Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:08

Telegramda "tahqirlangan" urgutliklarni tinchlantirish uchun harbiylar tashlandi (VIDEO)


Urgutda 22 - iyul kuni ko‘rilgan harbiylar (Videodan skrinshot)
Urgutda 22 - iyul kuni ko‘rilgan harbiylar (Videodan skrinshot)

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Urgut tumanida aholi noroziligi aks etgan videolar tarqaldi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Urgutning G‘o‘s qishlog‘ida bir guruh aholi vakillari Telegram orqali "o‘z sha’nlariga haqoratli so‘zlar ishlatgani" da’vo qilingan shaxsni jazolashni talab qilishgan.

IIB ma’lumotiga ko‘ra, g‘o‘sliklarni haqorat qilgan shaxs hibsga olingan. Uning kechirim so‘ragan videosi tarmoqlarga joylashtirilgan.

G‘o‘sliklarga ko‘ra, jamoat tartibini saqlash uchun IIB, maxsus kuchlar va harbiylar jalb qilingan.

Hodisa payti bir necha g‘o‘slik jarohat olgani va o‘nlab yigit hibsga olingani aytilmoqda.

Hodisaga guvoh bo‘lgan g‘o‘sliklarning Ozodlikka aytishicha, voqea aslida 3 kun avval boshlangan:

“21 - iyul kuni Urgut tumani markazida yashovchi bir yigit g‘o‘sliklarni juda yomon haqorat qildi. Juda uyat so‘zlarni ishlatib so‘kingan. Shu kuni g‘o‘sliklar u yigitning kimligini, adresini aniqlashdi. Ertasiga, ya’ni 22 - iyul kuni uning uyiga borishdi. Lekin unga xabar berilgan ekan, uyidan qochib ketibdi. Keyin odamlar hokimiyat oldiga borib, haqorat qilgan yigitni jazolashni talab qilishdi”.

Manbaga ko‘ra, hodisa haqida eshitgan qishloq ahli tuman markaziga yig‘ilgan:

“Juda ko‘p odam edi, sizga aniq sonini ayta olmayman. Chunki hech kim sanamadi. Lekin yuzlab odam bor edi. Necha yuzligini, balki IIB sanagandir. Odam juda ko‘p edi”.

Hodisaning boshqa guvohlariga ko‘ra, jahl otiga mingan olomonni tinchlantirish uchun tuman IIB bo‘limi qo‘shimcha kuch chaqirtirgan:

“OMON ham shu yerda edi. DXX ham shu yerda edi. Voenniy formadagilar ham bor edi. Bir nechta bronetransporterni ko‘rdim. Kimdir tanklar ham borligini aytdi. Odamlar juda nervniy edi. Hamma o‘sha haqorat qilgan odamni jazolashni talab qilishdi”.

Ozodlikka hodisa joyidan jo‘natilgan videolarda o‘nlab harbiylarni ko‘rish mumkin. Ular qalqon va dubinkalar bilan qurollangani ko‘rinadi.

G‘o‘sliklar iddaosicha, shu kuni olomonni tinchlantirish uchun harbiylar tomonidan kuch ham qo‘llanilgan.

“Hech kim tarqalishni istamadi. Keyin birovlarga elektroshok qo‘llabdi. Yana kimdir ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanganini aytdi. Ko‘pchilik jarohatlandi”,- deya iddao qildi g‘o‘slik yigit.

Lekin g‘o‘sliklarning bu iddaolarini na mahalla yig‘ini raisi va na Urgut tuman IIB bo‘limining Ozodlik bog‘langan xodimi tasdiqladi.

23 - iyul kuni Samarqand viloyat IIB Urgutdagi hodisa bo‘yicha rasmiy bayonot e’lon qildi.

Bayonotda aytilishicha, 21 - iyul kuni Urgut tumani “Do‘stlik” mahallasida yashovchi 32 yashar Sh.Sh. Telegram tarmog‘iga "guruh a’zolarini haqoratlagan videomurojaatini joylashtirib, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlagan”.

Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 140-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro Sh.Sh.ga nisbatan «qamoq» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sh.Sh. hibsga olingach, uning kechirim so‘ragan videosi tarmoqlarga chiqarildi.

Rasmiy xabarda Sh.Sh.ning yashash manziliga borib, janjal ko‘targan barcha fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgani va jamoat tartibini buzgan har bir fuqaroning harakatlariga qonuniy tartibda baho berilishi aytilgan.

G‘o‘sliklarga ko‘ra, ikki kun davomida o‘nlab yigit hibsga olingan.

“Hammani olib borib, bitta xonaga qamab qo‘yishgan. Tualetga chiqishga ham ruxsat bermagan. Hamma bitta xonada tiqilib, tik oyoqda turgan. Chunki odam ko‘pligidan o‘tirish imkoni bo‘lmagan. Hozir G‘o‘s qishlog‘i qamal qilinganga o‘xshaydi. Voenniylar o‘rab olgan. Harbiy texnikalari bilan yuribdi”,- degan iddaoni Ozodlik suhbatlashgan ikki nafar g‘o‘slik gapirdi.

Ayni paytda g‘o‘sliklar 23 - iyul kuni ham Urgut tumani markaziga yig‘ilishganini aytishdi.

“Bugun ham odamlar tuman hokimiyati oldigan borishdi. Yuzlab odam bor edi. Odamlar borib, hibsga olinganlarni qo‘yib yuborishni talab qilishdi. Bir kun oldin voenniylar yigitlarning telefonlarini tortib olib qo‘ygan, shu telefonlarni qaytarishni talab qilishdi”,- dedi hodisa tafsilotlaridan xabardor g‘o‘slik.

Samarqand viloyat IIB o‘z bayonotida “qonunda belgilanmagan tartibda boshqa bir fuqaroni «samosud» qilish yoki shu kabi harakatlarga urinish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi” eslatib o‘tgan.

XS
SM
MD
LG