Joriy yilning 31-avgust kuni “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2024-yildagi 2-mavsumi yakunlandi.
Open byudget portali ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi mavsumda 1772 ta loyiha g‘olib deb topilgan, ularga 2 trillion 139 milliard so‘m miqdorida mablag‘ berilishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, ikkinchi mavsumda ovoz berishga qo‘yilgan 23 ming 318 ta loyiha uchun jami 9 million 81 ming 610 ta ovoz berilgan.
Fuqarolar ko‘proq mamlakat ichidagi yo‘llar qurilishi va ta’miri, maktablar va tibbiyot muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun ovoz berishgan.
“Tashabbusli byudjet”ning 2024-yilgi 2-mavsumiga shu yil 6-iyulidan start berilgandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu mavsumda 6 iyuldan 26-iyulgacha loyihalarni kiritish, 26-iyuldan 15-avgustgacha loyihalarni saralash, 15-avgustdan 22-avgustgacha targ‘ibot ishlarini olib borish, 22-avgustdan 1-sentyabrgacha esa bevosita ovoz berish jarayonini o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi.
O‘zbekistonda “Tashabbusli byudjet” loyihasi fuqarolarga infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha o‘z loyihalarini taklif qilish orqali mahalliy byudjetning bir qismi taqsimotida ishtirok etish uchun imkoniyat yaratish maqsadida yo‘l qo‘yilgani aytiladi. Bu loyihani aksariyat “ko‘pga kelgan to‘y” sifatida baholab, mahallalardagi yo‘l, maktab yoki tibbiyot muassasasini ta’mirlab olish imkoniyati o‘laroq ko‘rsa-da, avvalgi mavsumlarda kuzatilgan majburlov va g‘irromliklar joylardagi odamlarning hafsalasini sovitib, ijtimoiy tarmoqlarda asosli e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.