Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:42

"To‘qtag‘ul"da suv xavfli darajada kamaydi – bu O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?


"To‘qtag‘ul" suv omborida suv sathi "o‘lik zona"ga tushish xavfida qoldi.
"To‘qtag‘ul" suv omborida suv sathi "o‘lik zona"ga tushish xavfida qoldi.

Qirg‘iziston energetika tarmog‘ining “yuragi” hisoblangan “To‘qtag‘ul” suv omboridagi suv hajmi mart oyi boshida so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichga tushdi.

Agar suv 6,5 milliard kub metr suvdan pastga tushsa, To‘qtag‘ul GESida favqulodda vaziyat yuzaga keladi.

“To‘qtag‘ul” suv omborida o‘tgan yilning bu paytida 7 milliard 753 million kub metr suv bor edi. O‘tgan yilning shu paytida esa 8 milliard 35 million kub metr suv bor edi, ya’ni 256 million kubometrga kamaygan”, deydi Qirg‘iziston Energetika vaziri Talaybek Baygaziyev.

Vazirning aytishicha, kunlarning sovib ketganligi sababli respublika kuniga limitdagi 54 million o‘rniga 69-70 million kvt soat elektr energiyasi ishlatyapti. Bu esa o‘z navbatida suv sathining tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Ўзбекистонда сувсизлик. Яқинлашаётган фалокатнинг ечими борми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:47:14 0:00

Ayni paytda, energetika bo‘yicha ekspert Rasul Umbetaliyevning fikricha, “To‘qto‘g‘ul”dagi hozirgi suv sathi kelasi yilga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin:

“Qishning boshida biz importga tayandik. O‘tgan yili Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonda sovuq bo‘lgani uchun bizga elektr energiyani to‘liq yetkaza olmadilar. Shuning uchun suv omboridan suvning oqimi ko‘payib ketdi, 780-800 kub sekund darajasiga borib qoldi. Agar har yili 1-oktyabr kuni u yerda 15 milliard kub metrdan kam suv to‘plansa, bu keyingi yil uchun xavf tug‘diradi. Sovuq havo 15-aprelgacha davom etishi kutilmoqda. Bu shuni anglatadiki, elektr energiyasi iste’moli oshadi va omborda suv kam bo‘ladi”.

Qirg‘izistonlik energetika masalalari bo‘yicha ekspert Raimbek Mamirovning aytishicha, hozircha ko‘ngilni ko‘taradigan prognoz yo‘q:

“Davlatlararo kelishuvga muvofiq, Qirg‘iziston O‘zbekiston va Qozog‘istonga belgilangan suvni beradi. Shuning hisobidan biz O‘zbekistondan elektr energiyasi olamiz va suv ko‘paygan vaqtda elektr energiyasi ishlab chiqarib, qaytaramiz. Lekin hozir vaziyat ancha tashvishli. Birinchi aprelga borib mo‘ljallangan suvni yig‘a olmaymiz degan xavotir bor. Albatta, ma’lum bir qiyinchiliklar bo‘ladi. Chunki, kelgusi isitish tizimi boshlanguncha “To‘qtag‘ul”da kerakli suvni yig‘ib olish kerak. Qirg‘iziston suvni ko‘p yig‘ishi uchun ko‘proq elektr energiyani import qilishi kerak. Endi bu yog‘ingarchilik qanday bo‘lishiga bog‘liq, ammo, afsuski prognozlar hozircha ko‘ngilni ko‘taradigan emas”.

“To‘qtag‘ul” GESida suv miqdorining kamayib ketishi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ham jiddiy talafotlar olib kelishi mumkin.

Zero, “To‘qtag‘ul” suv ombori shakllangan Norin daryosidan O‘zbekiston hududidagi Katta Farg‘ona kanali, Shimoliy Farg‘ona kanali suv oladi.

Norin quyiladigan Sirdaryo esa Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent viloyatlari qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlab, Qozog‘istonga o‘tib ketadi.

“To‘qtag‘ul”dagi holat o‘zbekistonlik mutaxassislar va fermerlarni ham jiddiy tashvishga solmoqda.

Ozodlik O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatiga maktub yozib bu holat O‘zbekiston tomonini qanchalik xavotirga solayotgani haqida so‘radi. Javob bunday bo‘ldi:

“Albatta, ushbu holatdan O‘zbekiston tomoni tashvishlanayapti. Uch tomonlama bitim shartlari bajarilishi bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, Tojikiston energetika va suv xo‘jaligi vazirligi bilan 2024-yil vegetatsiya davri uchun O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi uch tomonlama bitim doirasida ishlar amalga oshirilib, suv ta’minoti yaxshilanishiga erishiladi”.

Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uch qo‘shni mamlakat energetika va suv xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, To‘qtag‘ul suv omboridan suvni kamroq chiqarish maqsadida joriy yil 6-7-martdan boshlab Qozog‘iston va O‘zbekiston energetiklari tomonidan Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib beriladi va ushbu ombordan suv chiqarish ancha kamayadi.

Bu esa Qirg‘iziston tomoni sug‘orish davrida o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq suv berishiga imkon yaratadi.

Texnika fanlari nomzodi, irrigator Tohir Majidov esa bu muamoga optimist nazari bilan qaraydi. Mutaxassis fikricha, may oyidagi yog‘inlar sabab To‘qtag‘ul suv omboriga ancha suv yig‘ishga muvaffaq bo‘linadi:

“Men olgan ma’lumotlarga ko‘ra, may oyida katta yog‘ingarchilik bo‘ladi. Qor ham yaxshi yog‘di, samolyotda uchsangiz ko‘rasiz, tog‘ o‘rkachlari ham ko‘rinmay qolgan. Suv omborlari sathi tushib ketayotgani haqiqat, chunki qish paytida elektr energiya olish uchun ko‘proq suv tashlanadi. Mening fikrimcha shu uch oyning ichida To‘qtag‘ulda minimum 12, maksimum 14 milliard metr kub suv yig‘iladi”.

O‘zbekistonda suv tanqisligi yildan-yilga jiddiy muammoga aylanmoqda.

Hukumat suvni tejash dasturlarini joriy qilish bo‘yicha bir qancha qarorlar qabul qilgan bo‘lsa-da, ammo tomchilatib sug‘orish kabi texnologiyani ommalashtira olgani yo‘q.

Chunki, katta kredit evaziga sotib olingan tomchilatib sug‘orish uskunalarining sifatsizligi, ularni o‘rnatib va ishlatib berish bo‘yicha mutaxassislar bilan ta’minlangani oqibatida, fermerlarning iddao qilishicha, ko‘pchilik bu “matoh”ni ishlata olmay yig‘ishtirib qo‘ya qoldi:

“Tomchilatib sug‘orish ham shaffof bo‘lishi kerak, unga korrupsiya aralashmasligi kerak. Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaliklari vazirliklari buni o‘zlari qo‘lga olishi kerak. Masalan, Xitoydan o‘nta, Isroildan o‘nta shunaqa texnologiya olib kelib ishlatib kuzatish kerak. Keyin sinovdan o‘tgan firmalarga tender o‘tkazish kerak, bo‘lmasa tanish-bilishchilik bo‘lib qolyapti. Ko‘pchilik qo‘yganlar xonavayron bo‘ldi, fermerlar dod deyapti. Chunki texnologiyani ishlashiga kafolat beradigan hech kim yo‘q, hech kim uni nazorat qilmaydi, pulni o‘zlashtiryaptida, yo‘q bo‘lib ketyapti. Bizda qayerda byudjetdan pul chiqadigan joy bo‘lsa, subsidiya bo‘lsa, ana o‘sha erda haromxo‘rlar ko‘payib ketadi”, deydi namanganlik fermer Qosimjon Mamajonov.

Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishga sarf bo‘ladigan suv tejab ishlatilsa yana shuncha maydondagi ekinlarni yoz bo‘yi sug‘orish imkoni bo‘ladi.

Ammo, hozircha hukumatning suv tejash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni ommalashtirish urinishlari keng ko‘lamli natija bermayapti.

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda ekinlarning vegetatsiya davri uchun oxirgi bashoratlar va suv ta’minoti foiz ko‘rsatkichlari aprel oyining birinchi o‘n kunligida beriladi.

Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, yog‘ingarchilik miqdori o‘tgan yilga nisbatan 15-20 foiz ko‘proq ekanligi ma’lum.

Norin va undan paydo bo‘ladigan Sirdaryo O‘zbekistondagi beshta viloyat, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarini suv bilan ta’minlaydi.

Hozircha bu daryo va unga bog‘liq qishloq xo‘jaligi erlarining taqdiri, bahorgi yog‘ingarchiliklar va Qirg‘iziston tomonining "To‘qtag‘ul"da qancha suv g‘amlashiga bog‘liq.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning suvni tejash masalasiga bag‘ishlangan so‘nggi topshirig‘i kanal va ariqlarni betonlash haqida bo‘ldi. Bu topshiriq o‘tgan yilning 29-noyabr kuni selektor yig‘ilishida aytilgan edi.

Shundan so‘ng bu topshiriq ham kampaniyabozlik tusini oldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ariqlar ichida o‘sgan daraxtlar ham qo‘shib betonlab ketilgan suratlar paydo bo‘ldi.

O‘zbekistonda suv resurslarining 20 foizi mamlakatning o‘zida, qolgan qismi esa qo‘shni davlatlarda shakllanadi.

Suv manbalarining kamayishi ta’sirida O‘zbekistonda 2030-yilga borib suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinayapti.

XS
SM
MD
LG