Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:49

“To‘la hukmron” Mirziyoyev, “Toqayev-Nazarboyev tandemi” va muqobilsizlik. O‘zbekiston Qozog‘iston yo‘lidan ketmoqdami?


O‘z‑o‘ziini nomzod qilib ko‘rsatish instituti yo‘q; va’da qilingan islohotlar yo‘q; davlat rahbarlari o‘z qarindoshlarini hokimiyatga sherik qiladi, muxolifatga maydon berilmaydi – Qozog‘iston va O‘zbekiston siyosiy tizimlarini shu va boshqa ko‘plab o‘xshash jihatlar birlashtiradi. Ammo sezilarli farqlar ham bor, deydi Vashingtondagi Karnegi fondining Yevroosiyo va Rossiya dasturi katta ilmiy xodimi va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Pol Stronski.

O‘zbekistonda 24 - oktabr kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Bu Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyingi ikkinchi prezident saylovi. Natijasi oldindan ma’lum ushbu saylovga bitta ham mustaqil nomzod qo‘yilmadi. Chinakam raqobat yo‘qligi – O‘zbekiston va Qozog‘istondagi siyosiy vaziyatning yagona umumiy jihati emas. Ikkala mamlakatda ham o‘z‑o‘zini nomzod qilib ko‘rsatish instituti yo‘q, ularning yetakchilari esa islohotlar haqida ko‘p gapirishadi‑yu, lekin amalga oshirishmaydi.

Qolaversa, Mirziyoyevning ayrim qadamlari – o‘z hokimiyatini mustahkamlashi, nufuzli lavozimlarga o‘z qarindoshlarini tayinlashi Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning 2000-yillardagi ishlarini eslatadi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari nega o‘z yaqinlarini hokimiyatga keltirmoqda? Ular va’da qilgan islohotlar nega amalga oshirilmayapti? Nega O‘zbekiston va Qozog‘istonda mustaqil nomzodlarni saylovga yo‘latishmaydi? Ozodlik radiosi qozoq xizmati shu va boshqa savollar bilan amerikalik ekspert, Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi Pol Stronskiga yuzlandi.

“KO‘Z BO‘YASH” UCHUN O‘TKAZILADIGAN SAYLOVLAR VA “G‘OYASIZ” MUXOLIFAT

Ozodlik: 24 - oktabr kuni O‘zbekistonda 2016 - yilda Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan beri ikkinchi prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham saylovga faqat sodiq, qo‘g‘irchoq nomzodlargina qo‘yilyapti. Bunaqa saylovlarning natijasi oldindan ma’lum. Nega bunday bo‘lyapti, nima deb o‘ylaysiz?

Pol Stronski: Ushbu mamlakatlarda avtoritarizm va avtoritar tendensiyalarning ko‘p yillik tarixi bor. Shu bois, garchi Toqay2v hukumati, undan oldin esa Nazarboyev hukumati, O‘zbekistonda Mirziyoyev hukumati ham siyosiy va iqtisodiy islohotlar zarurli haqida ko‘p gapirsa-da, liberallashtirish, siyosiy maydonni kengaytirishga kelganda yuraklari dov bermaydi. Shu bois, u yerda ham, bu yerda ham amaldagi rejimga potensial xavf tug‘diradiganlar saylovga yaqinlashtirilmaydi.

Shunga qaramay ikkala mamlakat ham saylov jarayonidan o‘tmoqda, holbuki konstitutsiya me’yorlariga amal qilmasliklari ham mumkin edi. Mana shunisi qiziq. Ular hatto YeXHT DIIHB kuzatuvchilarini chaqirishyapti, xususan, O‘zbekiston uchun bu ilgari hech ko‘rilmagan hol. Va bu mazkur mamlakatlar hukumatlari saylovni o‘z rejimini milliy va xalqaro miqyosda qonunlashtirish vositasi o‘laroq ko‘rayotganini anglatadi. Shu bilan birga, ular hech qanaqa “syurpriz” bo‘lishini xohlamaydilar.

Ozodlik: Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham o‘zini o‘zi nomzod qilib ko‘rsatish instituti yo‘q. Hukumat Belarusdan, tizimdan tashqari nomzod Svetlana Tixanovskaya kutilmaganda qudratli Lukashenkoga katta muammo tug‘dirganidan xulosa yasab, ushbu ssenariyga yo‘l qo‘ymaslikka urinyaptimi yoki shunchaki tavakkal qilishni xohlamayaptimi?

Pol Stronski: Menimcha, tavakkal qilishni xohlamayapti. Bunaqa ssenariy Belarusdan boshqa davlatlarda ham kuzatilgan. Armanistonda oldingi hukumatni aynan mustaqil nomzod ag‘dardi. Bunaqa jarayonlar bo‘lishi mumkin, ular tabiiydir va aholi noroziligi ortgani sayin kuchayib boradi. Tilga olingan mamlakatlarda pandemiya, iqtisodiy va boshqa muammolar tufayli norozilik har doimgidan kuchli, bir chekkasi shu sababdan hukumat bir oz ochiqroq saylov o‘tkazishga hayiqayotgan bo‘lishi mumkin.

Saylov erkin va ochiq bo‘lishi uchun nomzod ko‘rsatish jarayoni demokratik tartibda bo‘lishi bilan birga, muqobil taklif qila oladigan haqiqiy partiyalar ham kerak. Lekin hozirda bunaqa partiyalarni ko‘rmayapmiz.

Hatto taqiqlangan partiyalar ham muqobil nuqtai nazar taklif qilmayapti. Ular shunchaki, status-kvoga qarshi xolos. Muqobil taklif etish uchun esa g‘oyalar zarur. Ammo mintaqada saqlanib qolgan siyosiy harakatlarda g‘oya borligini sezmayapman.

Xullas, gap faqat hukumatda emas. Ojiz va tarqoq, kurashdan maqsadi mavhum bo‘lib qolayotgan muxolifat ham aybdor. Demak, muammoning ikki sababi mavjud: hukumat qatag‘onlari va ikkala mamlakatda muxolifatning zaifligi.

Ozodlik: Biroq bu mamlakatlarda muxolifat allaqachon yo‘q qilingan...

Pol Stronski: Ha, bu rost. Lekin men kelajak borasida o‘z tasavvurini olg‘a surayotgan muxolifatchilar ko‘pligini ham ko‘rmayapman. O‘sha Armanistonda muxolifat aniq tasavvurga ega edi. Ammo u yerda muxolifatni ezib tashlashmagan yoki Qozog‘iston va O‘zbekistondagidek qatag‘on qilishmagan.

Shunga qaramay, mening fikrimcha, O‘zbekiston va Qozog‘istonda muxolifat birlashishga qattiqroq harakat qilishi va faqat tanqid qilavermay, taklif ham berishi mumkin edi, deb o‘ylayman.

Avtoritar davlatning demokratiklashuvi holatlari tarixda bo‘lgan: Tayvanda, Janubiy Koreyada, masalan. Shubhasiz, bunaqasi bo‘lishi mumkin. Ammo buning uchun o‘zgarishlarga katta hozirlik, “pastdan tepaga” kuchli bosim bo‘lishi hamda o‘z tasavvurini bayon qiladigan odamlar zarur.

O‘zbekiston va Qozog‘iston singari mamlakatlarda mazkur omillar birikmayapti. Bunga avvalo rejim aybdor, lekin kengroq ijtimoiy omillar ham mavjud.

Ozodlik: Biroq, masalan, Qozog‘istonni oladigan bo‘lsak, u yerda dissidentlar va muxolif partiyalarga o‘rin yo‘q. Bunaqa partiyalarni ekstremistik deb topishdi va ular endi mamlakatda umuman faoliyat yurita olmaydi. Rejimning har qanday muqobillari shu tariqa ezib tashlanishi, qatag‘on qilinishi mumkin...

Pol Stronski: Ha, men buni inkor etmayman. Lekin, menimcha, ba’zan faqat hukumat va uning qatag‘on siyosatini nishonga tutib, muxolifat va uning platformasiga yetarlicha e’tibor bermaymiz. Men Muxtor Ablyazovni (qozog‘istonlik sobiq bankir va muxolifatchi, chet elda yashaydi – tahr.) layoqatli muxolifatchi lider deb hisoblamayman, chunki uning chinakam platformasi yo‘q, atrofidagilar esa shunchaki siyosiy harakat xolos.

Qozog‘istonda demokratik umid uchqunlari bor. Bu hududlarda va lokal masalalarda ko‘rinadi. Norozilik aksiyalariga chiqqan onalarni ko‘ryapmiz – bu odamlarni ruhlantiradi, fuqarolik jamiyati avvalo mana shunaqa tashabbuslar orqali o‘ziga imkoniyat qidirishi lozim.

Saylovga haddan ziyod e’tibor qaratilmoqda. To‘g‘ri, saylov muhim, lekin ushbu mamlakatlarda quyi bo‘g‘inlarda kichik-kichik harakatlar ham bor. Ularda g‘oyalar aylanadi, o‘zgarishlarga intilish mavjud. Men ishonishimcha, avtoritar davlatlarda o‘zgarish aynan ulardan boshlanadi. Taqiqlangan muxolifat harakatlari jamiyatda evrilish qila oladi, deb o‘ylamayman.

Ozodlik: Agar hukumat, siz aytgandek, tavakkal qilishni xohlamayotgan bo‘lsa, bu ularning o‘ziga inonchsizligini bildiradimi? Yoki maqsadlari 99 foiz ovoz olishmi?

Pol Stronski: 99 foiz ovoz rejimni xalqaro maydonda xijolatga qo‘yadi, chunki bu raqamga hech kim ishonmaydi va qalloblik deb hisoblaydi. Men o‘ylaymanki, ular shunchaki mutlaqo tavakkal qilmoqchi emas. Hukumatlarning ag‘darilishini o‘rgansangiz, bunga odatda saylov bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lganiga amin bo‘lasiz. Saylov ko‘zbo‘yamachilik ekanini hukumat biladi, muxolifat bundan unga qarshi foydalanishini ham. Shu bois muxolifat saylovda umuman qatnashmaslikni afzal ko‘radi.

HOKIMIYATDAN KETISHNING TO‘LOVI, DEMOKRATIYANING GLOBAL INQIROZI VA PREZIDENTLARNING “OILAVIY MANFAATLARI”

Ozodlik: So‘nggi yillarda Qozog‘iston va O‘zbekistonda yangi rahbarlar iqtidorga kelgach, odamlar yangi davr boshlanishiga umid qilishdi. Ikkala prezident ham o‘zgarishlar haqida ko‘p gapiradi, lekin tamal huquq va erkinliklarni ta’minlashga doir islohotlarga kelganda amalda arzigulik bir ish qilmaydi va hammasi quruq gap bo‘lib qoladi. Nega?

Pol Stronski: Birinchidan, O‘zbekiston hali uzoq yo‘lni bosib o‘tishi kerak, ammo Karimovning repressiv boshqaruvidan so‘ng u yerda ayrim ijobiy siljishlar bo‘ldi. Tan olish kerakki, u bir necha yil burungi O‘zbekiston emas.

Ichki sezgim menga Mirziyoyev halol saylovda saylanganini va qaytadan saylanishini aytmoqda. G‘olib chiqish uchun unga qandaydir hiyla-nayranglar kerak bo‘lmaydi.

Markaziy Osiyoda siyosiy islohotlar yo‘lidagi eng katta muammo shundaki, mintaqa mamlakatlari tarixida rahbarning o‘z boyliklari va oilasi farovonligini saqlagan holda hokimiyatdan ketishi kuzatilgan emas.

O‘zbekistonni oladigan bo‘lsak, sobiq prezidentning qizlaridan biri qamoqda o‘tiribdi. Ikkinchisi mamlakatdan qochib ketgan. Hokimiyatdan mahrum bo‘lishning to‘lovi juda katta. AQShda va Yevropa mamlakatlarida ahvol tamomila boshqacha. Angela Merkel xotirjam nafaqaga chiqyapti, Baraka Obama pensiyada, Jorj Bush musavvirlik bilan shug‘ullanyapti. Hokimiyatga shuncha tirmashganiga qaramay, Donald Trampning ham hayoti davom etmoqda.

Markaziy Osiyoda esa, agar yutqazib qo‘ysangiz, oilangiz ham, sizga sodiq odamlar ham zarar ko‘radi.

Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham aholi islohotlarni xohlaydi. Munosib ijtimoiy himoya va ish o‘rinlari bo‘lishini, farzandlari yaxshiroq yashashini xohlashadi. Ularga iqtisodiy imkoniyatlar kerak. Lekin ko‘pincha amaldagi siyosiy elita bunaqa dasturlarni ishlab chiqmaydi va faqat o‘z manfaatlarini olg‘a suradi. Mazkur muammo dunyoning barcha mamlakatlarida mavjud, biroq avtoritar davlatlarda u ancha chuqur ildiz otgan.

O‘ylaymanki, norozilik ikkala jamiyatda ham bor. Biroq, nazarimda, Qozog‘istondan ko‘proq umid qilish mumkin, chunki mamlakat hech qachon O‘zbekistonchalik repressiv bo‘lgan emas. Darvoqe, O‘zbekistonda Mirziyoyev aynan qatag‘onlardan voz kechgani uchun aholi orasida obro‘ qozondi.

Toqaev boshida islohotchi bo‘lishga, “xalqni eshitadigan davlat” qurishga so‘z bergan edi. Bu va’dalar og‘izda qolib ketgach, odamlarning undan ko‘ngli qoldi. Ammo, o‘ylashimcha, o‘zgarishlar zarurligini anglay oladigan odamlar hukumatda ham, jamiyatda ham bisyor. Natijasini vaqt ko‘rsatadi.

Muammolar qo‘shni mamlakatlarda ham yetarli: Qirg‘izistonda demokratik jarayonda “nosozlik” ro‘y berdi, korrupsiya avj olgani tufayli Afg‘oniston demokratiyaga o‘ta olmadi. Afsuski, mintaqada demokratik evrilish namunasi sifatida ko‘rsatish mumkin bo‘lgan mamlakatlar yo‘q hisob. Hindiston, Janubiy Koreya va Yaponiyada plyuralizm bor, ammo bu mamlakatlar Markaziy Osiyodan juda uzoqda. Bevosita yaqin mamlakatlar orasida muvaffaqiyatli demokratiya namunalari yo‘q. Bu ham jiddiy muammo.

Ozodlik: Markaziy Osiyoda hokimiyatdan mahrum bo‘lishning badali katta, dedingiz. Biroq Qozog‘istonda Toqayev qarindosh-urug‘larini hokimiyatga tortmagan, u siyosiy elitalar bilan bog‘liq emas. Shunday ekan, nega islohotlar o‘tkazmayapti?

Pol Stronski: Qozog‘iston xalqi Vashingtonda o‘tirgan menga qaraganda yaxshiroq biladi, deb o‘ylayman. Aftidan, bunga qarshi institutsional muxolifat bo‘lsa kerak. Boz ustiga, hanuz o‘z hokimiyatini sezilarli darajada saqlab qolayotgan sobiq prezident Nazarboyev bilan g‘alati munosabatlar ham bor. Odamlar bilan gaplashganimda Nazarboyev va Toqayev birgalikda yaxshi ishlashadi, degan xulosaga kelaman, biroq ularning jamoalari ham shunaqa ahilligiga ishonchim komil emas. Shuningdek, hech qanday o‘zgarish va yangiliklarni istamaydigan guruhlar mavjud. Mana shu barcha omillar o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Qolaversa, Toqayevning prezidentligi murakkab pallaga – kovid pandemiyasiga to‘g‘ri kelib qoldi. Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham shu bilan bog‘liq muammolarga to‘qnash kelib, manyovr qilishga majbur bo‘layotir. Ammo ba’zan aynan inqiroz davrida islohotlarga ko‘proq ehtiyoj tug‘ilishi mumkin.

Ozodlik: Demak, sizning-cha, Nazarboyev mamlakatni sahna ortidan idora qilishda davom etayotgani uchun Toqayev va’da qilgan islohotlar amalga oshmayaptimi?

Pol Stronski: Bu ehtimoldan xoli emas. Boshqa tomondan, Toqayev – shu tizimning mahsuli. U islohotlar o‘tkazishi qiyin, chunki to‘liq nazorat uning qo‘lida emas, qolaversa, u Nazarboyev davrida islohotlarni va’da qilgan, lekin va’dasida turmagan hukumatning vakilidir. Xullas, “yangi” prezidentning o‘zgarishlar haqida gapirgani holda turli sabablarga ko‘ra ularni ro‘yobga chiqarmayotganiga ajablanmasa ham bo‘ladi.

Xohishi va imkoniyati bo‘lmasa ham islohot qilishga va’da berish Qozog‘iston hukumati uchun bir an’ana bo‘lib qoldi. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda jahon mamlakatlari jiddiy inqirozga yo‘liqdi. Hatto AQShdek demokratik mamlakatda avtoritarizm tomonga siljishlar bo‘layotganini kuzatyapmiz. Qo‘shma Shtatlarda-ku jamiyat qarshilik qilyapti, norozilik bildiryapti, lekin, masalan, Vengriya, Polsha va Filippinda demokratiya allaqachon boshqa yo‘nalishga kirib bo‘ldi. Binobarin, demokratiya duch kelayotgan global inqirozning ham mintaqaga zarari tegyapti.

Ozodlik: Mirziyoyev shaxsiga qaytsak. Uning ayrim ishlari Nazarboyevni eslatadi. Xususan, u ham qizlari va kuyovlarini ko‘tarmoqda. Kenja kuyovi Otabek Umarov prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari. Bu Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a va uning eri Rohat Aliyevni turli lavozimlarga ko‘tarishga uringanini yodga soladi. Bir paytlar nisbatan ochiq saylovlar orqali iqtidorga kelgan rahbarlar nega keyinchalik o‘z qarindoshlari va yaqin kishilarini hokimiyatga tortadi?

Pol Stronski: Bu avtoritar mamlakatlarga xos tendensiya. Sababi iqtisodiy resurslarga yo‘l ochilishiga borib taqaladi. Rahbarlar ularni o‘zi ishongan odamlarga beradi. Rohat Aliyev misolida natija boshqacha bo‘ldi‑yu lekin, umuman olganda, o‘z o‘g‘ling, qizing va kuyovingga ishonib, ularga iqtisodiy resurslarni topshirish hokimiyatni tutib turishning bir usulidir.

Ozodlik: Aliyevni keyinroq turli ayblovlar bilan sirtdan 20 yilga qamoqqa hukm qilishgan edi. O‘zbekistonda sobiq prezidentning qizi, hali otasi hayotligida‑yoq ta’qibga uchragan va hozirda qamoq muddatini o‘tayotgan Gulnora Karimovani misol keltirish mumkin. Oila a’zolarining haddan ziyod vakolatlari rahbarlarning o‘ziga zarar berishi mumkin. Nima deb o‘ylaysiz, Mirziyoyev nega avvalgi prezidentlar va ularning oila a’zolari taqdiridan xulosa chiqarmadi?

Pol Stronski: Men Mirziyoyev emasman, uning kallasida nima xayollar borligini bilmayman. Lekin bunaqa tendensiyalarga reaksiya hamisha bo‘ladi. Bu mamlakatlarni idora qilayotganlar iqtidorda bo‘lgan vaqtidan o‘z oilasi farovonligi uchun foydalanadi. Ularning davri besh yil, o‘n yil davom etishi mumkin va ular bundan mumkin qadar foyda chiqarishga harakat qilishadi.

Bu mamlakatlar – prezidentlari nafaqaga chiqqach sevimli mashg‘uloti bilan hayotini davom ettiradigan, hatto prezidentlik davridagidan ko‘proq pul ishlab topadigan Qo‘shma Shtatlar emas. Biroq, mening nazarimda, qarindoshlarni hokimiyatga jalb qilish vaziyatni barqarorlashtirmaydi, balki teskari effekt beradi. Ko‘p hollarda bu qarshi reaksiyani keltirib chiqaradi.

“TO‘LA XO‘JAYIN” MIRZIYOYEV HAMDA “HOKIMIYATNI JAMLAY OLMAGAN” TOQAYEV

Ozodlik: O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham hokimiyat tepasida – hisob bo‘yicha ikkinchi prezidentlar. O‘zbekistonda Mirziyoyevning iqtidorda qolishi tushunarli, ammo Toqayev-chi? Kelgusi saylovda nomzodini qo‘yarmikan?

Pol Stronski: Menimcha, bu Toqayevning o‘ziga, Nazarboyevga va siyosiy vaziyatga bog‘liq. Toqayev qandaydir o‘tish davri uchun belgilangan odammi, yo‘qmi – bu savolga hamon aniq javob yo‘q.

Qozog‘istondagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat juda murakkab. Shu bois voqealar qay yo‘sin rivojlanishini bashorat qilish qiyin.

Mirziyoyev yana saylanishi tushunarli. Ammo u Konstitutsiyani o‘zgartiradimi yoki islohotlar o‘tkazadimi? Biron real o‘zgarishlar yuz beradimi, yoki shunchaki hokimiyat tepasida o‘tiradi xolosmi?

Qozog‘istonda ham ayrim markerlarni diqqat bilan kuzatishimiz kerak. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy traektoriyasi Toqayevning hokimiyatni saqlab qolishiga yo‘l qo‘yadimi yoki elitalar boshqa odamni iqtidorga keltiradimi?

Ozodlik: Bu – O‘zbekistonda to‘la hokimiyatga ega prezident bor, Qozog‘istonda esa yo‘q deganimi?

Pol Stronski: Ha, Mirziyoyev yagona yetakchi, u butun hokimiyatni qo‘lida jamlagan, ko‘plab siyosiy raqiblarini qamoqqa tashlagan. Toqayev hokimiyatni jamlay olmadi. U siyosiy tandemning bir qismi. Uning ixtiyorida hokimiyatning qancha bo‘lagi mavjudligi mavhum qolmoqda. Xullas, ikki mamlakatdagi siyosiy tizimlar turlicha. Birida – hokimiyat Mirziyoyev qo‘lida to‘plangan, boshqasida esa Toqayev va Nazarboyev sheriklikda boshqarmoqda.

XS
SM
MD
LG