Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:00

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi: Armanlar Rossiyani «xaloskor» o‘laroq ko‘rmoqda


Askeran tashqarisidagi nazorat-o‘tish nuqtasidagi rus askari - 20 -noyabr, 2020
Askeran tashqarisidagi nazorat-o‘tish nuqtasidagi rus askari - 20 -noyabr, 2020

Ozarbayjonning bo‘lginchi Tog‘li Qorabog‘ hududida sodir bo‘lgan harbiy to‘qnashuvlar davomida ayrim armanlar Armanistonning uzoq yillik hamkori Rossiya ularga yordam ko‘rsatmayotganidan shikoyat qildilar.

Ammo Yerevanda Kremlga qaratilgan tanqidlar susaydi, chunki 10 - noyabr kuni Moskva vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bitimi imzolandi. Unga binoan, mintaqaga Rossiyaning 2000 ga yaqin tinchlikparvar qo‘shinlari yuboriladi.

Siyosiy tahlilchi Richard Giragosyan Ozodlikka bergan intervyusida hozirda ko‘plab armanlar Rossiyani arman kuchlarining hududiy yo‘qotishlari uchun ayblamay, aksincha, Moskvani «xaloskor» sifatida ko‘rayotganlarini aytdi.

«Bu qiziq paradoks, chunki 45 kunlik urush davomida Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ ichida Rossiya o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda passiv va mulohazali ish tutayotgani haqida ma’lum bir g‘azab va umidsizlik mavjud edi», - dedi Giragosyan.

«Rossiya zudlik bilan yordamga kelmadi va Tog‘li Qorabog‘dagi ko‘plab armanilarning xavfsizlik bo‘yicha umidlari amalga oshmadi», - deya so‘zini davom ettirdi tahlilchi.

«Ayni damda, Rossiya xavfsizlik bo‘yicha [Armaniston oldidagi] majburiyatlari Armaniston chegarasida to‘xtashini aniq izhor qildi. Rossiya Tog‘li Qorabog‘ni emas, balki Armaniston Respublikasini mudofaa qiladi, himoyalaydi va yordam beradi», - dedi Giragosyan.

Pensilvaniya shtatidagi Lixay universiteti xalqaro aloqalar professori Arman Grigoryan:

«Oxir oqibat, Rossiyaning sa’y-harakatlari bilan urush to‘xtatildi. Rossiyaning sa’y-harakatlarisiz urush natijasi armanlar uchun yomonroq bo‘lar edi, deb ayta olamiz», - dedi.

Grigoryan 26 - oktabrda Vashington vositachiligida imzolangan sulh shartnomasi hech qanday natija bermagani va Fransiya hamda AQSh «xayrixoh bayonotlar» bilan cheklanganini aytdi.

«Men ular yoki boshqa biron bir davlat Armanistonga harbiy yordam ko‘rsatishga harakat qilgani yoki urushni to‘xtatish uchun Ozarbayjonga sanksiyalar bilan yoki boshqa narsalar bilan tahdid solganini ko‘rmadim», - dedi qo‘shimcha qildi Grigoryan.

Tahlilchilar Yerevan hukumatining rasmiy bayonotlari va Armaniston ommaviy axborot vositalari xabarlari tahlili asosida mamlakatda Rossiyaga bo‘lgan qarashlar dinamikasini kuzatmoqdalar.

Giragosyan 27 - sentabr kuni harbiy to‘qnashuvlar boshlanib ketganidan keyin Pashinyan Rossiyaga besh marta qo‘ng‘iroq qilib, «deyarli yolvorib» harbiy yordam so‘raganini aytdi.

Shuningdek, Armaniston hukumati o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik shartnomasiga binoan Rossiyadan qanday yordam kutishi mumkinligiga aniqlik kiritishni so‘radi.

Urush tugab, mintaqaga Rossiya qo‘shinlari kiritilganidan keyin Pashinyan Kremlni maqtay boshladi.

21-22 - noyabr kunlari Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va mudofaa vaziri Sergey Shoygu sulhni amalga oshirishni muhokama qilish uchun Yerevanga tashrif buyurdi. Uchrashuvlar davomida Pashinyan Rossiya ishonchli ittifoqchi ekanini ta’kidladi.

Bu boshida g‘arb davlatlari bilan yaqindan aloqa o‘rnatish tarafdori o‘laroq ko‘rilgan Pashinyan uchun muhim o‘zgarishdir.

Giragosyanning aytishicha, urush ortidan Armaniston «Rossiya ta’sir doirasida mangu qolishini» kutish mumkin.

Rossiya vositachiligida imzolangan sulhga binoan, Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofida egallab olgan barcha hududlar Boku nazoratida qoladi. Armaniston qo‘ldan boy berilgan hududlarni 1 - dekabrgacha bo‘shatishi kerak.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tog‘li Qorabog‘ning yakuniy maqomi hal qilinmagani va mojaroga yechim topish uchun Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) qoshida tuzilgan Minsk guruhi doirasida muzokaralar davom etishini aytdi. Minsk guruhiga Rossiya, Fransiya va AQSh hamraislik qiladi.

XS
SM
MD
LG