O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 24-dekabr kuni Jinoyat kodeksining 244-moddasiga (ommaviy tartibsizliklar) tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.
Amaldagi qonunchilikda ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlik, ularda faol ishtirok etganlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Endilikda ommaviy tartibsizliklarni sodir etish maqsadida ta’lim olganlik va ularni tashkil etishni moliyalashtirganlik uchun ham jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda.
Gazeta.uz nashrining aniqlik kiritishicha, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida o‘tkaziladigan o‘qishga qatnashish, shu jumladan, bu bo‘yicha bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarni egallash, shuningdek, qurol-yarog‘, portlash qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi va atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan boshqa moddalar va predmetlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha (112,5 million so‘mdan 225 million so‘mgacha) miqdorda jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari nazarda tutilgan.
Shaxsga nisbatan zo‘ravonlik, talonchilik, portlatish, mulkka shikast yetkazish yoki yo‘q qilish, hokimiyat vakiliga qurol qo‘llash bilan birga sodir etiladigan ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish yoki moliyalashtirish, ularda faol ishtirok etishda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Qonun loyihasiga tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, “zamonaviy voqelikdan kelib chiqib, ushbu sohadagi milliy qonunchilikni takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan”.
Mazkur qonun loyihasi ilgari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan.
Ozodlik 11-dekabr kuni qonun loyihasi birinchi o‘qishda savollarsiz ma’qullangani haqida xabar qilgan edi.