Joriy yil 1-dekabridan e’tiboran “O‘zbekiston temir yo‘llar” AJga tegishli mahalliy qatnovdagi vagonlarda yuk tashish tariflari 30 foiz miqdorida oshiriladi. Bu haqda ma’lumot tarqatgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati narx oshishini xarajatlar ko‘paygani bilan izohlagan.
Monopol mavqedagi shirkat 2024-yil 1-yanvaridan boshlab yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilganini ham eslatgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda mahalliy faollar yil boshida mamlakat rahbari barcha davlat korxonalariga tannarxni 15 foizga kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergani, binobarin, “O‘zbekiston temir yo‘llar” shirkatining tariflarni oshirishi umumiy siyosiy kursga zidligi haqida yozgan.
Iqtisodiy tahlilchilar keskin qimmatlashayotgan yuk tariflari iste’mol va ishlab chiqarish narxlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishidan ogohlantirgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil mobaynida yo‘lovchi tashish poyezdlari chipta narxi ham ikki bora oshirilgan. Jumladan, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chipta narxi 20-yanvardan boshlab 20 foizga, 15-maydan boshlab esa 20-40 foizga oshirilgan edi.