Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 9 yoshli qizni bosib ketgan haydovchilarga sud hukmi o‘qildi.
Kun.uz nashrining sud hukmiga tayangan holda yozishicha, fuqarolar Faxriddin Amanbaev va Nasimjon Amirov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-modda 2-qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan. Ular ikki yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgani holda shuncha muddatga qamalgan.
Tergov hujjatlariga ko‘ra, Amanbaev va Amirov (har ikkisi 1976-yilda tug‘ilgan) Xatirchi tumani hududidan o‘tuvchi 4R48 avtomobil yo‘lining 126-127-kilometri oralig‘ida bir-birini quvib o‘tish maqsadida BYD mashinalarini katta tezlikda boshqargan. Oqibatda Amirov piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan voyaga yetmagan SH.SH.ni mashinasi bilan urib ketgan. Ortidan kelgan sherigi yiqilgan qizaloqni bosib o‘tgan. Qiz voqea joyida jon bergan.
Fojiali YTH joriy yil 1-iyul kuni ro‘y bergan.
Sudda har ikki haydovchi aybiga iqrorlik bildirgan hamda mashinani katta tezlikda boshqarib, bir-birini quvib o‘tishga harakat qilganini tan olishgan.
Keyinchalik haydovchilardan biri yil mobaynida 12 marta radarga tushgani, YTH sodir bo‘lgan piyodalar o‘tish joyiga 2024-yil birinchi chorak yakuniga qadar o‘rnatilishi kerak bo‘lgan tugmali svetofor mablag‘ ajratilmagani sababli o‘rnatilmay qolgani o‘rtaga chiqqandi.
Jamoatchilik vakillari so‘nggi vaqtlarda piyodalar o‘limiga sabab bo‘layotgan YTHlar ko‘payganidan xavotir bildirib keladi.
Noyabr oyida Samarqand va Andijondagi avariyalarda o‘quvchilar nobud bo‘lgandi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2022- yilda ro‘y bergan 9902 ta YTHda 2356 kishi o‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda qayd etilgan 9839 ta YTHda 2282 kishi, jumladan, 263 nafar bola vafot etgan.
Faollar YTHlar oqibatidagi o‘limlar yuzasidan siyosiy javobgarlik masalasini ham ko‘tarishgan.