoy hukumatining Shinjonda tub aholi sonini kamaytirishga qaratilgan siyosati oqibatlarini o‘rganib chiqdi.

Ikki tadqiqotchi Xitoy hukumatining jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan statistik ma’lumotlaridan foydalangan holda 2011-2019 - yillarda qayd etilgan tug‘ilish koeffitsientini tahlil qilgan. Shu bilan birga, Shinjonda 2016 - yilda ozchilik guruhlarga qarshi qatag‘on boshlanishidan oldingi va keyingi yillardagi holat taqqoslangan.

Ayni paytda tug‘ilish ko‘rsatkichlari boshqa mamlakatlardagi tendensiya bilan qiyoslangan. E’tiborli jihati, Ruzer va Leybold bugunga qadar tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolib kelayotgan xitoy tilidagi rasmiy manbalarga ham murojaat etgan.

1979 - yilda Den Syaopin “bir farzand siyosati”ni yo‘lga qo‘yib, aholi soni o‘sishini nazorat qilish uchun murakkab byurokratik institut va choralarni ta’sis qildi. Shu tariqa ayollar nechta farzand ko‘rishi mumkinligi masalasi ham Xitoy kommunistik partiyasi tomonidan hal etila boshladi.

Bir farzand siyosati tufayli o‘lkada tug‘ilish darajasi keskin pasayib ketdi va mamlakatda boshqa muammo – demografik tanglik masalasi kun tartibiga chiqdi. Shunga qaramay, Xitoy rahbarlari orasida boshqarish instinkti saqlanib qolgan. Partiya xan ayollarga nisbatan farzandlar soni bo‘yicha cheklovlarni yumshatmoqda, ammo Shinjon uyg‘ur muxtor tumanida mahalliy aholining ko‘payish huquqini poymol etmoqda.

Si Szinpin rahbarligidagi kommunistik partiya barqarorlikni ta’minlash niqobi ostida Shinjondagi ijtimoiy vaziyatni tubdan o‘zgartirishga intilmoqda. Xususan, mintaqada qurilgan yuzlab qamoq-lagerlarga ommaviy ravishda uyg‘urlar, qozoqlar va boshqa mahalliy millat vakillari yuborildi. Bundan tashqari, Shinjonda aholini kechayu kunduz kuzatish tizimi joriy qilindi, diniy obidalar yo‘q qilindi, mahalliy madaniyat va tilni mahv etish siyosati joriy etildi, aholi majburiy mehnatga jalb qilindi. Bularning barchasini tasdiqlovchi yetarlicha dalillar to‘plangan.

2017 - yil aprel oyida Xitoy kommunistik partiyasi Shinjonda “o‘rtacha tug‘ilish darajasini pasaytirish va barqarorlashtirish” maqsadida “noqonuniy tug‘ilishlar”ga qarshi kurash e’lon qildi. Natijada hududda rasmiy tug‘ilish koeffitsienti misli ko‘rilmagan darajada pastladi. 2017 - yildan 2019 - yilgacha bo‘lgan davrda mazkur ko‘rsatkich 48,74 foizgacha qisqardi.

Eng katta qisqarish uyg‘urlar va boshqa mahalliy xalqlar yashaydigan tumanlarda kuzatilgan. Asosan musulmon xalqlar yashaydigan tumanlarda tug‘ilish koeffitsienti 2017-2018 - yillar orasida 43,7 foizga pasaygan.

2017 - yilda Xitoy hukumatining ozchilik millatlar orasida tug‘ilishni nazorat qilish bo‘yicha yondashuvi – “mukofotlash va rag‘batlantirish” usulidan majburlash va qo‘rqitish siyosatiga evrildi. “Noqonuniy tug‘ilishlar” uchun katta jarimalar, intizomiy jazo, sudsiz qamoqlar qo‘llandi. Shinjonda oilani rejalashtirishga mas’ullarga “siyosatni buzgani aniqlangan homilador ayollarni barvaqt aniqlash va ularni erta yo‘q qilish” buyurildi.

Xitoy hukumati Shinjonda oilani rejalashtirish bo‘yicha yagona siyosat qabul qilganini ta’kidlab kelayotgan bo‘lsa-da, yangi ma’lumotlar ushbu siyosat tub aholi ko‘p bo‘lgan hududlarga nomutanosib ta’sir ko‘rsatayotganini tasdiqlaydi. Sirasini aytganda, rasmiy Pekin uyg‘urlar va boshqa diniy, etnik ozchilik vakillari orasida tug‘ilish ko‘rsatkichini qasddan kamaytirish siyosatini olib bormoqda. Qolaversa, Xitoyning boshqa muzofotlarida tug‘ilish nazorati yumshatilayotgan bir paytda Shinjonda buning aksi kuzatilmoqda.

Siyosatni amalda qo‘llash bo‘yicha Shinjondan olingan hujjatlar rasmiy Pekin belgilagan chegara dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan ekanini oshkor etdi. Alaloqibat Shinjonda tug‘ilish darajasi deyarli Yaponiyadagi holatga yaqinlashib qoldi. Qayd etish joizki, Kunchiqar o‘lkada tug‘ilish ko‘rsatkichi shu qadar pastki, bu hol milliy inqiroz o‘laroq ko‘rilmoqda.

Tadqiqotchilar Ruzer va Leyboldning xulosa qilishicha, 25 millionga yaqin aholisi bo‘lgan Shinjonda tug‘ilish ko‘rsatkichining keskin pasayib ketgani dunyo miqyosida 1950 yildan beri ikki yil ichida qayd etilgan eng keskin o‘zgarishdir.

XS
SM
MD
LG