Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2020, Тошкент вақти: 15:55

Tog‘li Qorabog‘: Armaniston tinchlik sulhiga binoan Ozarbayjonga Kelbajar tumanini topshirishni boshlaydi (VIDEO)


Hududni bo‘shatayotgan armanilarning ayrimlari o‘z uylarini yoqib yubormoqda, 13 - noyabr, Tog‘li Qorabog‘

15 - noyabr kuni Armaniston Tog‘li Qorabog‘ mintaqasida olti hafta davom etgan urushni tugatgan tinchlik shartnomasi doirasida Ozarbayjonga ushbu hududning bir qismini o‘tkazib berishni boshlashi kutilmoqda.

14 - noyabr kuni Ozarbayjonning bir necha o‘n yil davomida etnik armanlar nazorati ostida bo‘lgan Kelbajar tumani aholisi o‘z uylarini tark etishni boshladilar.

Ozodlik arman xizmatning xabar qilishicha, hududni bo‘shatayotganlarning ayrimlari o‘z uylarini yoqib yuborgan.

Kelbajarda 1990 - yillar boshida sodir bo‘lgan urushdan oldin asosan etnik ozarbayjonlar istiqomat qilar edi.

Urush davomida etnik armanlar ularni haydab chiqargan. Ya’ni, bugungi kunda bo‘shatilayotgan uylarning aksari avval ozarbayjonlarga tegishli bo‘lgan.

Hududni Ozarbayjonga berishdan oldin armanlar Dadivank monastiriga so‘nggi marta bordilar. 14 - noyabr kuni monastir yaqiniga Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgan edi.

Kremlning ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 14 - noyabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga Tog‘li Qorabog‘dagi xristian ziyoratgohlarini himoya qilishni aytgan.

Aliyev matbuot xizmati tarqatgan bayonotda prezident nasroniylarning muqaddas joylarini himoya qilishga va’da bergani aytiladi.

Rossiya vositachiligida imzolangan tinchlik bitimiga ko‘ra, Armaniston keyingi 2,5 hafta ichida Kelbajar va yana ikki tumanni Ozarbayjonga qaytarishi kerak bo‘ladi.

Kelbajar singari bu tumanlar 1994 - yilda tugagan urushdan beri arman ayirmachilari nazoratida qolib kelayotgan edi.

10 - noyabr kuni e’lon qilingan tinchlik sulhi 5 mingga yaqin odam umriga zomin bo‘lgan harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatdi.

Ammo kelishuv Tog‘li Qorabog‘ning yirik qismini hamda Boku qo‘shinlari egallab olgan hududlarni Ozarbayjonga o‘tkazib berayotgani uchun ko‘plab arman uni tan olmayapti.

Kelishuvga binoan 2 000 nafar Rossiya tinchlikparvar harbiysi mintaqaga safarbar qilinadi. Kelishuv e’lon qilinishi ortidan 200 nafar rossiyalik harbiy Armanistonga yuborildi.

Rossiya harbiylari hududga kelganidan keyin, Armaniston va Ozarbayjon halok bo‘lgan askarlar mayitlarini almashdi.

Xalqaro miqyosda Ozarbayjon hududi o‘laroq tan olingan Tog‘li Qorabog‘ni 1994 - yildan beri Armaniston dastaklab kelayotgan armanlar boshqarib keladi.

Joriy yilning 27 - sentabrda mintaqada navbatdagi harbiy to‘qnashuvlar boshlanib ketdi.

Kelishuv imzolangani haqidagi xabarni Ozarbayjon xalqi bayramona kayfiyat bilan kutib oldi. Armanistonda esa kelishuv imzolangani siyosiy bo‘hron keltirib chiqardi. Yerevanda norozilar hukumat uyini va parlamentni ishg‘ol qildilar.

11 - noyabr kuni 10 nafar muxolifat yetakchisi «ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishda» ayblanib, hibsga olindi.

Muxolifat bu holatni keskin qoraladi va natijada, ikki kun o‘tib qo‘lga olingan muxolifat yetakchilari qo‘yib yuborildi.

XS
SM
MD
LG