Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:04

Tahlil: Quddusdagi to‘qnashuvlar ortida nima turibdi?


Quddusning yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Eski Shahar qismida falastinlik ayol Isroil xavfsizlik kuchlari oldidan o‘tmoqda - 10 - may, 2021
Quddusning yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Eski Shahar qismida falastinlik ayol Isroil xavfsizlik kuchlari oldidan o‘tmoqda - 10 - may, 2021

Bir necha haftadan buyon Quddusning yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Eski Shahar qismida va uning atrofida falastinlik namoyishchilar va Isroil politsiyasi to‘qnashmoqda.

Quddus shahri 100 yildan beri yahudiylar va arablar o‘rtasida to‘qnashuvlar sahnasi bo‘lib keladi. So‘nggi to‘qnashuvlar bir oy oldin musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi kirib kelishi bilan boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi falastinliklar iftorlikdan keyin Eski Shaharning Damashq darvozasi oldida to‘planishi oldini olish maqsadida to‘siq qo‘ygani turtki bo‘ldi. Isroil to‘siqlarni olib tashladi, ammo o‘nlab arab oilani Sharqiy Quddus tumanidan ko‘chirish rejasi tufayli vaziyat keskinlashdi.

Dushanba kuni Haram ash-Sharifda Isroil politsiyasi falastinliklarga nisbatan ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va shovqinli granatalar qo‘lladi. Falastinliklar esa politsiyachilarni toshbo‘ron qildi. To‘qishuvlarda yuzlab namoyishchi jarohat oldi, politsiyachilar ham yaralandi.

Quyida “Associated Press” agentligi Quddusdagi ziddiyat va so‘nggi zo‘ravonliklar sabablari haqida chop etgan maqola tarjimasi bilan tanishingiz mumkin.

Ikki davlat poytaxti

Isroil Quddusni “birlashgan, abadiy” poytaxt deb biladi. 1967 - yilgi urushda Isroil Eski Shahar joylashgan Sharqiy Quddusni, shuningdek, G‘arbiy Sohil va G‘azo mintaqalarini bosib olgan. Falastinliklar ushbu hududlarda kelajakda o‘z mamlakatlarini barpo etishni istaydilar. Ular Sharqiy Quddus bo‘lajak mamlakatlari poytaxti bo‘lishini xohlaydilar. Ammo Isroil shaharning sharqiy qismini ham egallab olgan. Isroil anneksiyasi xalqaro miqyosda tan olinmagan.

Sharqiy Quddusning taqdiri qariyb o‘n yil oldin to‘xtab qolgan tinchlik muzokaralari davomida eng munozarali masalalardan biri bo‘lgan edi.

Dushanba kuni yahudiylar Quddus kunini nishonlashni rejalashtirayotgan edi. Har yili yahudiylar Quddus kunida Sharqiy Quddus bosib olinganini nishonlaydi. Avvalgi yillarda asosan dindor millatchilardan iborat minglab yahudiy bu kunda Eski Shaharning musulmonlar yashaydigan mahallarini bosib o‘tardi. Falastinliklar bu holatni provokatsiya deb baholardi.

So‘nggi kunlarda radikal isroilliklar Sharqiy Quddusda boshqa tadbirlarni ham uyushtirdi, natijada falastinliklar bilan bir necha to‘qnashuv sodir bo‘ldi.

Muqaddas tepalik

Dushanba kungi to‘qnashuv Eski Shahardagi Al-Aqso masjidida va masjid atrofida sodir bo‘ldi. Al-Aqso Islom dinidagi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Uning yaqinida yana bir muqaddas masjid – Qubbat us-Sahro masjidi joylashgan. Muqaddas majmuani musulmonlar Haram ash-Sharif deb ataydi.

Devor bilan o‘ralgan tepalik yahudiylar uchun ham eng muqaddas joy bo‘lib, ular tepalikni Ma’bad tog‘i yoki Ibodat tepaligi deb atashadi. Sababi bu yerda qadimda yahudiy ibodatxonalar joylashgan bo‘lgan. Rimliklar milodiy 70 - yilda Ikkinchi ibodatxonani vayron qilgan. Bugunga kungacha faqat G‘arbiy devor saqlanib qolgan. Tepalikdagi masjidlar bir necha asrdan keyin qurilgan.

Hozirda tepalik qo‘shni Iordaniya qirolligi Vaqf vazirligi qaramog‘ida. Tepalikka muayyan vaqtlarda sayyohlar kiritiladi, ammo ularda faqat musulmonlar ibodat qilishlari mumkin. G‘arbiy devor esa yahudiylar ibodat qilishi mumkin bo‘lgan eng muqaddas joydir.

So‘nggi yillarda tobora ko‘proq dindor va millatchi yahudiy guruhlari politsiya qurshovida Haram ash-Sharifga kela boshladi. Bu holat 1967 - yildan keyin Isroil, Iordaniya va musulmon diniy idoralari kelishib olgan qoidalarga ziddir. Falastinliklar yahudiylarning tashriflari-yu, ibodat qilishga urinishlarini provokatsiya deb bilishadi. Yahudiylarning bu harakatlari ko‘pincha janjal yoki jiddiy zo‘ravonlik keltirib chiqaradi.

Ba’zi isroilliklar tepalik barcha dindorlar uchun ochiq bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Falastinliklar Isroil oxir-oqibat tepalikni egallab olishidan yoki uni bo‘lib olishidan xavotir olib, bunga rozi bo‘lmay keladi. Isroil rasmiylari hozirgi vaziyatni o‘zgartirish niyatlari yo‘qligini aytishmoqda.

Исроилликлар 52-марта Қуддус кунини нишонлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:12 0:00

Kamsitish siyosati

Sharqiy Quddusda tug‘ilgan yahudiylar Isroil fuqarolaridir. Ammo u yerda tug‘ilgan falastinliklarga doimiy yashash huquqi beriladi, xolos. Agar ular shahar tashqarisida uzoq vaqt yashasalar, ularning istiqomat uchun berilgan guvohnomalari bekor qilinishi mumkin. Ular fuqarolik olish uchun ariza topshirishlari mumkin, ammo bu uzoq va noaniq jarayon. Qolaversa, falastinliklar Isroil nazoratini tan olmaydilar, shuning uchun aksar falastinlik Isroil fuqaroligini olish haqida o‘ylamaydi ham.

Isroil Sharqiy Quddusda yahudiylar turar-joylarini barpo etib, ularga taxminan 220 ming kishini ko‘chirdi. Bu falastinliklar yashaydigan mahallalar o‘sishini keskin cheklab qo‘ydi. Natijada zich yashashga majbur bo‘layotgan falastinliklar buzilish xavfi ostida bo‘lgan minglab uy qurgan.

Isroilda joylashgan “BʼSelem” huquq himoya qilish tashkiloti va Nyu-Yorkda joylashgan “Human Rights Watch” tashkiloti so‘nggi hisobotlarida Sharqiy Quddusdagi kamsituvchi siyosatga urg‘u berib, Isroilni aparteid jinoyatida aybladi. Isroil Quddus aholisiga teng munosabatda ekanini iddao qilib, bu ayblovlarni rad etdi.

Ko‘chirish tahdidlari

So‘nggi to‘qnashuvlar aprel oyi o‘rtasida, Ramazon oyi kirib kelishi ortidan boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi falastinliklar iftorlikdan keyin Eski Shaharning Damashq darvozasida to‘planishi oldini olish uchun to‘siq o‘rnatgani turtki bo‘ldi.

Keyinchalik ular to‘siqlarni olib tashladi, ammo Sharqiy Quddusning Shayx Jarrah mahallasidan o‘nlab falastinlik oilani ko‘chirish tahdidi tufayli noroziliklar avj oldi.

Bu oilalar Eski Shahar yaqinidagi gavjum arab mahallalarda mulk sotib olishga intilayotgan yahudiylar bilan uzoq muddatdan beri sudlashib keladi. Isroil tortishuvlarni xususiy ko‘chmas mulk mojarosi sifatida tasvirlamoqda, ammo o‘z uyidan ayrilish tahdidi ostidagi falastinlik oilalar taqdiri dunyo e’tiborini tortdi.

Трамп Қуддус шаҳрини Исроил пойтахти сифатида тан олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:17 0:00

Mintaqadagi ziddiyat

Quddusdagi va, xususan, Al-Aqsodagi to‘qnashuvlar ko‘pincha butun mintaqa bo‘ylab o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

G‘azoda hukmronlik qilayotgan “Hamas” jangari guruhi aholini isyonga chorlab keladi. Oxirgi sutkalarda Isroil hududiga “Hamas” raketa va yonuvchi modda solingan sharlarni otdi.

Bundan tashqari, G‘arbiy sohilda va Isroil ichidagi arab mahallalarda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. O‘tgan hafta Iordan daryosining g‘arbiy sohilida sodir bo‘lgan qonli otishmalar ham keskinlikni kuchaytirdi.

Iordaniya va Isroil bilan do‘stona aloqada bo‘lgan boshqa arab davlatlari namoyishlar bostirilganini qoraladi. Isroilning azaliy dushmani Eron esa Falastin hujumlarini rag‘batlantirmoqda.

AQSh va Yevropa Ittifoqi zo‘ravonlikni qoraladi va majburiy ko‘chirishlar yuzasidan xavotir izhor qildi.

XS
SM
MD
LG