Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:45

Tahlilchilar Mirziyoyev nutqida YeOIIga to‘laqonli a’zolik rejasini ko‘rdi


Ozodlik suhbatlashgan tahlilchilar prezident Mirziyoyev murojaatnomasida jiddiy siyosiy islohotlar rejasini ko‘rmagan
Ozodlik suhbatlashgan tahlilchilar prezident Mirziyoyev murojaatnomasida jiddiy siyosiy islohotlar rejasini ko‘rmagan

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 - dekabr kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga an’anaviy Murojaatnoma bilan chiqdi.

Murojaatnoma matni matbuot va O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy tarmoq sahifalarida e’lon qilindi. Murojaatnomaning matnga tushmagan nuqtasiga siyosatshunos Sardor Salim e’tibor qaratdi.

“Murojaatda O‘zbekiston YeOIIga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uchun kelasi yilda jadal harakat qilishi lozimligi ta’kidlanganiga hayron bo‘ldim. Chunki oldingi ritorikada biz shunchaki neytral kuzatuvchi bo‘lamiz deyilgan edi.”

Sardor Salim va Ozodlik suhbatlashgan boshqa tahlilchilar nazarida O‘zbekistonning YeOIIga to‘laqonli a’zo bo‘lishi siyosiy mustaqillikni yo‘qotish bilan barobar.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida YeOII haqida aynan mana bularni aytdi:

"O‘zbekiston yaqinda Yevrosiyo ittifoqida kuzatuvchi maqomi oldi. Ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar bozorida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me’yorlarini ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi zarur”

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 17 - noyabr kuni Vashingtondagi Atlantika kengashida qilgan chiqishida YeOIIga a’zo bo‘lish-bo‘lmaslik masalasi "hamon ochiq qolayotgani"ni aytib, buni hukumat va parlament hal qilishini urg‘ulagan edi.

YeOIIga kirish hal bo‘ldimi?

O‘zbekistonlik faol Yigitali Nurning fikricha, prezident nutqidan kelib chiqilsa, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zolik borasida allaqachon siyosiy qaror olingandek:

“Bir yildan keyin kuzatuvchi emas, aynan a’zo bo‘lamiz, shunga tayyorlaning, demoqchi bu gapi bilan", - deydi Yigitali Nur.

Меҳнат муҳожирлари Евросиё Иттифоқига қўшилиш масаласида нима фикрда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:22 0:00

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari universitetining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomovning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha,

“Nutqda tashqi siyosat haqida hech gap aytilmadi. Prezident JST (Jahon savdo tashkiloti)ga kirish haqida birrov aytib, YeOIIga a’zolik masalasiga ko‘chdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra¸ YeOIIga a’zo davlatlar texnik normativlarini jadal joriy qilish rejalangan. Bu qadamlar esa YeOIIga kirishga shay turilganligini anglatadi. Ammo bu hali uzil-kesil YeOII a’zosi bo‘ldi, degani emas. Bir so‘z bilan aytganda, Mirziyoyev JST uchun ham, Kreml nazoratidagi boshqa tuzilmalar uchun ham eshikni ochiq tutayotganini bildirdi”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 - dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini o‘qib berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 - dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini o‘qib berdi.

Mulozimlar ichidagi qaror

Germaniyada istiqomat qiladigan siyosiy tahlilchi¸ siyosatshunoslik fanlari doktori Xurshid Habib fikricha, Yevrosiyo Ittifoqiga kirishning zarurligi, uning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy qulayliklari haqida biron jiddiy rasmiy bayonot berilmadi.

“Rahbarlar og‘zidan tasodifan yohud rejali ravishda bildirilgan fikrlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, siyosiy jarayon ishtirokchilari bunday rasmiy (og‘zaki) qaror mavjudligini juda yaxshi bilishadi. Xususan, Bosh vazirning So‘xda qilgan chiqishida "yaqinda kiramiz anavi Yevroosiyo degan davlatga"ga degan gap aytilgan va bu ijtimoiy tarmoqlarda istehzo kilingandi. Shulardan xulosa qilishimiz mumkinki, hukumatda O‘zbekistonning YeOIIga kirishi borasida xalqqa e’lon qilinmagan a’zolik rejasi mavjud. Bu reja Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bildirilgan va u tomonidan ma’qullanganligini taxmin qilish mumkin. O‘zbekiston prezidenti tomonidan aytilgan reja a’zolik yo‘lidagi navbatdagi bosqichni qamrab oladi. Unga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi mavjud iqtisodiy qonunlar va protseduralar Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi doirasidagi me’yorlar bilan unifikatsiya qilinadi (bir xillashtiriladi). Dunyodagi barcha mavjud iqtisodiy va siyosiy ittifoqlarda bo‘lganidek, kirayotgan taraf shart qo‘ymaydi, balki kirish istagidagi taraf o‘z qonunlarini o‘zgartiradi. Shu ma’noda prezident murojaatnomasida e’lon qilingan aksiz soliqlarini bekor qilish, litsenziyali faoliyat turlarini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar aynan YeOII talablari asosida qilinayotgan bo‘lishi ham mumkin".

Xurshid Habibning ta’kidlashicha¸ prezidentning bu yilgi murojaatnomasida Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi haqidagi topshirig‘i shu kungacha asosan ijtimoiy tarmoqlar vositasida bildirilgan barcha shubhalarga, tortishuvlarga va spekulyatsiyalarga chek qo‘ydi:

“O‘zbekiston yaqin yillarda ushbu tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylanadi. O‘zbekiston bu a’zolikdan qanday naf ko‘radi, siyosiy mustaqillik va YeOOIga a’zolik masalasini qanday uyg‘unlashtiradi? Bu savollar hozircha ochiq qolmoqda. Bundan tashqari, YeOIIga a’zolik masalasida prezident tomonidan bir-ikki qisqa gap emas, balki yirik strategik chiqish qilinsa, bu o‘zbek jamiyatining ayni masalada biroz konsolidatsiya bo‘lishiga, bir to‘xtamga kelishiga turtki bo‘lgan bo‘lar edi”,- deydi tahlilchi.

2020 - yil may oyida Senat O‘zbekistonning YeOIIga “kuzatuvchi davlat” sifatida kirishini ma’qullagan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 100 senatordan 91 nafari qatnashgan ovoz berishda 71 senator O‘zbekistonning YeOIIga “kuzatuvchi davlat” sifatida kirishini yoqlagan, 16 nafari qarshi chiqqan, to‘rt nafari esa betaraf qolgan.

Alisher Ilhomovning fikricha, Mirziyoyevning bayonoti "Kreml nazoratidagi tashkilotga kirish uchun maksimum shaylik ma’nosini bildiradi"
Alisher Ilhomovning fikricha, Mirziyoyevning bayonoti "Kreml nazoratidagi tashkilotga kirish uchun maksimum shaylik ma’nosini bildiradi"

Siyosiy erkinliklar rejada yo‘q

Tahlilchi Alisher Ilhomovga ko‘ra, prezidentning dekabr tezislari siyosiy erkinliklar haqida emas:

“Avvalo kichik kuzatuv. Parlament deputatlari tik turgan holda oq atirgullar bilan bezatilgan tribuna uzra dohiy paydo bo‘lishini intizor kutishdi. Mahalliy Levitan (Suxandon Afzal Rafiqov-tahr.) tomonidan o‘ta tantanavor taqdim qilinganidan keyin ham dohiy darrov yuz ko‘rsatavermadi. Keyin davomli qarsak va chaqnagan nigohlar fonida nihoyat, dohiy tribunada ko‘rindi. Deputatlarning bunday ehtirosi diktatorlik tizimlariga xos. Diktatorning yovuz yoki mehribon ekani muhim emas. Nutqning alohida ajralgan va avvalgilardan farqli joyini kuzatmadim. Hech qanday sensatsiya va kardinal o‘zgarishlar haqida gap yo‘q. Lekin nutq islohot ruhida. Eng kamida, oldingi yo‘ldan qaytish haqida gap yo‘q. Xudoga shukur. Nutqda iqtisod sohasidagi o‘ta tor sohanigina isloh qilishdek zaif istak bor. Nutqdan jamiyatni demokratlashtirish borasida progress yoki ilgari qadam otish rejada yo‘qligi tushuniladi. Kelgusidagi prezidentlik saylovi haqida umumiy deklarativ ritorikadan nariga o‘tmagan Mirziyoyev xalqaro tashkilotlarning “o‘ziga to‘g‘ri keladigan” tavsiyalari bajarilishini va’da qildi, xolos. Bu gapdan saylov navbatdagi “Ketmonov” ismli muqobil nomzod ishtirokida sahnalashtirilishini tushundik.”

Toshkentlik tahlilchi Xurshid Yo‘ldoshev ham O‘zbekiston rahbari rejasida ham, amalida ham demokratiya yo‘q, degan fikrga qo‘shiladi:

“Nutq davomida prezident hatto Qonunchilik palatasi va Senatga bir qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda kelasi yil 1 - aprelgacha tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi. Menga shuning o‘zi yetarli.”

Prezident ijro hokimiyati mansubi o‘laroq qonunchilik palatasiga topshiriq berishga vakolati yo‘q.

Mirziyoyev 29 - dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatida 2021 - yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berishni taklif qildi.

Prezidentga ko‘ra, mazkur yil doirasida “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshiriladi”.

XS
SM
MD
LG