Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:19

Tasavvuf adabiyoti tadqiqotchisi, professor Ibrohim Haqqul olamdan o‘tdi


Ibrohim Haqqul
Ibrohim Haqqul

Navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul 28-iyun kuni 73 yoshida vafoft etdi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati ma’lum qilgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, olimning janozasi 29-iyun kuni Buxoro viloyati Shofirkon tumani Talija qishlog‘ida peshin namozidan so‘ng o‘qiladi.

Mazkur qishloqda 1949-yilning 28-martida ziyoli oilasida tug‘ilgan Ibrohim Haqqul avval o‘rta maktabni, 1970-yilda esa Buxoro davlat pedagogika institutini tamomlagan.

1970-1972-yillarda u “Shofirkon haqiqati” gazetasida bo‘lim boshlig‘i va muharrir vazifalarida ishlagan.

Ibrohim Haqqulning adabiyotshunos sifatidagi “Navoiy va Mavlono Ashraf”, “Daryo kabi hamisha uyg‘oq...” kabi ilk maqolalari shu gazetada bosilgan.

Olim 1972-yildan Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida ishlay boshlagan va umrining oxirigacha bu dargoh bilan aloqasini uzmagan – so‘nggi yigirma yildan ko‘proq vaqt mobaynida u institutdagi “O‘zbek adabiyoti tarixi” bo‘limiga mudirlik qilgan.

1976-yilda “O‘zbek adabiyotida ruboiy” mavzusida kandidatlik dissertatsiyasini himoya qilgan Ibrohim Haqqul oradan qariyb 20 yil o‘tgach, aniqrog‘i, 1995-yilda “O‘zbek tasavvuf she’riyatining shakllanishi va taraqqiyoti” mavzusidagi dissertatsiya himoyasidan so‘ng filologiya fanlari doktori unvoniga ega bo‘lgan.

Olimning “O‘zbek adabiyotida ruboiy” (1981), “Uvaysiy she’riyati” (1982), “Badiiy so‘z shukuhi” (1987), “Zanjirband sher qoshida” (1989), “She’riyat - ruhiy munosabat” (1989), “Abadiyat farzandlari” (1990), “Tasavvuf va she’riyat” (1991), “Kamol et kasbkim...” (1991), “G‘azal sog‘inchi” (1991) kabi yigirmada ziyod kitobi bosmadan chiqqan.

Ibrohim Haqqul o‘zbek adabiyotida shartli ravishda “70-80 yillar yoshlari” deb atalgan hamda Muhammad Solih, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Murod Muhammad Do‘st, Emin Usmon, Usmon Azim, Erkin A’zam, Miraziz A’zam, Ahmad A’zam kabi shoir-yozuvchilar davrasining to‘laqonli a’zosi bo‘lgan, adabiy tanqidchi o‘laroq adabiy jarayon rivojiga katta hissa qo‘shgan, mumtoz adiblar va jadid adabiyoti namoyandalari ijodi bilan bir qatorda zamonaviy she’riyat vakillari asarlarini ham sinchkovlik bilan o‘rganib borgan. Olimning ayniqsa klassik asarlarni tasavvufiy tadqiq qilish bo‘yicha ilmiy xizmatlari beqiyosdir. Shu o‘rinda uning boshqa ko‘plab asarlari qatori so‘nggi yillarda bosmadan chiqqan 2 jildlik “Navoiyga qaytish” asarini eslash joiz.

Ibrohim Haqqulning ayrim maqola va kitoblari turk, uyg‘ur, ozarbayjon, tojik va rus tillariga o‘girilib, chop etilgan.

O‘tgan asrning 70-yillari oxiri va 80-yillari boshlarida olim tafakkurida boshqa ijodkor do‘stlari qatori milliy o‘zlikni anglash va kommunistik istibdoddan qutilish g‘oyalari kurtak ota boshlaganini kuzatish mumkin. Mafkuraviy ildizlarni qidirish va hurriyatga intilishda aks etgan bu istak turtkisi bilan Ibrohim Haqqul tengdoshlari safida ijtimoiy-siyosiy jabhalarda faollasha boshlagan. Olim qayta qurish yillarida tuzilgan “Birlik” harakati, 1990-yilda tashkil topgan “Erk” demokratik partiyasining faol a’zolaridan bo‘lgan. Partiya organi bo‘lmish “Erk” gazetasining ilk muharriri ham Ibrohim Haqqul edi. Uning muharrirligida mazkur gazeta adadi 1991-yili 100 ming nusxaga etib, o‘sha davrdagi eng ko‘p tirajli nashrga aylangan. 1992-yili Ibrohim Haqqulga qarshi, safdoshlarining e’tiroficha, uydirilgan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, shuning ortidan u gazetadan ketishga majbur bo‘lgan. Olim o‘shandan keyingi 30 yillik hayotini yana ilmga, adabiyotshunoslikka bag‘ishlagan.

Ibrohim Haqqulni taniganlar uning bir idealist ziyoli sifatida umr kechirganiga e’tibor qaratishadi. Olim o‘z chiqishlaridan birida “Vatan avomlik balosidan forig‘ bo‘lganda qudratli yurtga aylanadi. Vatanda hech kim olomonning nomidan ish yuritmasa va hech kim olomondan tayanch axtarmasa, bu o‘lkaning har go‘shasi ma’rifat va ma’naviyat, tafakkur va haqiqat poytaxtiga teng bo‘ladi”, degan edi.

XS
SM
MD
LG