Линклар

 
Tarmoqlar va diniy siyosat. Adliya vaziri "jamiyatdagi bo‘linishlar"dan ogohlantirdi
Шошилинч хабар
12 май 2025, Тошкент вақти: 06:16

Tarmoqlar va diniy siyosat. Adliya vaziri "jamiyatdagi bo‘linishlar"dan ogohlantirdi


O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.
O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

6 - fevral kuni Toshkentda jurnalistlarning savollariga javob bergan O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “jamiyatda bo‘linishlarga sabab bo‘layotgan" din peshvolarini ogohlantirdi.

Vazir fuqarolarning qonunda belgilangan huquqlarini “inkor qilishga”, maqomidan qat’i nazar, hech kimning haqqi yo‘qligini ta’kidladi.

Vazirning ogohlantirishi ijtimoiy tarmoqlarda ulamolar va jamoat faollari o‘rtasida jiddiy bahs hamda tortishuvlar kuzatilayotgan bir paytda yangradi.

Ayni tortishuvlar fonida prezidentning diniy masalalar bo‘yicha maslahatchisi ham almashdi - Shoazim Minovarov o‘rniga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Muzaffar Komilov tayinlandi.

"Ixtilofli" chiqishlar

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 6 - fevral kuni ommaviy axborot vositalariga hisobotida boshqa masalalar sirasida mamlakatdagi diniy jamoa vakillari, ayniqsa imomlarning munozarali chiqishlariga to‘xtaldi.

“Diniy tashkilotlarning ayrim vakillari chiqib, ‘U ishni qilsa, bunday bo‘lar ekan, bu ishni qilsa, bunday bo‘ladi. Bu narsani ichsa, bunday bo‘ladi, bu viloyatliklar bunday’, degan gapiga huquq nuqtai nazaridan biz chidab turolmaymiz. Chunki bu, birinchidan, jamiyatimizning bo‘linishiga olib kelyapti, ikkinchidan, diniy tashkilotlarning bunday ixtilof qilishga haqqi yo‘q. Bilasizlarmi nimaga? Chunki odamlarga tamg‘a bosish huquqi yo‘q. Dinga xohlasa, ishonadi, xohlamasa, ishonmaydi. Xohlamasa, umuman tarkidunyo qilib yashaydi. Bu odamning konstitutsiyaviy huquqi. Shuning uchun qonunda belgilangan kafolatlarni kimlardir chiqib, maqomidan qat’i nazar, inkor qilolmaydi”, dedi Ruslanbek Davletov

Vazirning bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda din peshvolari va jamoat faollari orasidagi munozara taranglashayotgan bir pallada yangradi.

“Imomlar keskin chiqishlar qilmoqda”

So‘nggi yirik mojarolardan biri Toshkent viloyati Zangiota tumani «Fath» jome masjidida imom noibi vazifasida ishlab kelgan Solixon domla - Solixon Ortiqxo‘jayev bilan sodir bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlaridan birida domla shariatda taqiqlangan ichkilik ichish bilan mashg‘ul kishilarni tanqid qilarkan, Xorazm viloyati aholisini alohida tilga oldi.

Imomning bir viloyat ahlini umumlashtirib qoralashi tarmoqlarda keskin norozilikka sabab bo‘ldi, ulamoni bu chiqishi uchun javobgarlikka tortish talablari yangradi.

Noroziliklar ortidan O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi imomni vazifasidan chetlatdi.

Bunga qadar Farg‘ona viloyati Toshloq tumani Bosh imom xatibi, Shukrullo Egamberdiyev (Shukrullo domla)ning tarmoqlarda ayollarga nisbatan haqoratli deya tanqid qilingan chiqishi e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.

Imom uyida qarovsiz o‘tirgan ayollarni “o‘ziga qaramaydigan rasvo” deb atagan va qarovsizligi uchun ayollarning o‘zini ayblagandi.

Ayrim tarmoq foydalanuvchilari ayolni bu holga solgan erkaklar ekanini aytib, imomga chora ko‘rilishini talab qilishgan.

Tarmoqlardagi diniy kontent

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan farg‘onalik jurnalistlardan biri Adliya vazirining ogohlantiruvi o‘rinli bo‘lganini aytadi:

“Ayrim imomlarning bu kabi keskin chiqishlari keyingi paytlarda ko‘p uchrayapti. Nafaqat dunyoviy qonunlarda, hatto Islom dinida ham imom yoki diniy soha mutasaddisi kimgadir yoki qayergadir iddao qilayotganda ommatan tanqid qilishi qoralanadi. Bu fitnaga sabab bo‘lishi mumkin. Xuddiki, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish hech gap emasday. Bunaqa keskinlikni vazir emas, o‘zini hurmat qilgan oddiy ziyoli qatlam ham hazm qilolmayotgandi”.

O‘zbekistonda keyingi yillarda diniy erkinliklarning kengayganini e’tirof etgan jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, tarmoqlarda diniy kontentni tahlil qilishga ehtiyoj ham ortgan.

“Bizda keskin ma’ruzalar ommaga chiqib bo‘lganidan keyin vaziyatga qarab chora ko‘rish tajribasi bor va hozirga qadar shu tajribaga tayanilmoqda. Bitta imom ishdan olingan, lekin ma’ruzalari tarqalib yotibdi. Bunaqa ma’ruzalarni o‘z tafakkuri bilan sintez qiladigan, tahlillab o‘ziga keragini olib, kerakmasini tashlab yuboradiganlar emas, asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qiladigan yoshlar eshityapti”, - deydi jurnalist.

Prezident maslahatchisi o‘zgardi

2 - fevral kuni O‘zbekiston prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shoazim Minovarov lavozimdan chetlatildi. Uning o‘rnini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov egalladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari sifatida faoliyatini davom ettirishi aytilgan Minovarov avvalroq Facebook tarmog‘idagi chiqishida “shariat bilan boshqariladigan islom davlatini orzu qiladiganlar” ni qoralab chiqqandi.

"Taassuf. Shu mamlakatning nonini yeb, suvini ichib, "Shariat bilan boshqariladigan islom davlati" orzusida yurganlar to‘g‘risida eshitsam, xafa bo‘lib ketaman. Iroqda, Suriyada, qo‘shni davlatda nimalar bo‘lganini ko‘rib, bilib turib, nahotki ana shunday tuzumni orzu qilsalar?”

...Nega oila boshlig‘i topib kelgan va bolalar tarbiyasi-ta’minotiga ishlatilishi kerak bo‘lgan mablag‘ni "gaplar"ga, dunyoning allaqayerlaridan olib kelinayotgan qora liboslarga ishlatib, eng katta ne’matimiz - tinchlikka raxna solishni o‘ylaydilar ayrim yurtdoshlarimiz?”, deb yozgan prezident maslahatchisi.

Tarmoq foydalanuvchilarining bir qismi prezident maslahatchisining chiqishini "haddan oshgan diniy qatlamga ogohlik signali" sifatida talqin qilgan bo‘lsa, boshqalar tomonidan "dinga sovetcha yondashuv" deya tanqid qilindi.

Tahlilchi Sardor Salimga ko‘ra, Minovarovning bahsli posti O‘zbekistondagi "hukmron sekulyar elita nafaqat hozirgi o‘zbek jamiyati nima bilan yashayotganidan, balki dunyodagi trend va tendensiyalardan butkul bexabarligini ham namoyon qilgan".

O‘zbekiston Prezident administratsiyasiga yaqin manbadan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu paytgacha ham “rahbarlik qobiliyati va irodasini ko‘rsata olmagan” Minovarov ishidan prezident qoniqmayotgan edi.

Manbaning aytishicha, Minovarovga “tarmoqqa post qo‘yishdan boshqa ish qo‘lingizdan kelmaydimi?” degan e’tiroz bo‘lgan. Uning o‘rniga tayinlangan Muzaffar Komilov esa “bu tizimni qanday nazorat qilishni biladigan kuch ishlatar tuzilma kadridir”

54 yashar Muzaffar Komilov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada uzoq yillar yillardan buyon ishlab kelgan. Ayni paytda u O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimini ham saqlab qolgan.

Diniy siyosat

Mustaqil jurnalist va inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Adliya vazirining bayonoti va ungacha o‘tgan qisqa vaqt ichida yuz bergan voqealar ketma-ketligi hukumatning diniy siyosatidagi o‘zgarishlardan darak bo‘lishi mumkin.

“Din ishlari bo‘yicha sobiq Davlat maslahatchisi Shoazim Minovarov har holda olim sifatida ham, jamoat arbobi sifatida ham sekulyar jamiyat tarafdori edi. Buni uning chiqishlari, maqolalarida ko‘rganmiz. Ammo ko‘pchilik u kishini qattiqqo‘l rahbar sifatida emas, diplomat sifatida biladi. Balki dindorlarning mo‘’tadillikdan og‘ishayotganiga u kishini aybdor sifatida ko‘rishgandir. Bu iste’fo va Adliya vaziri Davletovning diniy ulamolar borasidagi chiqishida o‘zaro bog‘liqlik bo‘lishi mumkin. Yangi maslahatchi Muzaffar Komilov esa diniy qo‘mita vakili sifatida ulamolarga birmuncha yaqin va qattiqqo‘lroq odam”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Adliya vazirining bayonoti tarmoqlarda dunyoviy institutlar va toqatlilikning ahamiyatini ta’kidlab keladigan bloger va mutaxassislar tomonidan olqishlandi. Tilshunos olim va bloger Eldor Asanovga ko‘ra, vazir ko‘plab faollar, ekspert va blogerlarning xavotirlarini tilga keltirgan, xolos.

"Faqat Davletov emas, juda ko‘p faollar, ekspertlar, blogerlar nechchi oylardan buyon buni ta’kidlab keladi. Bu muammoni allaqachon payqab bo‘lishgan, vazir Amerika ochgani yo‘q. Davletov shu kabi keyslarni nazarda tutyapti, umuman dinga yoki diniy targ‘ibotga taqiq qo‘ygani yo‘q", - deb yozdi u o‘zining "Asanov formati" Telegram-kanalida.

XS
SM
MD
LG