O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Bobomurod Hamdamov 2'sentyabr kuni 84 yoshida vafot etgan. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Vazirlik ta’ziyanomasida Bobomurod Hamdamov zamonaviy o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atining rivojlanishida salmoqli hissa qo‘shib, bir nechta o‘lmas asarlar yaratgani va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgani urg‘ulangan.
“Ayniqsa uning “Sulton Jaloliddin”, “Kim ekan”, “Devona”, “Galdimu”, “Qo‘rqdim” kabi qo‘shiqlari keng ommalashib, xalq qalbida munosib o‘rin egalladi”, deyilgan ta’ziyanomada.
1940-yilda Turkmanistonning Chorjo‘y shahrida tug‘ilgan Bobomurod Hamdamov, Madaniyat vazirligi qaydicha, “buyuk hofiz Komiljon Otaniyozovning munosib izdoshi” bo‘lgan.
Bobomurod Hamdamov O‘zbekistonda prezident Islom Karimov hukmronligi davrida Turkmaniston prezidenti Saparmurod Niyozov bilan shaxsiy do‘stligi tufayli rasmiy Toshkent tomonidan “xushlanmagan san’atkor”ga aylangan.
Sakson yoshga kirish arafasida Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan Bobomurod Hamdamov o‘rta maktabdan keyin ko‘tarma kranchilar tayyorlaydigan qisqa kursni o‘qib, qurilishga ishga kirgani va qurilish o‘rtasida qad ko‘targan ulkan kranni boshqarayotib, qo‘shiq kuylaganini aytib bergan edi.
“O‘sha paytda urf bo‘lgan hind kinolaridagi qo‘shiqlarni kran kabinasida o‘tirib kuylardim. Bundan g‘azablangan prorab menga ultimatum qo‘ydi. “Sen yo kran hayda, yo qo‘shiq ayt”, dedi. Men qo‘shiqchilikni tanladim”, degandi o‘sha paytda san’atkor.
Bobomurod Hamdamov o‘zbek xalqi orasida hindcha qo‘shiqlar ijrochisi o‘laroq ham tanilgan bo‘lib, uning hindistonlik rejissyor Raj Kapur bilan do‘st bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum edi.